Ma'naviyat 10.09.2019 25

HAYOT KUZATUVLARIDAN QAYDLAR

Omadsizlarning aksariyati omadlilarga nafrat ko‘zi bilan qaraydilar.

* * *

Bir kishining ham, millatning ham tili va urf-odatini bilmasdan qalbini zabt etib bo‘lmaydi.

* * *

Diniy ilmdan yaxshi xabardor, taqvodor insonlar boshqa din vakillariga ham yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatadilar.

* * *

Aksariyatimiz ajdodlardan qolgan eng katta ma’naviy boyliklar -  turli  alifboda yozilgan kitoblarni o‘qishdan mahrummiz.

* * *

Nomi ulug‘,  unvonu nishon sohiblarining aksariyati o‘z davru zamonida baxtli-saodatli va zavqu shavq bilan yashaganlar. Ularni o‘zi yashab o‘tgan davlatu tuzumdan jabrlangan qilib ko‘rsatishga urinmaylik.

* * *

G‘alaba qilishiga ishonchi bo‘lmagan kishi yo kurashga kirmaydi yoxud mag‘lub bo‘ladi.

* * *

Tanqid - asosliligi va taklif bilan ta’sirlidir.

* * *

Kamchiliklarini oshkora aytishga qodir jamiyat, o‘zini o‘zi tanqid  va muammolarini bartaraf qilish borasida bahs qila oladigan elu xalqgina illatu nuqsonlaridan tezroq soqit bo‘ladi.

* * *

Asossiz haqorat — andishasizlik va adabsizlikning yaqqol namunasidir.

* * *

Yaxshi mutaxassislar har qanday davru zamonda o‘z o‘rnini topib yashaydilar.

* * *

Ko‘pchiligimiz "o‘tmish sarqitlari"ni qoralab e’tiborga tushishni, amal va unvonu nishon sohibi bo‘lishni istaymiz.

* * *

Ikki kishiga ham,  ming kishiga ham bir boshliq kerak.

* * *

Aksariyatimiz hamisha haqlikka da’vogarlik qilamiz.

* * *

Islohotlarning samarasini faqat vaqt ko‘rsatadi, kelajak baholaydi.

Abdishukur OMONOV