Ma'naviyat 08.10.2019 25

Hayot kuzatuvlaridan qaydlar

Katta ishlarga qodir bo‘lmaganlar mayda-chuyda tashvishlar va "tirikchilik" bilan ovunadilar.

* * *

Fikrlash, taqqoslash va yangilikka intilishni odat qilmagan xodimdan yaxshi rahbar chiqmaydi.

* * *

Jamiyatning qaysidir bo‘g‘inida illat paydo bo‘lsa, butun jamiyatga ta’sir qiladi.

* * *

Vakolatli mansabdorning xalqu davlat mulkini firibgarlik bilan o‘marishi ko‘plab vakolatsizlarning firibgarligidan ko‘ra kattaroq zarar keltiradi.

* * *

Rahbar insoniy fazilatlari, keng dunyoqarashi, odob-axloqi va muomala madaniyati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lmog‘i kerak.

* * *

Aksariyat korrupsionerlar korrupsiya haqida ko‘proq maddohlik qiladilar.

* * *

Mulk va amalga erishish vaqtinchalik erishilgan omaddir. Haqiqiy baxt umr yakuni, farzandu nabiralar hayoti va taqdiriga qarab baholanadi.

* * *

Fan, adabiyot,  san’at, madaniyat  orqali millat tafakkuri va ijodiy salohiyati namoyon bo‘ladi.

* * *

Ko‘pchiligimiz mulku amal va unvonu nishon qulimiz.

* * *

Isrofgarchilikning oqibati - qashshoqlik va faqirlikdir.

* * *

Rahbarlik lavozimida ishlab ko‘rmaganlarning aksariyati  boshqalardan ko‘ra rahbarlarni ko‘proq yomonlaydilar.

* * *

Biz o‘zimiz bilmagan yoxud bilsak-da, tan olmagan qusurlarimizni chetdan kuzatib turganlar yaxshi anglab turadilar.

* * *

Mansabdorlar o‘zidan katta mansabdorlarning izmidan chiqa olmaydilar.

* * *

Sodda va samimiy odamlarning "ayyorligi" ham jaydaricha bo‘ladi.

* * *

O‘rtamiyona ijodkorlarning aksariyati  buyuklikka, kichik mansab egalari  katta amallarga da’vogardirlar.

Abdishukur OMONOV