So'nggi yangiliklar 30.07.2019 40

Hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Yaqinda Yakkabog‘ tumani Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasida hokimlik mulozimi va mahalliy tadbirkor o‘rtasida yuzaga kelgan holat videosi qator nashrlar tomonidan internet tarmog‘i orqali tarqatilgach, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Unda tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini buzishga urinishi va mulkdorning bunga  qarshilik ko‘rsatib amalga oshirgan xatti-harakatlari aks etgan.

Ana shu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 Unda qayd etilishicha, Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyini noqonuniy ravishda buzishga bo‘lgan xatti-harakati o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqilgan.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, tuman hokimi Donayev Shohmurod Xolboyevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Tuymayev Mansur Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z muxbirimiz