Jamiyat 20.08.2019 33

HOKIMLAR VAKOLATLARI QISQARTIRILIB, JAVOBGARLIGI KUCHAYTIRILMOQDA

Qonun ijodkorligi

HOKIMLAR VAKOLATLARI QISQARTIRILIB, JAVOBGARLIGI KUCHAYTIRILMOQDA

Bu qanday natija berishi mumkin?

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2019-yil 13-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida"gi farmon imzolandi.

Maqsad - tadbirkorlikni rivojlantirishda byurokratik to‘siqlar va sansalorliklarning oldini olish, davlat himoyasida bo‘lgan xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, mansabdor shaxslar o‘zboshimchaligining oldini olish va bunday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yganlarning javobgarligini oshirishga qaratilgan.

Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi  Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari xususiy mulk daxlsizligiga oid qonun normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bosh prokuratura va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, mulk huquqini noqonuniy cheklash va undan mahrum qilish, mulkni olib qo‘yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish va mansabdor shaxslar tomonidan qonunbuzarlik holatlarining oldini olish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga, birinchidan, tadbirkorlik subyektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish; ikkinchidan, har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish; uchinchidan, tadbirkorlik subyektlari ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish taqiqlandi.

Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berildi.

 2019-yil 1-sentabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, ta’lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan, kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etildi. Unga muvofiq foydalanilmayotgan aktivlarning mulkdorlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va "Davergeodezkadastr" qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining tegishli so‘rovi kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki oy muddatda balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti bilan kelishilgan, foydalanilmayotgan obyektlar va bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha "yul xaritasi"ni taqdim etishi kerak.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim vazifalari belgilab berildi. Aholini tadbirkorlik  faoliyatiga keng jalb qilish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlar bilan ishlashni kuchaytirish ana shu vazifalardan hisoblanadi.

2019-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat "E-IJRO AUKSION" savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq yer uchastkalari berish hollari bundan mustasno ekanligi belgilandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu tartibni buzganlik uchun shaxsiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga "YERELEKTRON" avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi berildi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda "Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka   mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonining bozor qiymatida to‘liq qoplanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritish topshirildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilab berildi. 2019-yil 1-oktabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Bosh vazir qabulxonalarining hududiy bo‘linmalari rahbarlarini o‘z faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, tegishli hududda ularning sonini oshirish yuzasidan rag‘batlantirish va javobgarligini kuchaytirish tizimi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maqsadida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari orasidan jamoatchilik kengashlari tuzilishini hamda ushbu kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanishini ta’minlash topshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga tashkil etiladigan jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari