Jamiyat 19.07.2019 69

HOKIMLIK NEGA BIR TADBIRKORGA KO‘P USTUNLIK BERGAN?

Qaror va ijro

Sog‘lom raqobat bor joydagina jadal rivojlanish bo‘ladi. Ayniqsa, iqtisodiyot, biznes sohasida bu juda kerak. Ushbu jabhada aynan halol raqobat muhiti sifat o‘sishini ta’minlab beradi. Aytaylik, ikki tadbirkor bir turdagi mahsulot ishlab chiqaradi. Ular o‘zi istamasa-da, bozorni egallash, xaridorni jalb qilish uchun kurashadi, raqobatga kirishadi. Imkon qadar eng yaxshi mahsulotni taqdim etish payida bo‘lishadi. Buning uchun faoliyatiga yangiliklar olib kiradi, zamonaviy texnologiyalarga yuzlanadi. Asosiysi, bundan barcha birdek yutadi, hatto muayyan hudud iqtisodiyoti raqobatbardoshligi ham oshadi.

Bugun yurtimizda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan siyosat ham shunga qaratilgan. Prezidentning 2019-yil 14-yanvardagi "Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonidan ham qator maqsadlar ko‘zlangan. Mazkur hujjatda qayd etilganidek, ilgari monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishi holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali tekshiruvlar o‘tkazish uchun vakolatli organda huquqlar va institutsional potensial yetarli emas edi.  Qolaversa, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar xalqaro standartlar va bugungi kun talablariga javob bermagan. Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash tizimi yo‘q edi hamda tovar va moliya bozorlarini tahlil qilish usullari eskirgandi. Ushbu omillar esa tegishli islohotlarni samarali amalga oshirish va respublikani jadallik bilan innovatsion rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgandi.

Shularni e’tiborga olib, davlat rahbarining 2019-yil 24-yanvardagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi alohida davlat organi sifatida tashkil etildi. Shu tariqa davlat siyosatining raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish sohasidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Endilikda mazkur tuzilma bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun teng imkoniyatlar taqdim etilishini nazorat qiladi, ruxsat berish tartib-tamoyillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari ko‘rsatish hisobiga ularga teng shart-sharoitlar va xo‘jalik faoliyati erkinligi berilishini ta’minlaydi. Shuningdek, ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sifatini oshirish, narxlarning asossiz oshib ketishini cheklash va shuning hisobidan ichki talabni yuqori darajada qondirishni ta’minlash uchun sharoit yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashkilot zimmasiga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun huquqiy ta’sir ko‘rsatish choralarini kuchaytirish va bir vaqtning o‘zida huquqni qo‘llashda keng ixtiyor beradigan vakolatlarni bekor qilish, "kartel" kelishuvlar va til biriktirishlar kabi raqobatga qarshi harakatlarning murakkab turlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida huquq-tartibot organlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish vazifalari yuklatilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyat boshlaganidan so‘ng joylarda sohaga oid qonunchilik ijrosi holatini o‘rganishga kirishildi. Viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan mahalliy hokimiyat organlari qabul qilgan qarorlarning raqobat muhitiga ta’siri baholandi. 2019-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra jami 5 ta tuman hokimligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan joriy yilning 1- yanvaridan 1-iyuniga qadar qabul qilingan qaror, buyruq, farmoyish, bayonnoma va aloqa xatlarining raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Buning natijasida ayrim qonunbuzilish holatlari aniqlanganini alohida qayd etish lozim.

Ma’lum bo‘lishicha, Kasbi tumani hokimligi tomonidan tegishli davrda jami 2219 ta qaror va 40 ta farmoyish qabul qilingan hamda  49 ta yig‘ilish bayoni rasmiylashtirilgan va 763 ta aloqa xati yozilgan. Shundan 14 ta holatda O‘zbekiston Respublikasining "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga zid ish ko‘rilgan. Ya’ni tuman hokimligi tomonidan mazkur qonunning 12-moddasi 1-qismi 4- va 7-xatboshlarida ko‘zda tutilgan qonunbuzarlik holati sodir etilganligi oydinlashdi. Jumladan, tuman hokimining 2019-yil 27-apreldagi 01-03/743-sonli xati bilan "Qishloq qurilish invest" IK MCHJ direktoriga 2019-yilda Mushqoqi MFY hududida IIB profilaktika inspektori uchun 1 qavatli, 3 xonali, 0,02 sotix yer maydoniga ega bo‘lgan bir dona xizmat uyi qurish uchun "Ekspress Bunyodkor" KTICHK tavsiya etilgan.

Natijada bu bilan ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklar asossiz ravishda berilishiga hamda ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun   boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilanishiga yo‘l qo‘yilgan. Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan mazkur holatlar yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Dehqonobod tuman hokimligi ham 21 ta holatda O‘zbekiston Respublikasining "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonuni talablariga xilof ish tutgan. Misol uchun, 2019-yil 13- apreldagi 01/292-sonli xat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga Dehqonobod tumani Otqamar MFY hududidagi 31 gektar yer maydonida "KVARTS" AJning dolomit qazib olish maqsadida geologik qidiruv ishlarini olib borishi uchun litsenziya olish bo‘yicha tanlovda g‘olib chiqqan taqdirda hamda Dehqonobod tumanidan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yer ajratilishi to‘g‘risida kafolat xati bergan.

Yana bir holat. Nishon tumani tibbiyot birlashmasining Talimarjon shahridagi 40 o‘rinli filialini ta’mirlash va qurilish ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan, bir paytda tuman hokimligi tomonidan Qashqadaryo viloyat injiniring kompaniyasi boshlig‘i nomiga yo‘llangan 2019-yil 4-yanvardagi 01-06/1-sonli xatda tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan "Ilxom maxsus ixtisoslashgan qurilish" MCHJga ushbu qurilish ishlarini amalga oshirishi uchun ishonch bildirib kafolat berilgan. Bu esa alohida bir xo‘jalik yurituvchi subyektga asossiz ravishda muayyan ustunlik va imtiyoz taqdim etilishiga olib kelgan. Albatta, mazkur xatti-harakat sog‘lom raqobat muhitiga putur yetkazadi.

Shunday holatlarga Muborak tumani misolida ham bir necha bor duch kelindi. Masalan, hududdagi bog‘chalarni zarur mebel jihozlari bilan ta’minlashga ehtiyoj tug‘ilgan. Bu o‘rinda esa tuman hokimligi mutasaddilari noxolis ish qilishgan. Hokimlikning 2019-yil 16-yanvardagi 06/18-sonli xati bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga shu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish borasida "Muborak avto-qo‘riqchi" MCHJ bilan  shartnoma qilish tavsiya etilgan. Aslida esa mavjud tartibga ko‘ra ta’minotchi ikki yoki undan ko‘p ishlab chiqaruvchi orasidan tanlab olinishi kerak. Bunda barchaga teng sharoit yaratilishi lozim edi.

Navbatdagi vaziyat ham shunga o‘xshash. Muborak tumanida tashkil etilgan kichik sanoat zonasida "Extreme profit" MCHJ tomonidan yuvish vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Tabiiyki, tadbirkor biror mahsulot tayyorlashni tashkil etayaptimi, uni qanday realizatsiya qilish haqida avvalo o‘zi bosh qotirishi kerak. Biroq shu joyda tuman hokimligi ushbu korxonani qo‘llab-quvvatlashni lozim topgan. Qanday qilib, albatta, mahsulotini o‘tkazishga ko‘maklashib. Shu maqsadda tuman hokimligi tomonidan 2019-yil 19-martdagi 1-04/713-sonli xat bilan hududdagi "Muborakneftgaz" MCHJga "Extreme profit" MCHJ ishlab chiqarayotgan xo‘jalik sovunlarini xarid qilish tavsiya etilgan.

Yana bir qonunbuzilish holatiga to‘xtalib o‘tsak. Muborak tuman hokimi 2019-yil 9-mart kuni "Urush qatnashchilari, urushorti mehnat faxriylarini, nogironlar, ehtiyojmand keksalar va nuroniylarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, faxriylarni vatanimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida" 19-F-sonli farmoyish qabul qilgan. Bir qarashda hammasi joyida, qonunga zid ish yo‘qdek ko‘rinadi. Lekin ushbu farmoyishning 1-ilovasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 52 ta tadbirkorlik subyekti, korxona, tashkilot va barcha tijorat banklari homiylikka undalgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 2019-yilning 1-yanvaridan 1- iyuniga qadar jami 101 ta buyruq chiqarilgan, 18 ta yig‘ilish bayoni va 1552 ta aloqa xati yozilgan bo‘lsa, faqat 2 holatda O‘zbekiston Respublikasining "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonuni talablari buzilgan. Xususan, tegishli dasturga ko‘ra Koson tumani Surxon qishlog‘idagi qishloq oilaviy poliklinikasi binosi rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa ushbu qurilish-tiklash ishlarini bajarish borasida "Namunaviy quruvchi" MCHJga "yon bosib", mazkur tashkilotga ishonch bildirgan. Buni esa boshqarma tomonidan 2019-yilning 5-fevralida viloyat hokimi o‘rinbosari, Koson tuman hokimi va viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktoriga yo‘llangan 03-2/341-sonli xat mazmunidan ham bilish qiyin emas.

Albatta, mahalliy hokimliklar va davlat idoralari tomonidan bunday xatti-harakatlarning sodir etilishi joylarda sog‘lom raqobat va qulay ishbilarmonlik muhiti qaror topishiga xalal beradi. Xususiy sektor vakillari orasida davlatning bu boradagi siyosatiga ishonchsizlik ortishiga olib keladi. Hududiy boshqarma viloyatimizda shunga o‘xshash holatlarni bartaraf etish chorasini ko‘rayapti. Yuqorida keltirilgan faktlar yuzasidan ham boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgani fikrimiz tasdig‘idir.

O‘tkir HIMMATOV,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi  viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i