Jamiyat 02.04.2019 45

HOKIMNING SAYYOR QABULIDA 423 TA MUROJAAT MUHOKAMA QILINDI

Xalq bilan muloqot

 Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev aholi bilan yaqindan muloqot qilish, turli muammolarga yechim topish maqsadida Yakkabog‘ tumanida sayyor qabul o‘tkazdi. Unda viloyat hamda tuman hokimligi, Xalq qabulxonasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sektorlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasi ta’minoti, uy-joy, ta’lim va tibbiyot, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan 423 ta murojaat qabul qilindi. Ularning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, muddat talab etiladiganlariga mas’ullar biriktirilib, viloyat hokimligi tomonidan ijrosi nazoratga olindi. E’tiborli jihati, kelib tushgan ko‘plab murojaatlar shaxsiydan ko‘ra umum manfaatiga xizmat qilishi bilan e’tiborli bo‘ldi.

Xususan, Mustaqillik mahallasida yashovchi Buxor Yusupov Eski Yakkabog‘ ichki yo‘li, qabristonni obodonlashtirish, suv masalasida o‘z fikrlarini bayon qildi va ushbu masala joyiga borib o‘rganilib, hal etiladigan bo‘ldi. Qorasuvlik Alim Salayev esa ichimlik suvi va bog‘cha qurish, Daryo qishlog‘ida yashovchi Mahmud Bo‘riyev ko‘prik qurish, kaltaqo‘llik Yusuf Ne’matov yo‘l, bolalar futbol maydonchasi va bog‘cha qurish, tatarlik Nusrat Nurillayev transformator o‘rnatib berishni so‘rab, viloyat hokimi huzuriga kelishdi.

Shuningdek, Cho‘mich mahallasilik Otabek Boyqobilovga murojaatiga asosan gul do‘koni ochish uchun joy ajratilgan bo‘lsa, Ulamji mahallasida yashovchi Dilxush Baxriddinov elektr ta’minoti korxonasiga, galamullalik Roziya Qodirova 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabiga ishga joylashtirildi. Bunyodkor mahallasida istiqomat qiluvchi Salohiddin Umidovga novvoyxona qurish uchun joy, yashnobodlik Bekjon Xolboboyevga 2 mingta kurka boqish sharti bilan eski shiypon binosi ajratib berildi. Tezoblik Salohiddin Mahmudovning murojaati ham atroflicha ko‘rib chiqilib, uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratilishida, nogironlik guruhi olishida yordam ko‘rsatiladigan, qo‘shimchasiga 4 bosh qo‘y ham beriladigan bo‘ldi.

- Viloyat hokimining qabulida noturar joyni turar joy toifasiga o‘tkazib berishni so‘rab murojaat qilgandim, - deydi Chinobod qishlog‘ida yashovchi Shohista Salomova. - Shu kunning o‘zida tuman hokimining qarori imzolanib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi. Muammo tezda hal bo‘lganidan mamnunman.

 Sayyor qabulda eng so‘nggi murojaat kech soat 22:15 da tinglandi va unda ko‘tarilgan masala ham ijobiy hal etildi.

 Viloyat hokimi Kitob va Yakkabog‘ tumanlaridagi sayyor qabullar natijalari bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazib, masalalarning ijrosini muhokama etdi. Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullar, hududiy tashkilotlar rahbarlari axborotlari tinglandi.

 

N.XO‘JAYEV

 Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

 Sobir NARZIYEV olgan suratlar.