Jarayon 10.09.2019 21

HUDUD INVESTITSION JOZIBASI NAMOYISHI

Biznes forum

Joriy yilning 6-7-sentabr kunlari Muborak tumanida bo‘lib o‘tgan Xalqaro biznes forumda 100 million AQSH dollarilikdan ortiq kelishuvlar imzolandi. 

Tadbirda 10 ta davlatdan 30 nafardan ortiq xorijiy ishbilarmonlar bilan bir qatorda mahalliy tadbirkorlar ham faol qatnashdi. 

Forum doirasida tashkil etilgan taqdimotlarda ishtirokchilarga Qashqadaryo, xususan, Muborak tumanining investitsion jozibasini aks ettiruvchi sanoat resurslari, qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari, meva-sabzavotchilik, turizm, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga oid keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mahalliy va xorijlik ishbilarmonlarning o‘zaro muloqotlari tashkil etildi.

Ular natijasida biznes hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, forum davomida xorijlik investorlar bilan Qarshi tumanida meva soklari hamda velosiped ishlab chiqarish (qiymati 5 million dollar), Koson tumanida agrologistika markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish (1 million dollar), G‘uzor tumanida dekorativ oyna ishlab chiqarish (100 million dollar), Nishon tumanida   elektrotexnik mahsulotlar ishlab chiqarish (1 million dollar) kabi loyihalar bo‘yicha hamkorlik yuzasidan aniq to‘xtamga kelinganini yuqori baholash mumkin.

O‘z muxbirimiz