Jarayon 07.06.2019 57

HUJJATLAR TARIXDAN SO‘ZLAYDIGAN MASKAN

9- iyun - Xalqaro arxivlar kuni

Har bir mamlakat, xalq, qolaversa, butun insoniyat tarixini o‘rganishda arxivlarning o‘rni beqiyos. Zero aynan shu muassasalar tufayli o‘tmishning o‘qilmagan va o‘rganilmagan sahifalari ochiladi. Faktlar, voqea va hodisalar, jarayonlar tadqiq qilinib, xulosalar chiqariladi. Yangi rejalar belgilanadi. Arxivlarning ahamiyati inobatga olinib,  2007- yilda Xalqaro arxivlar kengashining assambleyasida 9 iyun - Xalqaro arxivlar kuni etib belgilangan. Bu sana bejiz tanlanmagan. Aynan shu kuni 1948-yilda YUNESKOning qaroriga asosan Xalqaro arxivlar kengashi tashkil topgan. Sananing belgilanishi esa bugungi kunda jahonning 190 mamlakatidagi 1,5 mingta a’zosini birlashtirib turgan mazkur tuzilma  tashkil etilganligining 60 yilligiga to‘g‘ri kelgan edi.

Mamlakatimizda ham arxiv sohasiga jiddiy e’tibor qaratilib, sohaga oid qonunlar, qarorlar, boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. O‘zgarishlar va yangiliklar viloyatimizdagi arxivlar faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i, iqtisod fanlari nomzodi Shuhrat TURSUNOV bilan suhbatimiz shu xususda.

- O‘ziga xos axborot markazi bo‘lgan arxivlar mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida, davlatni samarali boshqarishda, o‘tmishni ilmiy anglashda ham katta ahamiyatga ega. 1943-yilda tashkil topgan viloyat davlat arxivi ilmiy-tarixiy hujjatlarni saqlovchi tashkilotdir. U viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasiga bo‘ysunadi. Ayni paytda viloyatimizning Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz, Muborak, Koson, Yakkabog‘ tumanlarida davlat arxivlari mavjud.

Viloyat davlat arxivida 2999 ta alohida qiymatli yig‘majildlar saqlanib, ular 1924-1945-yillarga oid hujjatlardir. Muassasada, shuningdek, 1924-2009-yillarga oid 85727 saqlov birligidagi yig‘majildlar mavjud. Arxivda Ikkinchi jahon urushi davrida evakuatsiya qilinganlar, mukofotlangan urush va mehnat faxriylari, yer uchastkalari berish, shaxsiy kelib chiqish hujjatlari saqlanadigan alohida kataloglar tuzilgan.

Arxivdagi eng noyob hujjatlardan biri viloyatimiz tarixiga oid 1604-yilda yozilgan qadimiy vaqfnoma nusxasi bo‘lib, uning bizgacha yetib kelganligi qanchalik quvonchli bo‘lsa, kelajak avlodlar qo‘liga ham hozirgi holida yetib borishi shunchalik muhimdir.

Viloyat davlat arxivida o‘z kasbiga sodiq o‘ttiz nafarga yaqin mutaxassis mehnat qilib, ularning asosiy faoliyati ilmiy ma’lumotlar bankini tashkil etish va rejalashtirish, yuridik va jismoniy shaxslarning so‘rovlariga asosan arxiv saqlovidagi hujjatlar yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Fondlar va hujjatlar hisobi, hujjatlar mavjudligini tekshirish, xulosa chiqarish, ro‘yxatlash, xatlov o‘tkazish, kataloglashtirish, olingan ma’lumotlar bo‘yicha matbuotda nashr etish ishlari ham hamisha e’tiborda.

Joriy yilning o‘tgan oylari davomida korxona va tashkilotlardan 400  saqlov birligidan ortiq arxiv hujjatlari qabul qilinib, saqlovga qo‘yildi. Arxiv hujjatlarining hajmi va oqimi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, hujjatlarning qimmatliligini aniqlash, ekspertizatsiyalash ishlari ko‘lamiga jiddiy yondashishni talab qilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi "Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, arxiv ma’lumotlarining Davlat xizmatlari markazlari orqali berilishi ko‘zda tutilgan. Buni inobatga olib, ko‘rsatilayotgan arxiv xizmatlarini tezkor va sifatli taqdim etish maqsadida, mavjud texnik bazalardan foydalanishga jiddiy yondashilayapti. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan 2018-yil 11-aprelda imzolangan "Davlat xizmatlari  ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi faoliyatimizga tanqidiy baho berildi va yanada faollik bilan ishlashimiz talab qilindi. Shu boisdan sohamizga doir eskirgan usullardan tezroq voz kechib, arxiv ishi yuritilishini isloh qilish zarurati yuzaga kelmoqda. Arxiv ishini yanada rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqib, to‘siq bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni aniqlab olmoqdamiz. Har bir kamchilikni    bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, asosli takliflar asosida rejalar belgilanayapti.

Arxiv xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, qog‘oz shaklida saqlanayotgan ma’lumotlarning elektron bazalarini shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlikka qo‘shilish orqali bosqichma-bosqich raqamli ko‘rinishga o‘tilayapti.

Bizning eng og‘riqli muammolarimizdan biri ayrim rahbarlarning e’tiborsizligi, ayniqsa, xususiy sektor vakillarining sohamiz ahamiyatini yetarli darajada tushunmasligi oqibatida faoliyatiga oid zarur hujjatlarning o‘z vaqtida arxivlarga topshirilmasligidadir. Masalan, faoliyati tugatilgan korxona va tashkilotlarda hujjatlarning arxivga topshirilmasdan yo‘qolib ketayotganligi ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarda mehnat qilgan fuqarolarning  pensiya olish huquqining buzilishiga olib kelmoqda. Bunday kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida muhim hujjatlarni arxivlarga topshirish ishiga har bir rahbar, fuqaro mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Shundagina biz fuqarolar huquqlari buzilishining oldini olgan va kelajak avlodlarga tariximizni o‘rganishlari uchun boy meros qoldirgan bo‘lamiz.

Xalqaro arxivlar kuni munosabati bilan kasbdoshlarimiz va hamkorlarimizni, sohamizga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni bayram bilan tabriklab, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilariga bu tizimni rivojlantirishda faollik ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.