HUMOYUN HAMIDOV - O‘ZBEKISTON YOSHLAR ITTIFOQI STIPENDIYASI SOHIBI

HUMOYUN HAMIDOV -  O‘ZBEKISTON YOSHLAR ITTIFOQI STIPENDIYASI SOHIBI

 O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi sovrindorlari nomlari e’lon qilindi. Ular orasida Qarshi davlat universiteti xorijiy tillar fakultetining 3-bosqich talabasi Humoyun Hamidov ham bor.

Tanlovda jami 1 ming 25 talaba ishtirok etgan bo‘lsa, undan 183 nafar o‘g‘il-qiz respublika bosqichida qatnashdi. Aql va zakovatda, tashabbuskorlikda boshqalardan ustun kelgan 14 nomzodga tanlov sovrindorligi nasib etdi.

- Men bu stipendiyaga ko‘zi ojiz insonlarda ingliz tilida aniq talaffuz qilish, ravon gapirish va bexato yozish layoqatini shakllantiruvchi "Smart child" deb nomlangan loyiham sababli erishdim, - deydi Humoyun Hamidov. - Jahonning mashhur ertaklarini tarjima qilib, ularning audio va matn variantlarini yaratib, ertaklardagi qahramonlar tasviriga so‘zlar orqali izoh berdim. Grammatik qoidalarni o‘zlashtirish bo‘yicha   mashqlar ishlab chiqdim. Tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etganim menga bir qator yangi loyihalar ustida ish olib borishim uchun muhim qadam bo‘ldi.

Sovrindorlar eng kam ish haqining 3 baravarigacha etib belgilangan miqdordagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasini 10 oy davomida olishadi.

SOJIDA