Iqtisodiyot 24.05.2019 46

HUNAR BILGANI BIZNES BOSHLASHIDA QO‘L KELDI

Yoshlar tadbirkorligi

O‘tgan yili "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi doirasida Shahrisabz shahrida 26 nafar yosh tadbirkorning istiqbolli loyihalari moliyalashtirilib, ularga jami 2 milliard 200 million so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar taqdim etilgan.

Ahamiyatlisi, bugungi kunga kelib sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi jabhasidagi ushbu loyihalarning  aksariyati o‘z samarasini bera boshladi. Yosh tadbirkor E’zoza Qurbonovaning ishini ham bu borada namuna qilib keltirish mumkin. Zero, joriy yil yanvarida uning rahbarligida mebel ishlab chiqarish sexi faoliyat boshladi.

- Imtiyozli kredit berilayotganini eshitib, undan unumli foydalanish harakatiga tushdik, - deydi E’zoza. - Biznes-reja tuzib, taklif berdik. Bu yo‘nalishni tanlaganimizga sabab turmush o‘rtog‘im ilgari yog‘och ustasi bo‘lgan. Bir qancha korxonada ishlab tajriba orttirgan. Shu hunar bizga juda qo‘l keldi. Tashabbusimiz ma’qullangach, 30 million so‘m kredit berishdi. 120 million so‘m sarmoyani o‘z hisobimizdan qo‘shdik. Kreditni dastgoh xarid qilishga, o‘z mablag‘imizni esa sex tashkil etishga sarfladik. Hozirda MDF eshiklar yasashni yo‘lga qo‘yganmiz. Asosiy xaridorlarimiz aholi vakillaridir.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, loyiha muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqqach, 3 nafar kishi doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan. Bugun bozorda o‘z o‘rnini topib ulgurgan yosh ishbilarmon kelgusida yangi texnologiyalar evaziga mavjud quvvatni oshirish haqida o‘ylayapti. Bu borada ham yana "Yoshlar - kelajagimiz" dasturiga murojaat qilmoqchi.

M.JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.