Jamiyat 13.08.2019 25

HURRIYATGA TIKILGAN BOSH

Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni oldidan

"Shahidlar xotirasi" jamoat fondidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan asrning 30-yillarida sho‘rolar tuzumi uyushtirgan qatag‘onda birgina Shahrisabz zaminidan yigirmaga yaqin kishi begunoh qurbon bo‘lgan. Ular orasida shaharning Qo‘shhovuz mahallasidan Isoqul hoji Ne’matullo o‘g‘li ham bor.

Uning padari buzrukvori shaharning katta amaldorlaridan biri bo‘lib, Ne’matullo qorovulbegi nomi bilan mashhur edi. Shuning uchun o‘g‘li Isoqulning o‘qimishli, aql-idrokli, iymon-e’tiqodli bo‘lishi uchun hech narsani ayamadi. Isoqul avval eski maktabda savodini chiqardi, so‘ngra shahardagi madrasada ta’lim oldi.

So‘ng u o‘qishini Buxoroi sharifda davom ettirishga qaror qildi, negaki markazda olimu ulamolar, taniqli ziyolilar faoliyat ko‘rsatishar, ulardan o‘rganib, yetuk, chuqur bilimli bo‘lib yetishishi uning birdan-bir orzusi edi. Padari buzrukvorining ruxsati bilan Isoqul Buxoroga borib, madrasaga o‘qishga kirdi.

Uning talabalik davrida Buxoro notinch edi. Bu qadim o‘lka Rossiyaning vassaliga aylangan, amir har bir qadamini chorizm chizig‘idan chiqmay bosar, bundan yurtning asl farzandlari norozi edi. Shunga ko‘ra, siyosiy islohotlar o‘tkazish tarafdorlari, hatto amirlik tuzumiga qarshi bo‘lgan odamlar ko‘paya boshladi. Shu jarayonda jadidchilik harakati negizida Fayzulla Xo‘jayev asos solgan "Yosh buxoroliklar" partiyasi vujudga keldi. Ko‘pgina madrasa talabalari yangi partiya a’zosi edi. Isoqul ham shaharda bo‘layotgan voqealardan o‘zini chetga ololmadi, shu partiyaga kirdi, yoshlar harakatining faol a’zolaridan biriga aylandi.

Talabalikning so‘nggi yili - yozgi ta’til davrida Isoqul Haj ziyoratiga borib keldi. Shuning uchun ismi yoniga "hoji" so‘zi qo‘shildi. O‘qishni bitirgach, otasining qistovi bilan Shahrisabzga qaytdi. Abdunur og‘aliqning tavsiyasi bilan beklikda mirzaboshi lavozimiga tayinlandi.

Mirzaboshi Buxoro amirligi bilan Shahrisabz bekligi o‘rtasidagi xat-aloqalarga mas’ul shaxs hisoblangan. Shuning uchun Isoqul hoji Buxoroga xizmat vazifasiga ko‘ra tez-tez borib turgan,  madrasada birga o‘qigan buxorolik do‘stlari bilan muloqotda bo‘lgan, "Yosh buxoroliklar" tashkiloti faollari bilan uchrashib,  siyosiy voqealar haqida suhbatlashishni kanda qilmagan.

1920-yil 2-sentabrda qizil armiya kuchlari Buxoroda amirlik tuzumini ag‘darib tashladi. 14-sentabrda Buxoro muvaqqat inqilobiy qo‘mitasi va Fayzulla Xo‘jayev rahbarligida Xalq nozirlar sho‘rosi tuzildi. Isoqul hoji Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi yangi hukumatning quyi bo‘g‘inidagi lavozimga tavsiya etildi. Avval Chiroqchi kenti inqilobiy qo‘mita raisi, so‘ngra ijroqo‘m raisi vazifalarida xizmat qildi. Bu mas’uliyatli lavozimlarda o‘zini ko‘rsatgan Isoqul hoji Ne’matullo o‘g‘li shundan keyin Shahrisabz viloyati militsiya boshlig‘i vazifasiga ko‘tarildi. 1923-yil noyabrda esa GPU (Davlat siyosiy boshqarmasi) boshlig‘i etib tayinlandi.

Buxoroni qo‘lga kiritgan qizil askarlar va bolsheviklar odamlarning mol-mulkini talash, tinch aholini o‘ldirish, mahalliy xalqlarning milliy va diniy qadriyatlarini oyoqosti qilish bilan shug‘ullandilar. Bosqinchilarning bunday zo‘ravonligi sobiq amirlik hududida istiqlolchilik harakatining boshlanishi va ommaviy tus olishiga olib keldi. Bunday sharoitda Isoqul hoji xizmat vazifalarini bajarib turgan joylarda qizil armiyaning turli hiyla-nayranglar bilan aholi mol-mulkini talon-toroj qilishiga yo‘l qo‘ymadi, milliy ozodlik harakati guruhlari bilan ham murosa-madora yo‘lini topdi va tadbirkorligi bilan tinchlikni saqlab turishga erishdi. Buxoro xalq respublikasi markaziy ijroiya qo‘mitasi tomonidan faxriy yorliq, ikkinchi va uchinchi darajali "Qizil bayroq" ordenlari bilan mukofotlandi.

1925-yilda Qashqadaryo viloyati ijroqo‘mi raisi Ahmadjon Aminjonov Isoqul hoji Ne’matullo o‘g‘lini Shahrisabz shahar militsiya boshlig‘i vazifasiga tayinlash bo‘yicha buyruq chiqardi. Besh-olti oy o‘tar-o‘tmas ayrim tuhmatchi, ko‘rolmas kimsalar unga "sobiq amirning amaldori,  qo‘l ostida ishlovchi militsiya xodimini urgan" degan soxta ayblovlar qo‘yishadi va vazifasidan olinib, qamoqqa olinishiga erishadi. Biroq, barcha ayblovlar tuhmat ekanligiga shahodat berib imzo chekkan qirq kishilik hamkasblari sa’y-harakati bilan Isoqul turmadan ozod etiladi.

Ammo Isoqul Ne’matullo o‘g‘li atrofida fisqi-fasod, tuhmatu bo‘htonlar davom etadi. "Sovet hukumatiga qarshi kurash olib borayotgan Tangriberdi "dodxohga yordam berdi", "bir to‘yda uning odami bo‘lgan Mirkomilni ataylab qo‘lga olmadi", "Dodxohning yigitlaridan Muhammadi yuzboshining yaramay qolgan otiga o‘zining chopqir otini almashtirib berdi va shu bahona bosmachi bilan do‘stlashib oldi" degan ayblov bilan u yana 8 yilga qamaladi. Faqat bir necha yil o‘tgach, Fayzulla Xo‘jayevning yordami bilan muddatidan oldin qamoqdan chiqadi.

Isoqul hoji haqidagi salbiy fikrlar, ikki marta qamalishi uning bundan keyin mas’ul lavozimlarda ishlashiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. U bir necha yil Shahrisabz tuman moliya bo‘limida sug‘urta agenti, Shamaton, Novqat, Mo‘minobod, Qutchi qishloqlaridagi jamoa xo‘jaliklarida o‘zaro yordam kassasida kotib bo‘lib ishlaydi, 1936-yil avgust oyida nafaqaga chiqadi. Isoqul Ne’matullo o‘g‘lining xizmatlari hisobga olinib, O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1936-yil 4-avgustdagi qarori bilan har oyda 200 so‘m miqdorida maxsus nafaqa tayinlanadi.

Yoshi oltmishga borib, nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, Isoqul hojining boshi uzra yana qora bulutlar aylana boshladi. SHo‘rolarning qamoq mashinasi qanday bo‘lmasin uning bo‘yniga og‘ir ayblar qo‘yib, yana hibsga olishi, hayotdan mosuvo qilishi lozim edi. 1937-yil 13-oktabr kuni NKVD xodimlari uning qo‘llariga kishan solib olib ketishdi, ikki hafta o‘tib ilk so‘roq boshlandi. Unga "1936-yil aprel oyida Karim Hazratqulovning ustaxonasida bo‘lgan gurungda SSSRning tashqi siyosati haqida gap borgan. Siz unda kelajakda imperialistik mamlakatlar bilan SSSR o‘rtasida urush bo‘ladi, degan ekansiz, bu gaplarni qayerdan olgansiz?" degan savol beriladi. Mahbus Isoqul hoji "Men bunday gaplarni aytmaganman", deb javob beradi. Shu yilning iyulida yana kulolning ustaxonasida "Nega sovet hukumati odamlarni faqat aldash bilan shug‘ullanayapti, degansiz?" degan so‘roqqa ham hoji rad javobini beradi.

Tergov jarayoniga bir necha guvohlar ham jalb etiladi. Zingaron mahallasidan Majid Yakubov shunday degan:  "...Isoqul hoji militsiya boshlig‘i bo‘lgan paytda bosmachilarga yumshoq munosabatda bo‘lgani rost. Chiroqchiga Fayzulla Xo‘jayev kelishi munosabati bilan Shahrisabzdan boradigan musiqachilar guruhini qo‘riqlash uchun ikki militsiya xodimini ajratdi. Yo‘lda bizga bosmachilar hujum qilishdi. Mendan boshqa barcha musiqachilar halok bo‘lishdi. Qizil askarlar yetib kelishgach, ular qochib qolishdi".

O‘sha yili 28-oktabrda yana bir guvoh bilan bo‘lgan tergov bayonnomasida shunday yozilgan: "I.Negmatullayev "Sovetlar yana yigirma yildan so‘ng nima bo‘ladi, bilmayman", degan. U Fayzulla Xo‘jayev va boshqalar bilan yaxshi aloqada edi. Ular hojini Qashqadaryodagi o‘zlarining ishonchli odami deb bilardilar. Militsiyada ishlagan Xurram Abdullayevning gapiga qaraganda "Hoji bosmachilarga yordam bergan. Mirkomil xalfaga 2 quti patron yuborgan".

1937-yil 15-noyabrdagi ayblov bayonnomasida Isoqul hoji "Milliy ittihod" aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi Otaxo‘ja Po‘latxo‘jayevning topshirig‘i bilan bosmachilarga yordam berib turgan. 1923-1926-yillarda Shahrisabzda Shodiqul Xo‘jaqulov boshliq aksilinqilobiy tashkilot a’zosi bo‘lgan, Tangriberdi dodxoh boshliq bosmachilar to‘dasini qo‘llab-quvvatlab turgan. "Bu davlat faqat oladi,  xalqqa hech narsa bermaydi", degan so‘zlarni doim aytib yurgan", deb yozilgan. O‘sha yili 28-noyabrda NKVD qoshidagi "uchlik" qarori asosida unga  ayblov e’lon qilinib, Kattaqo‘rg‘ondagi qamoqxonaga jo‘natiladi. Qamoqqa jo‘natilganlar ko‘pligidan bir xonada besh kishi o‘rniga o‘n ikki kishigacha yashashga majbur bo‘lishgan. Qo‘shni mahallalik hamshahri Ramazon u bilan shu tor xonada birga bo‘lgan, ikkalasi doimo hasratlashib turgan. Bir kuni hoji hamshahriga "Mening qismatim ayon, sen Ramazon, albatta uyingga qaytasan. Sendan so‘nggi iltimosim, mening haqimdagi xabarlarni oilamga yetkaz" degan. Hayit kuni bir necha mahbuslar qatorida Isoqul hojini ham olib ketib, otib tashlashgan.

- Bobomizning turmadagi hayoti, so‘nggi kunlari haqida ma’lumot olish, qabrini izlab topish borasida ancha yillar izlanishlar olib bordik, - deydi Isoqul hojining nevarasi, tarix fani o‘qituvchisi Erkin Raupov. - Ayniqsa, Ilhom akam izlanishdan sira charchamadi. Akam bundan to‘rt yil oldin Kattaqo‘rg‘on shahriga borganida, Ergash ota jome’ masjidida yoshi ulug‘ odamlar bilan bo‘lgan suhbatda, o‘sha mash’um yillarda faoliyat ko‘rsatgan shahardagi qamoqxona, ulardagi mahbuslar hayoti va taqdiri haqida ko‘p ma’lumotlar olib keldi. Keksalarning aytishicha, qatag‘on yillarida oliy jazoga hukm qilinganlar hech kim bilmaydigan joylarda otib tashlangan. Kattaqo‘rg‘on atrofida 6 ta qadimiy quduq bo‘lgan, ko‘kragidan o‘q yeganlarning hammasi ana shu quduqlarga tashlanib, so‘ngra ko‘mib yuborilgan. Mazkur quduqlarning biri bobomiz jasadini o‘z bag‘riga olganiga shak-shubha yo‘q. Bobomiz 1990-yil 26-fevralda O‘zSSR prokuraturasi tomonidan oqlangan ekan, ammo bu xabar farzandlariga yetkazilmagan, kech bo‘lsa-da, biz nevaralari bu xushxabardan voqif bo‘lishga muyassar bo‘ldik.

Ramazon bobodan qolgan xotiralarga ko‘ra, Isoqul hoji qamoqda yotganida "Lekin bizni aldadi, ular bizni aldadilar", degan so‘zlarni tez-tez takrorlar ekan. U sho‘ro tuzumiga katta ishonch bilan qarab, uning manfaatlariga xizmat qildi. Ammo ko‘plar qatori aldanganini juda kech angladi. Sho‘rolar qurolidan otilgan o‘qdan jon berdi, so‘nggi manzili qabr emas, tubi yo‘q quduq bo‘ldi.

- "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasida, - deydi "Shahidlar xotirasi" respublika jamoat fondi raisi, tarix fanlari doktori Baxtiyor Hasanov, - ana shunday kafansiz, janozasiz, qabrsiz vatandoshlarimiz uchun ramziy qabr barpo etilgan. U mamlakatimizning turli viloyatlari, shaharlarida, shuningdek, yurtimizdan tashqarida otilgan yoki azob-uqubatda vafot etgan yurtdoshlarimizning so‘nggi manzili hisoblanadi. Shu ramziy qabr oldida marhum bobolarimiz yod etilmoqda. Ular xalqimizning yuragida mangu yashaydi.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist