Jarayon 14.05.2019 149

"IBRATLI OILA" KO‘RIK-TANLOVI G‘OLIBI ANIQLANDI

15- may - Butunjahon oila kuni

Qarshi shahrida 15-may - Butunjahon oila kuni oldidan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tarkibida faoliyat olib borayotgan harbiy xizmatchilarning oila-a’zolari o‘rtasida "Ibratli oila" ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyat bo‘linmalaridagi xizmati davomida hurmat-e’tibor qozongan, mahalladagi qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaqin munosabat o‘rnatib, farzand tarbiyasida boshqalarga ibrat bo‘layotgan harbiylar oilalari uchta shartda - tanishtiruv, erkin mavzuda sahna ko‘rinishi hamda intellektual salohiyatni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha bellashishdi.

Ishtirokchi oilalarning har bir chiqishini hakamlar hay’ati tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida baholab bordi. Yakunda viloyatimiz nomidan qatnashgan Nazarovlar oilaviy jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning navbatdagi bosqichiga yo‘l oldi.

Tanlov doirasida konsert dasturi va ko‘rgazmali kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.

S.ALLAYOROVA