ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI AKADEMIK LITSEYLARIGA O‘QISHGA KIRISH TARTIBI QANDAY?

So‘ragan edingiz

Shu kunlarda oliy o‘quv yurtlari qatorida Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga o‘qishga kirish istagida imtihonlarga tayyorlanib yurgan yoshlar soni juda ko‘p. Bu borada aholi vakillaridan ham ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganini hisobga olib, mazkur akademik litseylarga o‘qishga kirish tartib-taomillari haqida fikr yuritishni lozim topdik.

Qaysi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi?

Davlat rahbarining 2017-yil 16-avgustdagi "Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 14 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga aylantirildi. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi 2-sonli akademik litsey ulardan biri.

Qarorga muvofiq quyidagilar belgilab qo‘yildi. Birinchidan, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab   O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim shakliga qabul faqat IIV akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Ikkinchidan, IIV Yong‘in xavfsizligi instituti va Harbiy-texnika institutiga o‘qishga kirishda IIV akademik litseylarining bitiruvchilari uchun eng yuqori ballning o‘n foizi miqdorida qo‘shimcha ballar tatbiq etildi. Uchinchidan, o‘qishga kirolmagan IIV akademik litseylari bitiruvchilarining ustunligi asosida ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish tartibi joriy qilindi.

Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2017-yil 26-sentabrda Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, IIV akademik litseylari to‘g‘risidagi, ularga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

Kimlar qabul qilinadi?

Bu akademik litseylarga qabul Ichki ishlar vaziri tomonidan tizimdagi ehtiyojni inobatga olgan holda har yillik kvotalar bo‘yicha tanlov asosida amalga oshiriladi. Umumta’lim muassasalarining 9-sinfini tamomlagani to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan va tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi. O‘qish muddati uch yil bo‘lib, guruhlardagi o‘quvchilar soni 26 kishidan ortiq bo‘lmasligi kerak. IIV akademik litseyini tamomlagandan keyin bitiruvchilarga belgilangan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Qabul komissiyasi qanday tarkibda tuziladi?

Qabul komissiyasi tarkibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanib, viloyat IIB boshliqlari komissiya raisi hisoblanadi. Komissiya tarkibiga IIV akademik litseyi direktori, IIV, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hududiy boshqarmalari va Yoshlar ittifoqi hududiy kengashidan bir nafardan vakil kiritiladi. Tor doiradagi mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

O‘qishga kirishni istovchi nomzod viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza, belgilangan shakldagi so‘rovnoma, o‘qish joyi va mahalla fuqarolar yig‘inidan tavsifnoma, tarjimai hol, pasport yoki guvohnoma nusxasi, mudofaa ishlari bo‘limida ro‘yxatda turishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma nusxasi, fanlarni o‘zlashtirishi to‘g‘risida maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma, 3x4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta, 9x12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosuratni taqdim qilishi kerak.

Qanday holatlarda nomzodlarga rad javobi beriladi?

Nomzod O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmasa, muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, nomzodga nisbatan surishtiruv, tergov va sud ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, yashash joyidan va ichki ishlar bo‘limlaridan salbiy tavsiyalar taqdim etilganda, rad etiladi. Ular o‘qishga qabul qilinmaydi.

Tanlov nechta bosqichdan iborat?

Kompleks tanlovlar dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovidan iborat. Bir bosqichdan o‘tolmagan nomzod ikkinchisiga qo‘yilmaydi. Dastlabki tanlov nomzodga tegishli hujjatlarni o‘rganish, tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazish, dastlabki suhbat va individual-psixologik xususiyatlarni o‘rganish hamda tanlov natijalari yig‘ma jildini maxsus-professional tanlovga qo‘yishdan iborat. Dastlabki suhbat viloyat IIB boshliqlari tomonidan o‘tkaziladi. Dastlabki tanlov yakuni bo‘yicha nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildi viloyat IIB kadrlar  boshqarmasi tomonidan o‘rganiladi.

Maxsus-professional tanlov nomzodning yozishidagi savodxonlik darajasini, umumjismoniy tayyorligini aniqlash bo‘yicha sinov, yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish va ularni test sinovlariga qo‘yish masalasini hal etishni o‘z ichiga oladi. Nomzoddan yozma diktant olinadi. Test sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga taqdim qilingan ro‘yxat asosida o‘tkaziladi. Test sinovlariga belgilangan muddatda kelmagan nomzod uchun takroriy test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 374-sonli qarori bilan IIV akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga muvofiq, nomzodlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tadigan bo‘ldi. Muqaddam harbiy-tibbiy ko‘rikdan o‘tilardi.

Kimlar test sinovlarisiz qabul qilinadi?

Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari, tegishli ixtisoslik fani bo‘yicha  xalqaro olimpiadalar va respublika fan olimpiadalarining respublika bosqichi g‘oliblari test sinovlarisiz qabul qilinadi. Ular tegishli tartibda o‘lim haqidagi guvohnoma va o‘lim haqidagi xizmat tekshiruvi xulosasi nusxasi, olimpiada g‘olibi ekanligini tasdiqlovchi guvohnoma va tegishli vazirlik, idora rahbarining iltimosnomasini taqdim qilishi kerak.

Test sinovlari natijasi asosida qabul komissiyasi o‘qishga kirgan o‘quvchilar ro‘yxatini tuzadi. Bu haqda bayonnoma rasmiylashtiriladi hamda bayonnoma IIV akademik litseyining birinchi bosqichi o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarishga asos bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademik litseyida tahsil olish yoshlarning xalq va Vatan manfaati yo‘lida fidoyi, sog‘lom va ilmli bo‘lib o‘sishida ijobiy ahamiyat kasb etadi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari