Jamiyat 17.09.2019 38

ICHKILIK QOTILLIKKA SABAB BO‘LDI

Jinoyatga jazo muqarrar

Spirtli ichimliklarni meyoridan ortiq iste’mol qilish har qanday insonni aqldan ayiradi. Uning ta’sirida jinoyat ko‘chasiga kirib qolish ham hech gap emas. Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan quyidagi qotillikka ham ichkilik sabab bo‘lgan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yashovchi Jonibek Rahimov (maqoladagi barcha ism va familiyalar o‘zgartirilgan) ichkilikka berilgan, ko‘pincha mast-alast yurishni odat qilgandi. Uning dehqonobodlik bojasi Odil Xo‘jaberdiyev haqida ham shu gapni aytish mumkin. Ikki boja bir-birini tez-tez yo‘qlab turar, birgalikda ulfatchilikni avj oldirardi.

Bu gal ham Jonibek Rahimov Boysundan Dehqonobodga mehmon bo‘lib kelgan edi. Bojasi Odil Xo‘jaberdiyev bilan birgalikda har seshanba kuni tumanning Oqqishloq qishlog‘ida bo‘ladigan mol bozoriga borishdi. Bozorda ikki boja o‘tirib, rosa ulfatchilik qildi. Spirtli ichimliklarni haddan ortiq ko‘p iste’mol qilishi natijasida ayniqsa Jonibek Rahimov o‘zini idora qila olmaydigan ahvolga kelib qolgandi.

Eng achinarlisi, ularni olib ketish mas’uliyati Odil Xo‘jaberdiyevning voyaga yetmagan o‘g‘li - Ikromning zimmasiga tushdi.

Ikrom avvaliga Jonibekni olib ketishga urindi. Ammo bozordan hech qancha uzoqlashmasdan turib u yerga yiqildi va o‘rnidan turmay qo‘ydi. Shundan so‘ng Ikrom bozorga qaytib kirib, otasini yetaklab chiqdi. Ikkalasi Jonibekni hushyor qilishga urinar, ammo foydasi bo‘lmayotgan edi. Shu payt  Odil Xo‘jaberdiyevning amakivachchasi – 1980-yilda tug‘ilgan Asror Hamidov kelib qoldi. U ham Jonibekni o‘rnidan turg‘izmoqchi bo‘lib, silkilashga tushdi, so‘ng yuziga suv sepdi, ammo bari befoyda edi. Jonibek o‘rnidan turmadi, qaytaga g‘uldiragancha Asrorni haqoratlashga tushdi. Asror esa uni silkilashda davom etar, o‘zini haqorat qilayotganidan jahli chiqib, gohida yuziga shapaloq tortib yuborsa, gohida turli joyidan ushlab, sudramoqchi bo‘lardi. Buni ko‘rib turgan Odil Xo‘jaberdiyevning sabri chidamadi.

- Sen nega bojamni urmoqchi bo‘layapsan, - dedi u Asrorga qarab. - Bor ket, uni o‘zim olib ketaman, yo‘qol bu yerdan.

Bunday muomala qoni qaynab turgan Asrorga yoqmadi. U  amakivachchasi bilan janjallashib qoldi. So‘ng bir-birini haqoratlashga o‘tishdi. Odil Xo‘jaberdiyev mast, qarshilik qiladigan ahvolda emasdi. Buni bilgan Asror avvaliga uning yuziga musht tushirdi, so‘ng duch kelgan joyiga urib tepa boshladi. Odamlar to‘planib, ularni ajratib olishganida Odil Xo‘jaberdiyev og‘ir ahvolda edi. Darhol tez yordamga qo‘ng‘iroq qilishdi, uni shifoxonaga olib bordi. Ammo ko‘rilgan tibbiy choralarga qaramay, u shu kuni olgan jarohatlari ta’sirida hayotdan ko‘z yumdi.

Jahlini jilovlay olmay, yaqin qarindoshining qotiliga aylangan Asror Hamidovning esa qo‘llariga kishan urildi.

Ayni paytda Asror Hamidovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv harakatlari yakunlanib, ish sudga o‘tkazilgan. Demak, uning qilmishiga qonuniy bahoni ham sud beradi.

B.ABDULLAYEV,

viloyat IIB tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan