Jamiyat 09.07.2019 87

IJARA UYDAGI ISLOVATXONA

1982-yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan Jasmina Jabborova (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) turmushidan ajralgan. Bir nafar farzandi bor.

Hali yosh, aqli joyida, halol ishlasa, izlansa hayotda o‘zining munosib o‘rnini topib ketishi mumkin bo‘lgan bu juvon afsuski kun kechirishning oson, ammo ayol nomiga nomunosib bo‘lgan, jirkanch yo‘lini tanladi.

Jasmina Qarshi shahriga kelib, ijaraga uy olib yashay boshladi. Endi ishlash, pul topish zarur edi. Kishida aniq maqsad, harakat bo‘lsa, halol mehnatdan qochmasa, har qanday vaziyatda, har qanday joyda ham o‘ziga munosib ish topiladi. Lekin avvalboshdanoq yengil-yelpi hayot tarziga o‘ch ayol xuddi shu yo‘lni tanladi. Pul evaziga turli erkaklarning shahvoniy istaklarini qondirish, hatto o‘ziga o‘xshash qizlarni yig‘ib, ijara uyini islovatxonaga aylantirishdan nomus qilmadi.

U xuddi mana shu faoliyati uchun qo‘lga olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2018-yil 16-apreldagi hukmi bilan aybdor, deb topilgan. Belgilangan tartibda qonuniy jazosini ham olgan. Ammo jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarib, halol mehnat bilan shug‘ullanish o‘rniga yana eski "kasbi"ni davom ettira boshladi. Faqat qilmishi yana oshkor bo‘lmasligi uchun endi manzilni boshqa qildi, xolos.

Jasminaning yangi qo‘nim topgan joyi Qarshi tumani Bog‘obod massivi edi. U shu yerdagi xonadonlardan birini ijaraga olib, farzandi bilan yashay boshladi. Avvalgi eski tanishlariga telefon qilib, yangi manzili haqida xabar berib qo‘yishni ham unutmadi.

Qarangki, tez orada uning "ish"lari yana oldinga siljiy boshladi. Yengil-yelpi ayollar, shaytoniy istaklari yo‘lida harom-xarish hayot tarzidan or qilmagan erkaklar bu manzilga tez-tez tashrif buyurib turadigan bo‘lishdi. Ulardan biri Qarshi shahrida yashovchi Asror ismli yigit edi.

Bir o‘rtog‘idan Jasmina haqida eshitgan Asror unga telefon qilib, qizlar bor-yo‘qligi haqida so‘radi. "Hozir yo‘q, agar kelaman desanglar chaqiraman" deya javob berdi u.

Shundan so‘ng, mijoz kechki payt aytilgan manzilga bordi. Bu paytda Jasmina o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan, Qarshi shahrida yashovchi Fayoza ismli ayolni ham chaqirib qo‘ygan edi.

Jasmina mehmonxonasidan joy hozirlab, Asror va Fayozaning shahvoniy istaklarini amalga oshirishi uchun sharoit yaratib berdi. So‘ng bu hojatbarorligi evaziga yigitdan 75 ming so‘m pul olib, kelishilganidek 25 mingini Fayozaga tutdi. Bugungi daromaddan ko‘ngli to‘q bo‘lib, endi "mehmonlar"ni kuzatayotgan ham ediki, darvozaning taqilab qolishi uni hushyor torttirdi.

Hududda o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan IIB xodimlarini yolg‘iz ayolning ijarada yashaydigan uyiga kelgan notanish kishilar  shubhalantirgan va holatga oydinlik kiritish maqsadida eshik qoqishgandi...

Jasmina Jabborova bu qilmishi uchun yana bir bor sudning qora kursisiga o‘tirishi muqarrar. Bir marta berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ayol uchun endigi jazo ham og‘irroq bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Odatda ayol shaxsiga ta’rif berar ekanmiz, ko‘z oldimizda nafaqat ojiza,  nozik hissiyotlari ila yashovchi bir shaxs, balki shu bilan birga matonatli, vafoli, sadoqatli, ham jismonan, ham ma’nan chidamli bir zot gavdalanadi. Ammo oramizda ana shunday sifatlardan mosuvo, ayollik, onalik nomiga dog‘ tushirayotgan ayollarning ham borligi afsuslantiradi kishini.

Laziz YULDOSHEV,

Qarshi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi