Jarayon 05.04.2019 90

IJRO ISHI QO‘ZG‘ATILGANI ENDI TELEFONGA SMS SHAKLIDA KELADI

Qaror va yangi tartib

Shu yilning 12-martida ijro tartibini yanada soddalashtirish, sud va boshqa organlar hujjatlari so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, 2019-yil 1-apreldan sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etildi. Mediatsiya - kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli bo‘lib, u amalga oshirilayotgan paytda ijro ishi 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turiladi. Bunda tomonlar o‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda ijro ishi yuritish tugatiladi.

2019-yil 1-iyundan boshlab ijro hujjati kelib tushgandan bir ish kuni ichida ijro ishi qo‘zg‘atiladi (hozirda 3 kun ichida qo‘zg‘atiladi). Ijro harakatlari ko‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi (avval necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda ko‘rsatilmagan) mumkin.

Shuningdek, 1-oktabrdan mib.uz veb-saytida bepul asosda ijro harakatlari interaktiv davlat xizmati tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali, jumladan, internet tarmog‘i orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlari borishining barcha bosqichlarini kuzatish, qarzni onlayn tarzda to‘lash va ijro hujjati bajarilganini qayd etish mumkin bo‘ladi.

O‘z navbatida Majburiy ijro byurosi tomonidan 2019-yil 1-oktabrdan boshlab ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini yuritish tartibi joriy qilinmoqda. Bu ijro ishlarining teng va mutanosib tarzda taqsimlanishi, sifatli bajarilishi va eng muhimi bu jarayonga inson omilining ta’siri bo‘lmasligini ta’minlaydi.

Dastlab bu amaliyot eksperiment tariqasida 1-oktabrdan byuroning Toshkent shahar Yakkasaroy tumani va Navoiy shahri bo‘limlarida joriy qilinadi va ijro hujjatlarini davlat ijrochilari o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash tartibi joriy qilinadi.

Endi Majburiy ijro byurosi organlari ham  kelib tushgan ijro hujjatlari bo‘yicha byuro ma’lumotlarini elektron tarzda yuritadi.

O‘z o‘rnida, undiruvchi yoki qarzdor elektron bazasiga kirgan holda o‘ziga bog‘liq ijro hujjati qaysi bosqichga kelgani, undirish jarayoni qanday ketayotgani to‘g‘risida onlayn rejimida ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘ladi.

Ijro ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabar undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasiga yoki mobil telefoniga SMS shaklida yuboriladi va bunda xabarning yuborilgan va uning adresat tomonidan olingani maxsus avtomatik tizim tomonidan qayd qilib boriladi. Bu amaliyot "ko‘rmay qoldim", "bexabar edim" kabi turli tushunmovchiliklarga, bahonalarga chek qo‘yishga qaratilgan.

Shuningdek, 2019-yil 1-oktabrdan Majburiy ijro byurosining rasmiy veb-saytida ijro harakatlarini avtomatik monitoring qilish bo‘yicha haq olmasdan interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tatbiq qilish ijro jarayoni ishtirokchilari, umuman, aholiga yaratilayotgan yana bir qulaylik sanaladi.

Qarorga muvofiq, MIBga shartnoma-vositachilik asoslarida sotishga topshiriladigan mol-mulkni internet-do‘konlar jumladan, mobil ilovalar, elektron to‘lov tizimlari orqali sotish tartibi; davlat bojlari, ma’muriy jarimalar va    boshqa to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda internet orqali to‘lash bo‘yicha davlat xizmati; ma’muriy jarimaga tortish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilmoqda. Bunda jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizi ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda qolgan summani to‘lashdan ozod etish nazarda tutiladi.

Muxtasar aytganda, mazkur o‘zgarishlar fuqarolarimiz, ijro harakatlari bo‘yicha tomonlar, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga qulay muhit yaratish, huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ijro harakatlarida ortiqcha vaqt sarfiga yo‘l qo‘ymaslik, huquqiy bahs-munozaralarni o‘zaro kelishuv asosida samarali hal qilishda muhim ahamiyatga ega.

Asqar PAYZIYEV,

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari