Ta'lim 11.01.2019 18

ILM-FAN VA TA’LIM RAVNAQI - TARAQQIYOT TAYANCHI

Munosabat

ILM-FAN VA TA’LIM RAVNAQI - TARAQQIYOT TAYANCHI

Prezidentimiz Murojaatnomasida 2019-yil - Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida barcha jabhalarda taraqqiyotga erishish uchun amalga oshiriladigan vazifalar qatorida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Zero ilm-fan va ta’limni rivojlantirmasdan turib taraqqiyotni ta’minlab bo‘lmasligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Davlatimiz rahbari bu borada oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlari bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan davrda 9-10 foiz darajasida bo‘lib kelayotgan edi. So‘nggi ikki yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu raqamni 15 foizdan oshirishga erishildi.

Keyingi yillarda test jarayonini tashkil etish borasidagi xayrli o‘zgarishlar, maxsus sirtqi va sirtqi oliy ta’limning joriy etilishi, hududlarda oliy o‘quv yurtlari filiallarining ochilishi singari bir qator yangiliklar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni behad mamnun etdi, ularning ta’lim olish huquqlarini yanada kengaytirishga xizmat qildi. Yana quvonarlisi, joriy yilning o‘zida birgina vohamizning o‘zida uchta oliy o‘quv yurti filialining ochilishi mo‘ljallanmoqda. Shu yilda  mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish ko‘zda tutilmoqda.

Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berish, oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish, bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatlarini kengaytirish jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislarning ko‘payishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

"Biz mamlakatimizda investitsiyalarni faqatgina iqtisodiyot tarmoqlariga emas, balki ilmiy ishlanmalar "nou-xau"lar sohasiga ham keng jalb qilishimiz kerak", deb ta’kidladi Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida. Institutimizda bu boradagi faoliyat ikki yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Birinchidan, xalqaro patentlar olish, ikkinchidan jahonning nufuzli oliy o‘quv  yurtlari bilan hamkorlikda  xalqaro grant loyihalari va dasturlarida ishtirok etish orqali investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilayapti. Xususan, kafedramiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan muqobil energiya manbalarini qo‘llash asosida energo-samarador issiqxonalar yaratish borasidagi ishlanmalarimizga Rossiya Federatsiyasi patentini olish taraddudidamiz.

G‘ulom UZOQOV,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti issiqlik energetikasi kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor