Ma'naviyat 01.10.2019 24

ILMGA YO‘G‘RILGAN UMR

Ocherk

Dam olish kuni edi. O‘g‘lim ham uyda, demak, ikki-uch kundan buyon o‘ylab yurgan rejamni amalga oshirish uchun ayni muddao.

- O‘g‘lim, vaqting bormi, o‘qituvchimni ko‘rib kelsak? Tabarruk odam, yoshlariyam to‘qsondan oshayapti.

- Vaqtim bor. Olib boraman, otajon, Yaznan aka Qurbonovnikigami?

Maqsadimni birdan anglaganini qarang. Aslida farzandlarim ham shu o‘qituvchimga bo‘lgan hurmatimni juda yaxshi bilishadi. Oila davrasida u kishining insoniylik fazilati, pedagogik mahorati haqidagi xotiralarni tez-tez eslab turaman.

Xullas, yo‘lga tushdik. Mashina g‘izillagancha qishloq va mahallalarni ortda qoldirib borar ekan, beixtiyor xayolimda bundan 65 yil avvalgi xotiralar jonlanadi.

O‘sha yillari Shahrisabzda atigi ikkita asosiy maktab bor edi. Biri shahar markazidagi Kirov (hozirgi Amir Temur) nomli maktab bo‘lsa, Molotov (hozirgi Oybek) nomli ikkinchi maktab Chorshanbe qishlog‘ida joylashgandi. Tumandagi olis qishloqlar, hatto qo‘shni tumanlardan ham kichik maktabda 7-sinfni bitirgan o‘quvchilar shu maskanga kelib 10-sinfgacha tahsil olishardi. Uzoqdan kelgan o‘quvchilar uchun Chorshanbedagi masjid yotoqxona qilib berilgandi.  Yaznan Qurbonov bilan ilk tanishuvim ham shundoqqina qabristonga tutashgan, atroflari  changalzor qo‘noqda bo‘lgan.

O‘shanda 1955-yil edi. 10-sinfda o‘qiyman. Tong g‘ira-shira yorisha boshlagan paytda yotoqxonaga bir kishi kelib: "Safga!", deb barchamizni uyg‘otdi-da, xuddi askarlarday safga tizib, dalaga boshlab chiqdi. 

Uning buyrug‘i bilan avval rosa yugurdik, so‘ng sharqirab oqayotgan zilol suvda yuvinib, xonaga qaytdik.

- Nonushta qilib, darsga boringlar, keyin tanishamiz, - dedi mayus jilmayib qo‘yar ekan.

O‘sha kuni darsda u kishi o‘zini tanishtirdi. Kiyevda harbiy ta’lim maktabini bitirib kelgan ekan. Domla avvaliga bizga harbiy ta’lim fanidan dars bera boshladi, keyinchalik fizikadan o‘qitdi.

Mana shu xayollar bilan bo‘lib manzilga ham keldik. Qarshimda o‘qituvchimning nuroniy chehrasi namoyon bo‘ldi. Ota-bolalardek mehr bilan,  quchoqlashib ko‘rishdik.

- Qarib qoldim, hassa hamrohlik qilyapti, - gapni hazildan boshladi ustoz.

- Yaxshisiz, domla. Ko‘z tegmasin, ko‘rinishingiz o‘sha-o‘sha, bizlarni o‘qitganingizday. Hammamiz havas qilardik yurish-turishingizga.

Hol-ahvol so‘rashishdan so‘ng suhbatimiz o‘sha yoshlik yillariga ko‘chdi.

- Domla, eslaysizmi har doim ertalab kelib "Qani safga" derdingiz, keyin hammamiz birga yugurardik...

- To‘g‘risi, yangi ish boshlagan kezlarim shijoatim vujudimga sig‘mas, yonib ishlagim, o‘zimni ko‘rsatgim kelardi, - deydi domla olis yillar xotiralarini esga olarkan. - Ammo u paytdagi siyosat boshqa edi. Yozgi ta’tildan zo‘r shasht bilan, ishni sog‘inib maktabga qaytasan, lekin ertasigayoq paxtaga jo‘natishadi. So‘ng to qorli qishgacha maktab yuzini ko‘rmaysan. Endi daladan qaytib, darslarni  boshlayman deganingda, tomidan chakka to‘xtamaydigan, devorlari to‘kilib borayotgan maktab binosiyu, muzdek sinfxonalar qarshi olardi. Sovuq qish kunlari bu maktabga ko‘pchilik ota-onalar farzandini yubormas, ba’zida esa o‘quvchilarning sovuqda muzlab qolmasligi uchun ularni o‘zimiz uyiga jo‘natishga majbur bo‘lardik...

 Shularni o‘ylab, bugun davlatimiz tomonidan o‘qituvchilarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, ilmga, ta’limga qaratilayotgan e’tibordan ko‘nglim tog‘dek yuksaladi. Ko‘plab shogirdlarim, farzandlarim, nevaralarim shu sohada   faoliyat yuritmoqda. Ularga har doim aytaman: mana, ishlang, o‘zingizni ko‘rsating, elning, yurtning olqishini oling, sizda buning uchun endi hamma imkoniyat bor.

- Ammo men ham nolimayman, - suhbatni qo‘r oldiradi domla. - Qancha malomatlar, yugur-yugurlar bilan bo‘lsa-da, maktabda direktor bo‘lib ishlaganimda muassasaning yangi binosi qurilishiga erishdim. Keyingi bor faoliyatim mana shu maktab bilan bog‘liq - 35 yil shu yerda ishladim. Bu yillar ichida mana shu dargohdan minglab o‘quvchilar uchirma bo‘ldi. Birgina shu maktabning o‘zidan 13 fan nomzodi, 3 nafar fan doktori, 1 akademik chiqqan. Yana boshqa sohalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritayotgan o‘quvchilarim ko‘p. Ularning yutuqlarini ko‘rib, mehnatlarimiz besamar ketmaganidan sevinaman.

Atrofga razm solaman. Turfa anvoyi gullar, mevali daraxtlar, ishkomlar hovliga fayz berib turibdi. Nevaralari, qiz-kelinlari domlaning xizmatida parvona. Ayvondagi aylanma stol ustida gazeta-jurnallar, atoqli adib Chingiz Aytmatovning "Asrga tatigulik kun" romani. Domla fizikadan dars bersa-da, badiiy kitoblarni juda ko‘p o‘qirdi, hali ham kitobga mehri baland. 

- Keksalikda nima ham qilardim, ko‘proq kitob o‘qiyman, - deydi u. - Avval o‘qigan asarlarimni ham yana qayta o‘qib, olam-olam ma’no olaman. Kitobda, ilmda gap ko‘p.

Domla bilan suhbatlashayapmanu, yoshi to‘qsondan oshgan, bir umr o‘qituvchilik qilgan, o‘qigan, izlangan bu insonning hali-hamon ilmga tashnaligini ko‘rib lol qolaman. U yaqinda o‘qib tugatgan kitoblari haqida maroq bilan so‘zlaydi, vaqtli matbuotdan xabardor. Shuning uchun ham hamon tafakkuri keng, fikri tiniq, suhbati maroqli. Ilm u kishining suratiga ham, siyratiga ham o‘zgacha nur baxsh etib turgandek go‘yo.

Jabbor XALIL,

yozuvchi