Jarayon 08.10.2019 4

IMKONIYATI CHEKLANGANLAR UCHUN – IMKON

Tez orada Qarshi shahridagi Roguzar mahallasi hududida imkoniyati cheklangan bolalar uchun reabilitatsiya markazi bo‘lgan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti qad rostlaydi.

150 o‘ringa mo‘ljallangan bu zamonaviy muassasa respublika maktabgacha ta’lim vazirligi va "LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilmoqda.

Hukumatning shu yil 3-oktabrdagi qaroriga muvofiq, bunday ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT) birgina Qarshi shahri emas, balki Toshkent viloyatining Qibray tumanida ham barpo etiladi. Buxoro shahrida esa yuqorida qayd etilgan vazirlik va kompaniyaning qo‘shma loyihasi doirasida 250 o‘rinli umumiy tipdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti ochiladi.

- Qarshi shahrida bunyod etiladigan yangi maskan uchun shu yilning aprel oyida Nukus shahrida foydalanishga topshirilgan va tarkibiy tuzilmasida imkoniyati cheklangan bolalar uchun reabilitatsiya markazi bo‘lgan "Imkon" ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti andaza bo‘ladi,  - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruz Jabborov. - Bu MTT jismoniy va aqliy rivojlanishi o‘ziga xos bo‘lgan bolalar uchun ham ta’lim dargohi, ham tibbiyot-sog‘lomlashtirish muassasasi vazifasini bajaradi. Unda standart xonalardan tashqari, basseyn, davolovchi jismoniy tarbiya zali, fizioterapiya, massaj, sensor, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonalari, shuningdek, ortoped, psixolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog  va boshqa vrach-mutaxassislar kabinetlari mavjud.

2021-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlarida ishga tushiriladigan obyektlarning binolari va inshootlarini loyihalashtirish, qurish, jihozlash va foydalanishga topshirish "LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani" MCHJning homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur kompaniya yangi muassasalar qurilishi bo‘yicha buyurtmachi ham sanaladi.

Qarshi shahridagi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTT uchun Jayhun ko‘chasida maydoni 1,9 gektarga teng yer uchastkasi ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu obyekt bo‘yicha "SDS Proekt" MCHJ bosh loyiha tashkiloti, "Yuksak parvoz qurilish" MCHJ esa bosh pudrat tashkiloti etib belgilangan.

Temur NIZOMOV