Qishloq xo'jaligi 12.04.2019 23

IMTIYOZLI KREDIT, QIMMAT KONSTRUKSIYA VA BECHORA TOMORQACHI

Muammo, mulohaza, munosabat

Yaxshi yashash yaxshi. Biroq buning uchun osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirish yaramaydi. Harakat qilish kerak, bor imkoniyatni ishga solish ayni muddao. Ahamiyatli jihati, bugun odamlar bu haqiqatni chuqur anglab yetayapti. Kimdir imkonini qilib tovuq, kimdir qo‘y, sigir boqayapti, shuning ortidan qo‘shimcha daromad olayapti. Ayniqsa, tomorqa yeriga ega ko‘pchilik aholi uni asosiy daromad manbaiga aylantirgan. Sakkiz yoki o‘n sotixlik hovlidan yigirma, o‘ttiz millionlab daromad olayotgan oilalar ko‘p.

Ta’kidlash joiz, hozir tomorqada issiqxona tashkil etishga qiziqish ham har qachongidan ortgan. Yaxshi-da, shu usulda yerdan yiliga uch, to‘rt marotaba hosil olishning manfaati ham shunga yarasha bo‘ladi. Oilaning bir necha a’zosining doimiy ish bilan bandligi ta’minlanadi. Shu bois, qudrati yetgan o‘z mablag‘i evaziga, yetmagani bank krediti yordamida tomorqasida issiqxona barpo qilayapti. Eng muhimi, tomorqachilarning bu intilishi davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayapti.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari asosida aholi, ayniqsa, doimiy ish bilan band bo‘lmagan mehnatkashlarga issiqxona qurishi uchun imtiyozli kreditlar berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Mana natija: so‘nggi 12 oyda 2 ming 624 nafar vohadoshimiz  issiqxona qurish uchun tijorat banklaridan jami 55 milliard 698 million so‘m imtiyozli kredit olishgan. Ammo bu ko‘rsatkich aholisi soni 3 milliondan ortiq, ularning teng yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda yashaydigan Qashqadaryo uchun juda-juda kamday, chamamda. 

Nega, issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditga ehtiyoji borlar topilmayaptimi? Javob qat’iy: bor, yetarlicha. Unda nima muammo?

Avvalo, tijorat banklari tomonidan issiqxona qurish uchun ajratiladigan imtiyozli kredit to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozga emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga beriladi. Ta’minotchi korxonalar esa narxni ancha oshirib olishgan. Masalan, bugungi bozor sharoitida 1 sotix yerda issiqxona barpo etish uchun faoliyati turdosh ustalar 3-3,5 million so‘m hisob-kitob qilayotgan bir paytda, ta’minotchi korxonalar bu xizmat uchun 6,5-7 million so‘m so‘rayotgani tez-tez  quloqqa chalinadi.

- Belgilangan tartibga ko‘ra, kredit olish uchun fuqaro avvaliga o‘z mahallasida tashkil etilgan kichik ishchi guruhga murojaat etishi lozim, - deydi ATB "Agrobank" viloyat boshqarmasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Alisher Haqqiyev. - Ishchi guruh tomonidan uning imkoniyatlari o‘rganilib, agar kreditga  tavsiya etilsa, zarur hujjatlari tayyorlanib, shahar yoki tumanlar hokimliklarida tashkil etilgan hududiy ishchi guruhlariga yuboriladi. Ular tomonidan ijobiy tavsiflangan loyihalar egalari hududda faoliyat yuritayotgan ta’minotchi, ya’ni xizmat ko‘rsatuvchi  korxonalardan birini tanlab, tegishli shartnoma imzolashi mumkin. Shundan so‘ng barcha hujjatlar to‘planib, viloyat hokimligi qoshida tashkil etilgan tashkiliy muvofiqlashtiruvchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan loyihalar hududiy ishchi guruhlarga ta’minotchi va tijorat bank filiallariga taqdim etish uchun yuboriladi. Ana undan keyin...

Bank mas’ul xodimining tushuntirishicha, ish bitgunga qadar yana qator talab va bosqichlar bor. Menimcha imtiyozli kreditga ega bo‘lish, issiqxonani bitirib olishgacha qancha vaqt, qancha qog‘oz, qancha rasmiyatchilik zarur bo‘lishini tasavvur qilish uchun shuning o‘zi yetarli.

Nishon tumanida uchta subyekt - "Nishon tomorqa xizmati", "Boyqo‘rg‘on Shahrisabz" MCHJlari hamda "Mirsharob" xususiy korxonasi tomonidan imtiyozli kredit olgan oilalarga issiqxona qurib berish xizmati ko‘rsatilarkan. Boshqasiga bank ko‘nmaydi. Imtiyozli kredit kerakmi, ulardan biri bilan shartnoma tuzishga majbursiz.

- Avvaldan ham issiqxonada sabzavot mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi tumanning Paxtazor mahallasida yashovchi Jonibek Xolmurodov. - Joriy yilda bankdan imtiyozli kredit olib, yana bitta issiqxona qurdik.

Ushbu 1 sotixlik issiqxona Jonibekka 7 million so‘mga tushibdi. Uning qo‘shnisi bo‘lgan To‘ychi Qayumov esa bank tomonidan berilgan 13 million so‘m imtiyozli kredit evaziga 2 sotixlik issiqxona barpo ettirgan.

- Albatta, mijoz bilan tegishli shartnoma tuzishdan oldin uning joyi, issiqxonaning qanday shaklda va o‘lchamda bo‘lishi, qanday materiallar ishlatilishiga qarab o‘rtacha narxni hisoblab chiqamiz va o‘z taklifimizni aytamiz, - deydi "Nishon tomorqa xizmati" MCHJ rahbari Dilmurod Musurmonov. - Hozirgi kunda eng yaxshi metalldan, sifatli qilib qurib beradigan 1 sotixlik issiqxonalarimiz o‘rtacha 6,5 million so‘mdan tushmoqda. Ishlatiladigan ashyolar, transport xarajati, ishchi kuchi va boshqa to‘lovlarni hisoblab chiqsak, bizga ham ko‘p foyda qolmaydi.

Ta’minotchi korxona rahbari  aytgan issiqxonalarni ham ko‘rdik. Ta’riflangani kabi emasligi shundoq ko‘rinib turibdi. Buncha pulga undan ancha yaxshirog‘ini qurish mumkin.

Mana, o‘rganishlarimizga ko‘ra, 1 sotix maydonda xuddi "tanlab olingan" ta’minotchi korxonalar tomonidan qurib berilayotgandek issiqxona barpo etish uchun zarur metall ashyolarga taxminiy hisob-kitob bo‘yicha ko‘pi bilan 2 million 500 ming so‘m zarur bo‘ladi. Uni  yopish uchun 400 ming so‘mga sellofan sotib olish lozim. Payvandchi usta metall  konstruksiyasini yig‘ib bergani uchun o‘rtacha 400-500 ming so‘m xizmat haqi olsin. Yana 700 ming so‘mni sim, metall ustunlar  tagini mustahkamlash uchun beton ishlari hamda transport xizmatlariga sarflasak, umumiy xarajatlar 4 million so‘mning nari-berisiga boradi. Bunga nima deysiz?

Endi o‘ylab ko‘ring,  kimdir o‘z yonidan pul sarflab, 4 million so‘mga 1 sotix yerda binoyidek issiqxona qurib olayotgan bir paytda, ehtiyojmand oilaga buning 6,5 millionga tushayotgani nechog‘lik adolatdan? 2-3 sotix yerda qurmoqchi bo‘lsa-chi? Bunga kredit foizi va yugur-yugurlar uchun ketgan xarajatni ham qo‘shib qo‘ysangiz qanchaga tushadi? Maqsad nima, ehtiyojmand oilani muqim daromad manbaiga, ish o‘rniga ega qilishmi yoki hafsalasini pir qilish? Mutasaddilarning bu savollarga qanday asoslantirilgan javobi bor?

Jahongir BOYMURODOV