Iqtisodiyot 03.05.2019 41

IMTIYOZLI KREDIT TADBIRKOR IMKONIYATINI OSHIRDI

Oilaviy tadbirkorlik

Muborak tumanilik Dilnoza Yarashevaning tadbirkorga aylanganiga hali yarim yil ham bo‘lmadi. Faoliyatini 2018-yil oxirida YATT sifatida boshlagan ishbilarmon erishib ulgurgan natijalar yomon emas. Bir necha yil boshqa ishlab chiqarish korxonalarida tajriba orttirgan qahramonimiz mustaqil biznes tashkil etish qaroridan bugun afsuslanmaydi.

- Hammasi pulga borib taqalgani sabab jiddiy siljish bo‘lishiga biroz ko‘zim yetmagandi, - deydi u. - Mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanayapti, yengilliklar bisyor. Puxta biznes-rejasi bo‘lgan kishilarga imtiyozli asosda kredit taqdim etilayapti. Shu imkoniyatdan biz ham foydalandik. Avvaliga 10 million so‘m moliyaviy ko‘mak oldik. Bunga un qorgich va pishirish pechi xarid qildik. O‘z sarmoyamizni ham qo‘shib, ijaraga olingan binoni sex va tamaddixona ko‘rinishiga keltirdik. Hozirda asosan qandolat mahsulotlari tayyorlayapmiz. Milliy shirinliklar turi 50 xilga yetdi. Asosan to‘y-marosim va tantanalar uchun buyurtma olayapmiz. Qolaversa, xaridorlar tasarrufimizdagi qahvaxonada ushbu pishiriqlardan bahramand bo‘lishi ham mumkin. Tuman markazidagi bir qancha savdo do‘koniga mahsulot tarqatishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Dilnoza Yarasheva shu qisqa fursat ichida qo‘lga kiritgan yutuqlaridan yanada ruhlangan. Bunday deyishimizga sabab hali hech qancha vaqt o‘tmay tadbirkor tijorat bankidan boshqa bir maqsad uchun 23 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga ulgurdi. Ajratilgan mazkur mablag‘ ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Natijada ushbu oilaviy biznes subyekti chetdan qo‘shimcha ishchi kuchi jalb etish imkoniga ham ega bo‘lgan.

Mirzohid JO‘RAYEV

Surat muallifi Sobir NARZIYEV.