Yilnoma 13.04.2017 1256

INSON MANFAATLARI HAR NARSADAN USTUN

Muloqot

INSON MANFAATLARI HAR NARSADAN USTUN

Mamlakatimizda inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, turli idora va tashkilotlar rahbarlari, mas’ul xodimlari ishtirokida aholi vakillari bilan o‘tkazilayotgan muloqot va sayyor qabullar ham bu borada muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi tashabbusi bilan Qarshi shahridagi Chaqar mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari bilan o‘tkazilgan tadbir ham Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mahalla faollari zimmasidagi muhim va istiqbolli vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborli bo‘ldi.

Uchrashuvda mamlakatimizda inson, uning manfaatlari hamma narsadan ustunligi, aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, hayot farovonligini oshirish masalalari    ustuvor vazifalardan ekani ta’kidlandi. Shunga muvofiq aholi vakillarini o‘ylantirayotgan va qiynab kelayotgan masalalar    atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, Mavjuda Baybishanova uyining tom qismini ta’mirlash, Beg‘am O‘sarova qizining ko‘zini operatsiya qildirish, Abdulaziz Aitov uyi atrofida joylashgan tovuq bozori va avtomobillar to‘xtash joyining noqulaylik tug‘dirayotgani, Xolisxon Po‘latova ko‘chalarda tungi yoritqichlarni o‘rnatish kabi masalalarda yordam berishni so‘rab murojaat qilishdi. Mazkur masalalarni tegishli mutasaddilar ishtirokida hal qilish choralari ko‘rildi.

Ayni paytda aholi vakillari tomonidan qator takliflar ham o‘rtaga tashlanib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.

Dilshod JAMOLOV, O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Qarshi shahar kengashi raisi