Ma'naviyat 23.08.2019 49

INSONNING IKKI DUNYODAGI SAODATI AYNAN AQIDASIGA BOG‘LIQ

Shaxs va din

Aqida (arabcha "aqd" - bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash, ko‘pligi - aqoid) - balog‘atga yetgan kishi e’tiqod qilishi, imon keltirishi, islom dinining zaruratlari shaklida tasdiq qilishi, qalbiga mahkam bog‘lab olib undan ajralishi mumkin bo‘lmagan shar’iy e’tiqodiy hukmlardir. Insonning ikki dunyodagi saodati esa aynan aqidasiga bog‘liq. Agar aqidasi pok bo‘lsa, yo‘li to‘g‘ri bo‘ladi, qilgan barcha amallari qabul bo‘ladi va bandalik bilan sodir etgan ba’zi gunohlari afv etiladi. Agar aqidasi sof bo‘lmasa, buzuq bo‘lsa, yo‘li noto‘g‘ri bo‘ladi, qilgan amallari behuda ketadi va oxirati ham shunga yarasha bo‘ladi.

Aqida masalasi o‘ta muhim bo‘lganidan ham, Odam Atodan boshlab, oxirgi payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)gacha bu masalani Alloh taoloning o‘zi ko‘rsatib bergan. Shu bois azaldan to hozirgacha aqida masalasi bir xil bo‘lib kelgan.

Islom aqidalarining asosi Qur’onda berilgan, hadislardagi ko‘rsatmalar negizida ishlab chiqilib, tartibga solingan. Islomning sunniylik yo‘nalishi ilohiyotda e’tirof etiladigan aqidalar yoki imon talablari 7 ta: Allohning yagonaligiga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, payg‘ambarlarga, oxiratga, taqdirga va qiyomat kuni barchaning qayta tirilishiga ishonish.

Aslida biror narsaga e’tiqod qilish uchun uni hech qanday shubha qoldirmaydigan darajada yaxshi bilish, buning uchun avvalo o‘sha narsani idrok qilish kerak. Keyin esa o‘sha hissiy idrok ilmiy ma’rifatga aylanishi lozim. Qachonki ma’lum bir ilm bizning fikrimizga aylanib, his-tuyg‘ularimizni yo‘llaydigan va harakatlarimizni boshqaradigan holga yetganda aqidaga aylangan bo‘ladi. Demak, aqida ilmga asoslangan bo‘lishi lozim.

Aqida islomning asosi bo‘lgani uchun ham uni buzishga harakatlar har doim bo‘lib kelgan. Xususan, katta sahobiylarning vaqtlaridayoq aqidaviy bahslar olib borishga majbur bo‘lingan edi. Tobe’inlar davriga kelib holat yanada jiddiylashdi. Chunki bu paytda mo‘taziliy, qadariy, xorijiy kabi ko‘plab buzuq aqidadagi toifalar tarqalib bo‘lgan edi. Bundan tashqari, dinbuzarlar va dindan o‘z maqsadida foydalanishni maqsad qilganlar ham ko‘paygandan ko‘paygan edi. Ana shunday og‘ir paytlarda sof islom aqidasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar dunyoga keldi va bu zotlar vazifalarini munosib bajardilar. Ular ahli sunna val jamoa aqidasining munosib himoyachilari bo‘lib, bu yo‘lda juda mashaqqatli ishlarni bajardilar. Bu borada imom Ash’ariy va imom Moturidiyni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.

"Ahli sunna val jamoa" - Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning yo‘llarida yuradigan hamda qiyomat kunigacha ularga ergashgan musulmonlar jamoasi deganidir. Ushbu mazhabni mahkam ushlash zarurligi aqoid kitoblarimizda qat’iyat ila ta’kidlangan. Xususan, imomi Tahoviyning Aqoid kitobiga yozilgan sharhda shunday deyilgan: "Sunnatga va jamoatga ergashamiz. Nodir va xilof masalalardan va tafriqadan chetda bo‘lamiz".

Rasululloh (s.a.v.) hadislarida shunday deganlar: "Sizlardan kim mendan keyin yashasa, ko‘p ixtiloflarni ko‘radilar. Bas, sizlar mening sunnatimni va mendan keyingi roshid xalifalarning sunnatini mahkam tutinglar. Ularni mahkam ushlab, tish bilan tishlagandek tutinglar" (Imom Bayhaqiy, imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: "Kim jamoatdan bir qarich ajralsa, batahqiq bo‘ynidan islom bo‘yinbog‘ini yechgan bo‘ladi".

Yuqoridagi oyat va hadislarga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, musulmon inson sof aqida va e’tiqodda bo‘lishi va uni asrab-avaylashi uchun ulamolarimiz quyidagilarni ham ta’kidlab o‘tishgan.

1. Dinimizni o‘rganishda o‘tgan solih musulmon ajdodlar izidan borishimiz, dinni ko‘ringandan olavermay, ma’lum sifatlarga ega ulamo zotlardan olishimiz zarur.

2. Ulamolarni hurmat qilish va ularga ergashish. Chunki Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomda qo‘yilgan.

"Albatta Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar", deyilgan ("Fajr" surasi 28-oyat).

3. Farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish. Ularni qarovsiz qoldirib, tarbiyasini hammaga ham ishonib topshirmaslik. Chunki buning oqibati qanday tugashi yaxshi ma’lum.

Oxirgi yillarda yoshlarimizning soddaligi, dinga bo‘lgan qiziqishi, savodini oshirishga bo‘lgan intilishlaridan o‘z g‘araz maqsadlarida foydalanmoqchi bo‘lganlar ko‘p bo‘ldi. Zero, Rasululloh (s.a.v.) "Mo‘min odam o‘zini bir kovakdan ikki marta (ilon chiqib) chaqilmog‘iga yo‘l qo‘ymas", deganlar.

4. Turli toifa, firqa va hizblardan ehtiyot bo‘lish kerak. Alloh: "Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biror xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa) olib kelgan xabarlarni aniqlab, tekshirib ko‘ringlar" ("Hujurot" surasi 6-oyat) deb buyurgan.

5. Payg‘ambar (s.a.v.) "Eshitgan gapini (tekshirmasdan) boshqalarga yetkazish kishining kazzobligi (yolg‘onchiligiga) yetarli dalildir", deganlar. Demak, kimningdir g‘oyalarini tekshirib ko‘rmay, unga ergashib ketaverish dinimizga zid, bunday ishlar firqalanish va fitnaga olib keladi.

6. Kishilar o‘rtasida ahil-inoqlik va do‘stlikni mustahkamlash.

7. Vatan va xalq foydasi uchun xizmat qilish. Islomning sof aqidasiga zid o‘tmish ulamolar merosiga muvofiq bo‘lmagan musulmonlar orasida fitna va bo‘linishga olib keladigan har qanday "yangilik" va bid’atlarga chek qo‘yish lozim. Zero, Rasululloh (s.a.v.) "(Dindagi) har qanday yangilik bid’at, har bir bid’at - zalolat, har bir zalolat esa do‘zaxdadir", deganlarida ham diniy ishlarga kiritiladigan o‘zgartirishlarni nazarda tutganlar.

Yuqoridagi gaplardan ko‘rinib turibdiki, ahli sunna val jamoa aqidasining   boshqa oqimlardan farqi shundaki, uning birinchi navbatda Payg‘ambar (s.a.v.)ning, sahobai kiromlarning va o‘tgan ulug‘ mujtahid olimlarning yo‘lini mahkam tutganligidadir.

Qolaversa, ahli sunna val jamoaning barcha ishlarda, xususan, aqidaviy masalalarda vasatiya, ya’ni - o‘rtachalik yo‘lini tutganligi uning boshqa oqimlardan farqi va afzalligini ko‘rsatib turadi. Zero, avvalu oxir aqidaviy bo‘linishlar va undagi adashishlarning asosi sof islom aqidasidan chetga chiqish va g‘uluvga ketish hisoblanib kelgan.

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi