Tibbiyot 15.11.2018 145

INSULT BO‘LMASLIK UCHUN...

Tibbiyot

INSULT BO‘LMASLIK UCHUN...

Qarshi shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston nevrologlar assotsiatsiyasi va viloyat hokimligi hamkorligida “Insult profilaktikasi va uni davolash” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda insultga qarshi kurash, profilaktika, diagnostika, davolash ishlari sifatini oshirish, bemorlarga tibbiy-reabilitatsiya yordami ko‘rsatish bo‘yicha ilm-fan erishayotgan eng so‘nggi yangiliklar taqdim etildi.

Shuningdek, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali, Qarshi shahridagi “Fayz” savdo majmuasi, “Makro” supermarketi, 1-oilaviy poliklinikada “Insult profilaktikasi va uni davolash” mavzusida aksiya tashkil etildi. Unda ishtirokchilar nevropatolog, nevrolog, terapevt, diyetolog va boshqa mutaxassislardan insultga olib keluvchi omillar, oldini olish choralari, sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari va sportning ahamiyati, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va asabni asrash uslublari xususida ma’lumot oldilar.

- Tadbir davomida 850 nafar kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh terapevti Dilorom Aliqulova. – Ularning 40 foizida qon bosimi oshgani aniqlangan bo‘lsa, 25 foizi birinchi marta qon bosimini o‘lchatgani ma’lum bo‘ldi. Aksiya davomida Sog‘lom turmush tarziga rioya etish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish kasallikka qarshi kurashning eng muhim mezoni ekanligi, jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida “Geolog” majmuasida tennis, mini-futbol, yugurish bo‘yicha sport musobaqalari ham tashkil etildi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shohista BOZOROVA