IQTIDORLI O‘QUVCHILARGA OLTIN VA KUMUSH MEDALLARI TOPSHIRILDI

Yoshlar - kelajagimiz

Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da viloyatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 206 nafar iqtidorli bitiruvchisiga oltin, yana 283 nafariga esa kumush medallari topshirildi.

Viloyat hokimligi va xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tantanali marosimga soha yetakchilari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar taklif etildi.

Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi va mamlakatimiz hukumatining  tegishli qaroriga asosan tasdiqlangan "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida"gi Nizom mohiyati hamda 2018-2019-o‘quv yilida viloyatimiz yoshlari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida so‘z yuritishdi.

- Sinfdoshlarim Zulayho Mamatqulova, Dilfuza Ahmedova, Laziz Usmonov, Azizbek Ikromovni tabriklagani keldim, - deydi G‘uzor tumanidagi 34-maktab o‘quvchisi Asilbek Mirzayorov - Ular maktabimizning iqtidorli o‘quvchilari. Kelajakda biri o‘qituvchi, qolganlari shifokor, texnik-muhandis va uchuvchi bo‘lishni niyat qilishgan.

- Qizim Gulnoza Qambarova Chiroqchi tumanidagi 6-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati bitiruvchisi, - deydi Xosiyat Abdullayeva. - Oltin medalga 10- va 11-sinflarda barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgani, namunali xulq-atvori va jamoat ishlaridagi faolligi, shuningdek, fan olimpiadalaridagi yaxshi natijalari sabab erishdi. Ishonamanki, bu medal Gulnozaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, kelajakda yana ko‘plab yutuq va muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishiga asos bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2018-2019-o‘quv yilida viloyatimizdagi 1 ming 117 ta maktabda 32 ming 501 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomladi.

Sojida ALLAYOROVA

Sobir NARZIYEV olgan surat.