Iqtisodiyot 23.08.2019 42

ISH BERUVCHI HAM, ISHCHI HAM MANFAATDOR HAMKORLIK

Mirishkor tumanida ham aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, kam ta’minlangan oilalarning qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xuddi shu maqsadda, joriy yil doimiy ish bilan band bo‘lmagan 100 nafardan oshiq xotin-qizga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinalari berilgan edi. Ularning bir qismi bu imkoniyatdan unumli foydalanib, mustaqil ravishda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, bir qismi bu ishda qiynalgani ham bor gap. Kimda  mahsulotni tayyorlash, yana kimda uni realizatsiya qilish oson kechmadi.

Shu bois, tuman hokimligi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan bu muammo o‘zgacha usulda hal etildi.

Endi o‘z tikuv mashinasiga ega bo‘lgan 80 nafar xotin-qiz tumanda faoliyat yuritayotgan "Yuksak Niginabonu" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga kasanachilik asosida biriktirildi. E’tiborli tomoni, ular mahsulotni uyda emas, balki barchasi bir joyda, hududdagi "Mehnat rohati" guzarida tashkil etilgan tikuvchilik sexida o‘tirib tayyorlashadi.

- Kerakli mato ta’minotchi korxona tomonidan yetkazib beriladi, - deydi ishchilardan biri Dildora Fayziyeva. - Biz esa buyurtma qilingan mahsulotlarni tayyorlab beramiz. Masalan, hozir har xil turdagi kiyim-kechaklar, fartuk, sochiq, choyshab kabi buyumlarni tikayapmiz. Ishimizga qarab haq to‘lashadi. Faoliyatdan juda ham mamnunman.

Bu yerda xodimlarning bemalol ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Ta’minotchi  korxona tomonidan har kuni  tushlikka issiq ovqat tashkil etiladi. Ishchilarning tuman markazidan kelib-ketishlari uchun avtobus ajratilgan. Natijada ish beruvchining ham, ishga olingan xotin-qizlarning ham manfaatdorligi ta’minlanayapti.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.