Iqtisodiyot 06.08.2019 60

ISHCHI GURUH NIMANI O‘RGANADI?

Shu kecha-kunduzda Kitob tumanidagi kichik biznes subyektlari (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) soni 1337 tani tashkil etadi. Ammo ularning hammasi ham o‘z faoliyatini risoladagidek davom ettirayotgani yo‘q.

Xususan, davlat soliq inspeksiyasi bazasidagi ma’lumotga ko‘ra, 1 iyul holatida tumandagi 324 ta kichik biznes subyekti faoliyat ko‘rsatmasdan turibdi. Ularning 23 tasi   10 yildan, 40 tasi 5 yildan, 19 tasi 3 yildan, 192 tasi 1 yildan hamda 50 tasi 6 oydan oshiq vaqtdan buyon ishlayotgani yo‘q.

Xo‘sh, ular nima uchun ishlamayapti? O‘n yildan buyon ishlamayotgan, nomi boru o‘zi yo‘q subyektlarni saqlab o‘tirishdan kimga naf?

Bu tahlil O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov tomonidan joriy yilning 23-iyul kuni Prezident raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlab o‘tildi.

Unda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh oldiga ishbilarmonlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni aniqlash, ularning tahlili natijasida zarur takliflar  ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Olib boriladigan ishlar aniq tushuntirilib, vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan muayyan hududdagi yer maydonlarining "e-ijro auksion" elektron savdosiga chiqarilishi, ularga narx belgilash tartibi, buzilgan ("snos"ga tushgan) obyektlarni kompensatsiya qilish holati, qaytarilmagan kreditlar, xorijiy investitsiyalarning o‘zlashtirilishi, bo‘sh turgan bino va inshootlar, yangi ish o‘rinlarini yaratish va boshqa shu kabi holatlar to‘liq o‘rganilib, ularning har biri bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlanadi.

Ishchi guruh viloyatning har bir tuman (shahar)ida xuddi shu tartibda faoliyat olib boradi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolarni aniqlash va tezkor hal etish choralarini ko‘rish belgilangan.

J.QILICHEV