ISHGA IJODIY YONDASHA OLISH - PEDAGOGNING YUTUG‘I

Ta’lim

ISHGA IJODIY YONDASHA OLISH - PEDAGOGNING YUTUG‘I

Ona tilidan tashqari yana bir-ikki tilni o‘zlashtirgan  tolibi ilmning hayotdagi imkoniyati ham shunga mutanosib tarzda ortib borishini hech kim inkor etmaydi. Binobarin, dunyo tan olgan allomayu ajdodlarimiz, bugungi kun ziyolilari yoshlarni ilm olishga, til o‘rganishga undashi, da’vat etishi bejiz emas. Shunga monand, yurtimizda ta’lim sohasini isloh qilish hamda uni  dunyo ta’lim standartlariga mos keladigan darajaga yetkazish uchun amalga oshirilayotgan keng qamrovli sa’y-harakatlarda ham chet tilini o‘qitish samaradorligini oshirish, ushbu jarayonda eng so‘nggi ta’lim texnologiyalaridan foydalanishni amaliyotga tatbiq qilish muhim vazifalardan biri etib belgilangan.

Tan olish kerak, bugun jamiyatda til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish juda ortgan. Xo‘sh, mana shunday bir paytda tolibi ilmning bu ehtiyojini qanday qondirish mumkin?

 Nazarimda, til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq yonib turgan gulxandek gap. Agar unga muntazam o‘tin qalab turmasak, yonishdan to‘xtashi ayon. Ana shu vazifani esa ta’lim muassasalarida chet tili o‘qituvchilari bajarishi lozim. Zero, ilm istovchining til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ko‘p tomondan uning qiziqishlari qay darajada qondirilib borilayotgani negizida ortib boradi. Bu o‘rinda o‘qituvchining til o‘rgatishga bo‘lgan harakati u ta’lim berayotgan o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqiga hamohang kelishi juda muhim. Ma’lumki, keyingi yillarda chet tillarini o‘qitishda ham qator interaktiv usullardan keng foydalanilayapti. Ushbu zamonaviy dars o‘tish texnologiyalarining eng samaralilaridan biri bu - mashg‘ulot jarayonida asosiy rolni o‘rganuvchilarga topshirish. O‘qituvchi esa bunda ularning ijrosi mukammal bo‘lishini nazorat qiladi va rejissorlik vazifasini zimmasiga oladi. Dars qanchalik chiroyli va xilma-xil ssenariy asosida tashkillashtirilsa,  samara ham kutilganidek bo‘ladi.

Amaliyotda o‘quvchiga muayyan vazifa berib, uning shartlarini aniq va to‘kis tushuntirib bermaslik hollari uchraydi. Natijada o‘rganuvchi o‘zini qiyin ahvolga tushib qolgandek his etadi va uning fanga bo‘lgan qiziqishi asta-sekin susayib boradi. Ana shu kamchilikka yo‘l qo‘ygan til o‘qituvchisi mehnati samarasi esa yuzaga chiqmay qoladi.

Xullas, bugun faoliyatini ta’lim tizimida amalga oshirayotgan har bir pedagogdan kreativlik talab etiladi. U o‘z ishiga ijodiy yondasha olsa va dars o‘tishda qo‘llayotgan uslublari samarasi hamda kamchiliklarini tahlil etib, uni mukammal darajaga keltirishga erishsa, kutilgan natija bo‘ladi. Zero, mantiq asosida qiziqarli tashkil etilgan har bir saboq o‘rganuvchiga tez yetib boradi, xotirasida uzoq saqlanadi. 

Shahnoza NORQOBILOVA,

Qarshi davlat universiteti akademik litseyining ingliz tili fani o‘qituvchisi