Ta'lim 25.12.2018 43

ISHI YURISHMAYAPTIMI - BILINGKI, UNING KASBIGA MEHRI YO‘Q…

Tengdosh - tengdoshga

ISHI YURISHMAYAPTIMI - BILINGKI, UNING KASBIGA MEHRI YO‘Q…

"Ba’zi odamlar butun umr davomida xudo bergan o‘z iste’dodi  yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelmaydigan kasblar bilan shug‘ullanib, o‘zlarini o‘zlari tanimay, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarolmay dunyodan o‘tib ketadilar", deb yozgan edi adabiyotshunos olim Mahmud Sattor.

Endi, aziz tengdoshim, sizga oddiy bir sirdosh, oddiy bir o‘quvchi sifatida murojaat qilmoqchiman. Siz o‘zingiz orzu qilgan kasb yo‘lidan ketayapsizmi? Tanlagan kasbingiz sizga zavq bag‘ishlashiga ishonchingiz komilmi? Menimcha, yuqoridagi savollarga javob berish siz uchun bir muncha mushkul.

Ba’zan dastlabki tanlovlarda o‘smir yigit yoki qiz erkin emas, balki ota-onasining mavqei va moddiy holatiga qarab kasb tanlashga majbur bo‘ladi. Vaholanki, kechagina maktab partasida "Kim bo‘lsam ekan?" mavzusida insho yozganda o‘z ko‘nglidagi orzularini ro‘y-rost bayon etgan yigit yoki qiz haqiqiy hayot bo‘sag‘asida orzusini bir yonga qo‘yib, butunlay boshqa bir sohani "tanlaydi". 

Bugungi kunda oramizda shunday yoshlar ham borki, o‘zlari orzu qilgan institut yoki universitetni tanlashga qo‘rqishadi yoki aksincha, yetarli bilim-ko‘nikmaga ega bo‘lmay turib, hujjat topshirishadi, ishlari o‘xshamagach, "taqdir ekan-da" deb juda kam odam borgan biror bir o‘quv yurtiga oshiqadi. Qarabsizki, bir oydan so‘ng talaba bo‘lib, hammaga maqtanib yuraverishadi. Endi ayting-chi, shunga o‘xshash o‘zi yoqtirmagan, lekin kirish birmuncha oson bo‘lgan oliy o‘quv yurtini tamomlagan yoshlar kelajakda kim bo‘lib yetishadi? Bolalardan bezor o‘qituvchi, qondan qo‘rqadigan shifokor, texnikani yoqtirmaydigan muhandis, o‘simliklarni sevmaydigan agronom… Shunday emasmi? Ayting-chi,  orzu havaslari ro‘yobga chiqmagan odamning jamiyatga qanday nafi tegishi mumkin? Uning qo‘lida tarbiya topgan yoshlarning ertangi kuni qanday bo‘ladi? Axir jamiyatimiz o‘z kasbini sevadigan, unda jon-dili bilan ishlaydigan bir mutaxassisdan mahrum bo‘lmaydimi? Uning o‘rnida ishlayotgan o‘rtamiyona odam, jamiyatimizga qanday naf keltiradi?

Bizdan baxt nima deb so‘rashganida, hech ikkilanmay oilamiz, yurtimiz tinchligi, salomatligimiz, yaqinlarimiz yonimizdaligi haqiqiy baxt deb javob beramiz. Aslida kasbni sevishning o‘zi ham bir    baxtdir.

"Atrofingizdagi ishi yurishmagan, ro‘zg‘ori xarob, hayotidan ko‘ngli to‘lmay yurgan odam, bilingki: yo aniq kasbi yo‘q, yo kasbiga mehr qo‘ymagan, mehr qo‘yish uchun iroda, sabr topmagan kimsadir", deb yozgan edi ma’naviyatimiz jonkuyari Tursunoy Sodiqova.

Psixologlarning fikricha, o‘z kasbidan sovib qolishning sababi kasbga yo‘naltirishdagi xatolik ekan. "O‘zingiz zavq oladigan kasb-kor topib olgan  bo‘lsangiz, bu Tangrining sizga bo‘lgan behad muruvvatidir", deyiladi Tibet hikmatlarida.

  Zarina PO‘LATOVA,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi