Iqtisodiyot 09.04.2019 78

ISHLAB CHIQARISH TARMOG‘I KENGAYDI

Yoshlar tadbirkorligi

Qariyb 3 milliard so‘m sarmoya o‘zlashtirilib, 50 kishi doimiy, yana shunchasi mavsumiy ish bilan ta’minlandi. "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi doirasida G‘uzor tumanida 2018-yilda 14 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi shunga keng imkoniyat taqdim etdi. Yoshlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani, ularga zarur moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgani samarasi bu.

Mana birgina misol. Hududdagi "Zayniddin Zafarovich" firmasiga yosh ishbilarmon Zarif Qulmatov rahbarlik qilmoqda. Korxona jamoasi sanoat sohasida o‘zlarini sinab ko‘rgan, pishiq g‘isht ishlab chiqarish quvvatlariga ega. O‘tgan davrda tadbirkorlik subyekti faqat shu yo‘nalish bilan cheklanib qolayotgandi. Tadbirkor esa qulay fursatni qo‘ldan boy berishni o‘ziga ep bilmadi. Biznes-reja ishlab chiqdi. Ancha ommalashgan bo‘lsa-da, issiqxona xo‘jaligi yuritish fikriga to‘xtaldi. Hisob-kitobga ko‘ra, 200 million so‘m atrofida mablag‘ talab etiladi. Loyiha tegishli jamg‘armaga taqdim etildi. Tashabbus o‘zini oqlashiga shubha yo‘q, shuni e’tiborga olib, tadbirkorga  darhol moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi.

- 5 yilga, uning ustiga 1 yillik imtiyozli davr bilan 150 million so‘m kredit ajratishdi, - deydi Zarif Qulmatov. - Qolgan xarajatni o‘z hisobimizdan qildik. Bultur kuzning oxirida 15 sotix maydonda issiqxonani to‘liq barpo etib, nihollarni ham ekkandik. Yaqindan boshlab esa pishib yetilgan mahsulotning bir qismini bozorga chiqardik. Shu choqqacha 5 tonna sarxil pomidor va 3 tonna bodringni hudud aholisi dasturxoniga yetkazib berdik. Hali hosil ko‘p. Har sotixdan 3-4 tonna mahsulot olish mo‘ljalimizda yo‘q emas. Men kabi yosh tadbirkorlarga bunday imkoniyat berilgani ayni muddao bo‘ldi. Faoliyatimiz kengaydi, daromad salmog‘i oshdi. Qolaversa, qo‘shimcha ravishda 5 nafar yosh yigit-qiz foydali mehnatga jalb qilindi.

Keng ko‘lamli dastur doirasida atigi 14 ta loyiha amalga oshishi katta bir tuman uchun maqtanarli raqam emas, albatta. Chunki G‘uzorda bugun biznes boshlashga, jiddiy tadbirkorlikka qo‘l urishga chanqoq yoshlar talaygina. Shu maqsadda 2019-yilda bu hududda 50 dan ortiq tashabbusni ro‘yobga chiqarish kutilayotgani ham bejiz emas. Faqat shu yo‘nalishga ajratilayotgan imtiyozli kredit miqdori ham salmoqli - 12 milliard 810 million so‘m. Loyihalarning muvaffaqiyatli ishga tushishi 350 nafar insonning daromad manbaiga ega bo‘lishiga sharoit hozirlaydi. Bu tashabbuslarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilgani esa kelgusida tumanda shu tarmoqlar ravnaqiga turtki berishi aniq.

Mirzohid JO‘RAYEV 

Sobir NARZIYEV olgan surat.