Iqtisodiyot 30.08.2019 34

Islohot odimlari

Islohot odimlari

Ma’lumki, mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosining 13 foizi, qazib olinayotgan gazning 64, neftning 67, gaz kondensatining 87 foizidan ortig‘i, shuningdek, g‘alla va meva-sabzavotning katta qismi viloyatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ularni shu yerning o‘zida chuqur qayta ishlashni tashkil etish uchun ayni muddao. Ana shundan kelib chiqib, bugun bir qator quvvatlar ustida ish olib borilayaptiki, ushbu loyihalar bilan tanishgach, vaqt kelib ular nafaqat viloyat, balki mamlakat sanoati o‘sishiga ham sezilarli ijobiy ta’sir o‘tkaza olishiga amin bo‘lasan kishi. 

"Oltin yo'l GTL"

2016-yil 29-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi metan tozalash bazasida sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qarori qabul qilingan edi.

Ayni paytda "Oltin yo'l GTL" nomi bilan ataluvchi mazkur zavod G‘uzor tumanining Sho‘rtan qo‘rg‘onida  bunyod etilmoqda. U yiliga 3,5 milliard kubometr gazni qayta ishlab, 863,4 ming tonna dizel yonilg‘isi, 304 ming tonna aviakerosin, 395,5 ming tonna nafta va 11,2 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish imkonini beradi.

Obyektning sozlash-ishga tushirish ishlari kelgusi yilning uchinchi choragida amalga oshirilishi, to‘rtinchi choragida esa zavod to‘liq faoliyat boshlashi kutilayapti.

Sanoat gigantlari ham endi hamkorimiz

"Indorama group" kompaniyasi Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik sanoat subyektlaridan hisoblanadi. U 1976-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Singapurda joylashgan, jahonning ko‘plab davlatlarida yirik korxonalari mavjud.

Kompaniya to‘qimachilik, bundan tashqari neft va gaz-kimyo tarmoqlari, poliester va sintetik matolar, kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘nalishiga ixtisoslashgan yirik quvvatlariga ega.

E’tiborli tomoni, mazkur subyekt endilikda mamlakatimiz, xususan viloyatimizda ham o‘z faoliyatini boshladi. Ayni paytda mazkur kompaniya tasarrufidagi "Indorama agro tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati Kasbi va Nishon tumanlaridagi qariyb 11 ming gektar yer maydonida paxta yetishtirmoqda. Olingan xom ashyo kompaniyaning yurtimizdagi korxonalarida qayta ishlanishi ko‘zda tutilgan.

Uchtasi birda

2017-yilda Qarshi tumani Qoratepa qishlog‘ida "LT Textile International" xorijiy korxonasi ish boshladi.

Eng zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan majmuada paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarilmoqda.

Ahamiyatli tomoni, bu - loyihaning birinchi bosqichi, xolos. Ikkinchi bosqichda shu yerning o‘zida tayyorlangan ip-kalavadan tayyor mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Umumiy qiymati 100 million AQSH dollarini tashkil etadigan ushbu loyiha ham kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2020-yildan korxona klaster tizimiga o‘tadi. Ya’ni, viloyat hududidan 40 ming gektar yer olib, 300 million AQSH dollari sarflash evaziga zarur qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, kerakli infratuzilmani shakllantirish hamda kuchli mutaxassislarni jalb etish orqali oliy navli paxta tolasi yetishtirish maqsad qi-lingan.

Har uchala loyiha to‘liq amalga oshirilgach, korxona yaratgan ish o‘rinlari miqdori qariyb 2,5 mingtaga yetadi.

Markaziy Osiyoda yagona

Dehqonobod kaliy zavodi nafaqat viloyatdagi, balki mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biridir. U Markaziy Osiyodagi kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yagona zavod hisoblanadi.

Zavodning xom ashyo qazib olish va ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga tizimli ravishda oshib bormoqda. Misol uchun, korxona faoliyat boshlagan ilk yillarda mahsulot eksporti hajmi 30 ming tonnaga ham yetmagan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 230 ming tonnadan oshdi. Ayni vaqtda 18 mamlakatga tovar eksporti amalga oshirilmoqda.

Zavodda bir qancha texnologiyalarni yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini ko‘paytirish ustida ish olib borilayapti. Yaqin vaqt ichida ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi ham, miqdori ham oshadi. Natijada ish o‘rinlari soni yana 900 taga ko‘payib, 3 mingga yetadi.

Keltirganimiz - bor-yo‘g‘i 4 misol. Lekin islohotlar samaralarini tasavvur etish uchun yetadi. Mana e’tibor qiling, ana shu loyihalar asosida 10 ming nafar atrofida odam doimiy ishli bo‘ladi (ko‘pchilik hozirdan ishlayapti). Shuning ortidan doimiy daromadga erishadi, hayoti farovonlashadi, ro‘zg‘ori butlanadi. Bu kabi yirik loyihalar esa viloyatimizda o‘nlab, mamlakatimizda yuzlab amalga oshirilayapti. Sanoat sohasidagi islohotlardan qancha aholi bevosita manfaatdor ekanini shundan tasavvur etavering. Quvonarlisi, mamlakatimizda bu kabi o‘zgarishlar hamma sohada kechayapti.

JAHONGIR tayyorladi.