Iqtisodiyot 05.04.2019 27

ISSIQXONA MAYDONI 2 BAROBAR KENGAYDI

Yoshlar tadbirkorligi

Muborak tumanidagi "Eshqulova Gulxumor" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati asosan issiqxona xo‘jaligi yuritishga ixtisoslashgan. O‘tgan yilning oxirigacha ushbu tadbirkorlik subyekti 40 sotixdan sal ko‘proq maydonda sabzavot mahsulotlari parvarishlab kelardi. Ammo ushbu ko‘lam mavjud imkoniyatga mos emas. Zarur sharoit yetarli bo‘lgani holda qamrovni kengroq olishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Natijada korxona rahbari, yosh ishbilarmon Zulfiya Yo‘ldosheva qo‘shimcha yer olib, issiqxona barpo etishga qaror qildi.

- Xo‘jaligimiz maxsus sanoat hududida joylashgan bo‘lib, issiqxonani isitish uchun energiya tejamkor usullardan foydalanish imkoniga egamiz, - deydi u. -  Hududdagi issiqlik manbai tashkiloti kerakli haroratdagi suv bilan ta’minlab turibdi. Bu esa sarf-xarajatimiz kamayishiga zamin yaratayapti. Qolaversa, mahsulotimizga talabgor ko‘p. Ichki bozordan mustahkam o‘rin egallaganmiz. Bultur xorij mamlakatiga ham qiymati 10 ming AQSH dollaridan ziyod pomidor va bodring yetkazib berdik. Shu kabi omillar faoliyatimizni yanada kengaytirishga undadi. "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi doirasida o‘tgan yili loyihamizni taqdim etdik. Mazkur tashabbusimiz ma’qullanib, bizga tijorat banki tomonidan imtiyozli asosda qariyb 430 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Shuningdek, bunga 160 million so‘m o‘z sarmoyamizni ham qo‘shdik.

Tadbirkor ushbu istiqbolli loyihani tez sur’atda amalga oshirishning uddasidan chiqqan. Loyiha moliyalashtirilgach, 50 sotixdan ziyod maydonda zamonaviy inshoot qurib, joriy yil yanvaridan e’tiboran mahsulot parvarishiga kirishdi.  Bugungi kunda xo‘jalikda pomidor va bodringning serhosil  navlari o‘stirilmoqda. Mahsulot yaqin orada pishib yetiladi va sotishga tayyor bo‘ladi. Boshqa bir muhim jihat loyihaning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lganidadir. Xo‘jalikda ish ko‘lami oshishi evaziga qo‘shimcha 10 nafar ishchini mehnatga jalb etish zarurati paydo bo‘ldi.

Suratda: issiqxona faoliyatidan lavha.

Mirzohid JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.