Jamiyat 30.08.2019 32

JABBOR BAKOVULNING USHALGAN ARMONI

Istiqlol, shaxslar va taqdirlar

"Katta imoratlar, zamonaviy texnikalar bilan maqtanish kerak emas. Aqlli, bilimli, fidoyi farzandlarni tarbiyalasak va ular Vatanga xizmat qilsa, eng katta boylik, baxt mana shu".

Shavkat MIRZIYOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Bundan yigirma sakkiz yil muqaddam, yurt istiqloli e’lon qilinib, uning mazmun-mohiyatiga birov tushunib, birov tushunmay turgan kunlar urush, ochlik, mustabid tuzum qiyinchiliklarini boshdan kechirgan, ayovsiz sitamlar jabrini tortgan keksa tanishim:

- Mustaqillik, bu - orzular ro‘yobga chiqadigan VATAN, - degandi.

1

Jabbor aka bakovullik qilganida kurashli to‘y davrasiga ko‘tarinki ruh endirardi. Yonma-yon bilim maskaniga rahbarlik qilganimiz bois kunda-kunora soatlab suhbatlashardik, mavzu har gal ta’limdagi ahvol, muammo va yechimlar bilan boshlanib, beixtiyor katta-kichik kurash davralari, ularda ro‘y bergan qiziqarli xotiralarga tutashib ketardi.

Eng sevimli mashg‘uloti matematik misol va masalalarni yangidan-yangi uslublarda yechish bo‘lgan Jabbor aka bolalik va o‘smirlik yillaridanoq ko‘plab tengdoshlari qatori pomuqlik yelkasi yer iskamagan bahodir - Hakim polvonga ergashib kurash davralariga qatnash, terga botib kurash tushishni o‘z "xobbi"siga aylantirgandi. Davralarni to‘ldirib kurash tushgan davrlari ortda qolganidan keyin esa vohadagi taniqli bakovullar safidan joy oldi. Xalq sayillari, to‘y davralarida bakovullik qilish uchun birgina gapga chechanlik emas, kurash va ko‘pkari hadislarini puxta egallash talab etiladi.

- Polvonning oriyati bo‘lgani yaxshi, oriyatli polvon to‘rt-besh so‘m pul uchun davraga tushmaydi, o‘zini yetishtirgan el sha’nini o‘ylaydi;

- Xaloyiq, mana shu polvonning chiroyli chili uchun borg‘isiga (kurashda olishayotgan tomonlar g‘olibi uchun qo‘yilgan sarpo, mukofot) falon pul ochko berdim, tarafdori bo‘lsa borib olsin;

- Barakalla azamat, o‘ynab-o‘ynab olish...

Bular Jabbor aka ishlatadigan iboralardan ayrimlari. Uning g‘alati odati bo‘lardi. Talabgor bo‘lib davraga chiqqan polvonning bilagidan ushlab yuziga yaxshigina sin solardi, keyin esa ayrimlariga:

- Polvon, kim ekanligingizni shashtingizdan bildim, bular tengingiz emas, ozgina dam olib turing. Siz bilan toboqlarda uchrashamiz...

Yoki u bilan olishishga chiqqan yigitga:

- Sen o‘zi bu yigitni tanib chiqayapsanmi, bilmasang bilib qo‘y, u oddiy polvon emas, chempi-o-on, - derdi.

Va har gal o‘z ishining hadisini olgan bakovulning so‘zlari ko‘p o‘tmay isbotini topardi.

O‘zbek kurashi istiqlol tufayli jahonga yuz tutganida eng ko‘p faxr tuyg‘usini his qilganlardan biri Jabbor aka desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Keksalik gashtini surayotgan domlaning bir armoni bor edi:

- Uka, kurash davralariga vaqtida Xidir, Atoq, Panji, Hakim, Jumaqul, Turdi polvonlarni yetkazib bergan qishlog‘imizdan nahotki bitta, bittagina chempion yetishib chiqmasa...

2

...Shu yil yoz kunlaridan birida akam - Orif hoji ko‘pdan buyon intiq bo‘lib kutgan yangiligimni aytib qoldi:

- Bugun Toshtemirnikiga borgandik, o‘g‘li Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionatiga ketayotgan ekan, yoshullilar oq fotiha berib qaytdik, omadini bersin, ancha chiniqqan yigit ekan.

Va oradan uch yoki to‘rt kun o‘tmay qishloqda xushxabar tarqaldi:

- Sardor o‘z vazni bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritibdi.

Rosti kechagina maktab partasidan chiqqan o‘quvchimizning yutug‘i uchun bir sevingan bo‘lsam, orzulari ro‘yobini ko‘rolmay ketgan Jabbor domlaning ushalgan armoni uchun ikki sevindim. Haligacha ko‘z o‘ngimda turibdi, qishloq kurashli to‘ylaridan birida davrani boshqarayotgan domla havas bilan oq matodan tikilgan jomakor  kiyib, belini tang‘ib bog‘lagan to‘rt-besh yoshlardagi bolakayni davraga olib chiqib:

- Birodarlar, oq fotiha beringlar, bu mening nabiram, iloho duolaring ijobat bo‘lib, chempionlik shohsupalariga ko‘tarilib, yurt sha’nini ulug‘laydigan polvon bo‘lib yetishsin. Qani o‘z tengdoshlaridan talabgor bo‘lsa chiqsin, bu polvonjonlarga katta mukofot tikaman, - degandi.

Ehtimol o‘shanda berilgan fotiha ijobat bo‘lgandir, Jabbor akaning nabirasi o‘rta maktabning boshlang‘ich sinfini tugatgach, Buxorodagi sport maktab-internatida tahsilini davom ettirdi.

- Ilk ustozim-bobom, keyinchalik esa Buxoroda Rahmatullo Semirovdan kurash sir-asrorlarini o‘rgandim, - deydi Sardor Jongeldiyev.

Maktab-internatning 8-sinfida o‘qiyotgan yili Sardor ilk bora zafar nashidasini totib, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida mamlakat chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. 2015- yil Qarshi shahrida olimpiya zaxiralari kolleji (hozirgi ixtisoslashtirilgan maktab-internat)da tahsilini davom ettirdi. Uning 2019-yil o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempioni bo‘lib, Osiyo chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishida ustozi, O‘zbekistonda xizmat qo‘rsatgan murabbiy Bahodir Hojiyevning xizmatlari katta bo‘ldi.

Shu yilning 17-21-iyun kunlari Tailandning Pattayya shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Sardor 66 kilogramm vaznli polvonlar o‘rtasidagi musobaqada Xitoy Taypeyi, Hindiston, Janubiy Koreya, Vyetnamdan borgan   tengdoshlari ustidan muddatidan oldin sof g‘alabaga erishdi.

- Ayniqsa so‘nggi - final bahsi men uchun ancha tahlikali boshlandi, - deb hikoya qiladi Sardor. - Vyetnamlik tengdoshim bilan tengma-teng kurash tushayotgandim. Kutilmaganda bahsni boshqarib borayotgan hakam menga "dakki" bahosini berdi. Ko‘z o‘ngimdan menga ishonib qolgan yurtdoshlarim, musobaqaga tayyorlagan ustozlarim birma-bir o‘tdi. "Nahot, ular bildirgan ishonchini oqlay olmasam", degan fikr bir daqiqa bo‘lsin xayolimni tark etmadi. Qisqa tanaffusdan keyin "yo hozir, yoki hech qachon" degan niyatda hujumga tashlandim. Rejam ish berdi, mendan shiddatli hujumni kutmagan raqibimni yelkadan oshirib tashladim. Davrada "halol" degan o‘zbekona lutf yangraganida ko‘zlarimdan  tirqirab yosh chiqib ketdi.

3

Sardor bobosining armonini ushaltirdi. Chempionlik bilan bir vaqtda kattagina pul mukofoti hamda oliygohga imtiyozli qabul huquqini qo‘lga kiritdi. Men esa davrada Jabbor akaning izdoshlaridan kimdir u kabi hayqirib:

- Mana bu yigit Osiyo chempioni Sardor Jongeldiyev, talabgor bo‘lsa davraga chiqsin, - deya xitob qiladigan kunlarga yetkazganiga shukronalar aytdim...

Abdunabi ABDIYEV