Madaniyat 21.11.2018 273

“JAHON XOJASI” HAQIDA FILM YARATILDI

Teatr va kino

“JAHON XOJASI” HAQIDA FILM YARATILDI

Unda bosh rolni qashqadaryolik aktyor ijro etgan

 "O‘zbekkino" Milliy agentligi "Buxoriylar" kinostudiyasi tomonidan "Xojai jahon Abduxoliq G‘ijduvoniy" hujjatli filmi ishlandi. Aleksandr Gamirov rejissorligida olingan filmda G‘ijduvoniy siymosini viloyat musiqali drama teatri aktyori Sherzod Mahmashukurov talqin etdi.

Film O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi "Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoyishi hamda 2018-yil 16-apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida suratga olindi. Ko‘plab mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan ushbu film taqdimoti joriy yilning 31-oktabr kuni Alisher  Navoiy nomidagi kinosaroyda bo‘lib o‘tdi. Filmda faqih - zohiriy va botiniy ilmlar sohibi Abduxoliq G‘ijduvoniyning hayot yo‘li, diniy va ilmiy qarashlari aks ettirilgan. 

Ma’lumki, Abduxoliq G‘ijduvoniy Buxoro viloyati G‘ijduvon qal’asida 1103-yilda tug‘ilgan. Buyuk mutasavvuf olim, naqshbandiya tariqatining rivojiga muhim hissa qo‘shgan alloma, sohib karomat avliyo Xojai Jahon (Jahon xojasi) nomi bilan butun dunyoga mashhur va ma’lum. Uning "Vasoya", "Tariqat odobi", "Az guftori Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy", "Maqomoti Yusuf Hamadoniy" yoki "Risolai Sohibiya" kabi asarlari mashhur. Alloma 1174-yilda G‘ijduvonda vafot etgan. "Xojagon" tariqatining asoschisi, zohiriy va botiniy ilmlar olimi o‘z ta’limoti va solih turmush tarzi bilan shuhrat qozongach, o‘sha davr an’analariga ko‘ra uning ismiga tug‘ilgan joyining nomi, ya’ni G‘ijduvoniy qo‘shib aytiladigan bo‘ldi.

- Bu obrazni ochib berish uchun ko‘plab ma’lumotlarni o‘rgandim, ulug‘ alloma faoliyati bo‘yicha mutaxassislardan so‘rab-surishtirdim, - deydi Sherzod Mahmashukurov. - Umri mobaynida so‘fiylikning asosiy qoidalari - "Tavba" - haq yo‘lidan borish, "Vara’"- hech kimga ziyon yetkazmaslik, "Zuxd" - bu dunyo ne’matlaridan voz kechish, "Faqr" - faqirlikni qabul qilish va ma’nan hamda jismonan doim yo‘lda bo‘lish amaliga qat’iy rioya etgani haqida tushunchaga ega bo‘ldim. Buyuk olimning ruhiy dunyosini his etishga astoydil intildim.

Sh.Mahmashukurov 2011-yil O‘zbekiston davlat san’at institutini (hozirgi san’at va madaniyat instituti) "Estrada aktyorligi" yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, viloyat musiqali drama teatriga ishga kirgan. Keyinroq o‘zi tahsil olgan institutda magistraturada tahsil oldi.

U bir qancha filmlardagi kattayu kichik rollari bilan kino muxlislariga yaxshi tanish. Jumladan, "Uzuk"da Mahmud (2010-yil, rejissor Andrey Arutyunyov), "Odamlar orasida"da o‘g‘ri (2010-yil, rejissor Shavkat Junaydullayev), "Pokistonlik chegarachi"da chegarachi (2011-yil, Jizzax viloyatida Xitoy kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan), "Yozsiz yil"da kuyovjo‘ra (2012-yil, rejissor Hotam Fayziyev), "To‘yidan qochganlar"da ko‘cha bezori (2013-yil, rejissor Sur’at Islamov), "Muqaddas istak"da Zubayr (2016-yil, rejissor Hilol Nasimov) "Qotillar o‘yini"da Shokir (2017-yil, rejissor Laziz Ashuraliyev), "Hayot"da terrorist (2018-yil, rejissor Hilol Nasimov) obrazlarini gavdalantirgan.

Shuningdek, teatr sahnasida "Xizmatdamiz, xizmatda" komediyasida sovchi, "Imkon" dramasida "Jumong", "Qirol Lir" tragediyasida Edgar, "Alpomish"da "Qorajon", "Oqsaroy" dramasida Sulaymonshoh, "Adashganman"da Ulash, "Jannatga yo‘l"da Yigit kabi bir-biridan qiziq va murakkab xarakterli obrazlarni yaratdi.

Ayni paytda teatr rejissori Farhod Jumayev sahnalashtirayotgan Chingiz Aytmatovning "Jamila" qissasida bosh rol - Doniyor obrazi ustida qizg‘in ish olib borayapti.

  S.ALLAYOROVA