Jamiyat 27.09.2019 34

JINOYAT VA HUQUQBUZARLIKLAR SONI KO‘PMI, YO KAM?

Nazorat va natija

Haftaning har payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari natijasida farzandlari sababsiz darsga qatnashmagani uchun 367 ota-onaga, ta’lim muassasalarining 62 xodimiga nisbatan chora ko‘rilib, 1263 nafar o‘quvchi ta’limga qaytarilgan.

Shu bilan birga, 714 nafar doimiy yoki vaqtincha yashash tartibini buzganlar, 45 nafar ijarada noqonuniy yashashga sharoit yaratib berganlar, 1548 nafar pasport tizimi bo‘yicha qoidabuzarlar aniqlangan.

Mulkiy turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida 294 obyekt qo‘riqlash pultiga ulangan bo‘lsa, 635 nuqtada videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha 2620 ta patrullik yo‘nalishlari tashkil qilinib, 9233 marta ov qurollari tekshiruvdan o‘tkazilgan.

14 ming 748 marta yo‘l harakati qoidabuzarliklari kuzatilib, yong‘in xavfsizligini buzish bilan bog‘liq 1344 holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

43 shaxs reabilitatsiya markazlariga, 364 kishi davolash muassasalariga joylashtirilgan.

966 bora tezkor qiziqish uyg‘otuvchi ma’lumotlar olingan. 441 marta sayyor sud majlislari o‘tkazilgan.

Albatta, tinch-xotirjam hayotimiz ta’mini uchun bu raqamlarning ahamiyati katta. Biroq buning ortida adadi baland jinoyat va huquqbuzarliklar borligini o‘ylasak, huquqiy savodxonlikni oshirish hamda osoyishtalikni ta’minlash borasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi oydinlashadi. So‘nggi ikki oyda aniqlangan quyidagi misollar fikrimizni tasdiqlaydi.

Nazorat ostida bo‘la turib, mast holda yuribdi

Bilamizki, kasalga chalingan bemor tuzalib ketganidan so‘ng ham xastalik qaytalanmasligi, boshqalarga ta’sir ko‘rsatmasligi uchun bir muddat shifokorlar nazoratida bo‘ladi. Xuddi shunday, muqaddam jinoyatga qo‘l urgan shaxs ham yana qayta jamiyat uchun xavfli qilmishga qo‘l urmasligi uchun uning ozodlikdagi xatti-harakati ma’lum fursat nazorat ostida turadi. Maqsad - boshqalarning daxlsizligiga putur yetkazmaslik.

Afsuski, shahrisabzlik, 1982-yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan Burxon Qulmatov belgilanmagan jamoat joylarida bo‘lgani yetmagandek, spirtli ichimlik ichib, sarxush yurgani aniqlandi. Tabiiyki, mast odamdan yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Ko‘p urush-janjal, qo‘ydi-chiqdilar spirtli ichimlik ta’sirida yuz berishi hech kimga sir emas. Shunga ko‘ra, B.Qulmatovga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun shahar ma’muriy sudiga yuborildi.

Qarshi shahri Bog‘ishamol mahallasida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan, ma’muriy nazoratda turgan Samandar Amirqulov esa belgilangan muddatlarda ichki ishlar idorasiga borib ro‘yxatdan o‘tmagan. Xo‘sh, beboshlikning natijasi nimaga olib keldi? Endi nazorat yanada kuchaytirilib, kamiga jarima ham to‘laydigan bo‘ldi.

Shahrisabz shahri Kunchiqar MFYda yashovchi, IIB probatsiya guruhida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Xurshid Sattorov Jinoyat kodeksi 166-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan sudlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tumani sudining 2019-yil 28-fevraldagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmasdan qolgan 3 yil 4 oy 16 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Mahkum esa uni o‘tashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shuning uchun yengil jazo yana og‘iriga almashtirildi.

Kimsasiz uyda yashirincha yashayotgan odamning yonidan marixuana topildi

Giyohvand moddalar savdosi bilan yo mo‘may daromadga ega bo‘lish istagidagi kaltabinlar, yo illat domiga tushib, undan qutula olmayotgan nafs bandalari shug‘ullanishi mumkin. Giyohvandlik ne-ne insonlar boshiga yetib, oilalarni parokanda etar ekan, unga qarshi kurash doimiy, jazo esa qat’iy bo‘ladi.

Jumladan, Shahrisabz shahri Turon MFYda yashovchi, 1951-yilda tug‘ilgan A.Aksenov tomorqasida 9 tup kannabis o‘simligini ekib parvarishlab kelayotgani hamda omborxonasida 3 litrli bankada va qora sellofan paketda ushbu o‘simlik barglarini quritish maqsadida saqlab kelayotganligi sababli tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qamashi tumani Gulobod qishlog‘ida yashovchi M.Tog‘ayev tomorqasida 7 tup, Chiroqchi tumani To‘qmor MFYda yashovchi O.Shodmonova 1 tup kannabis o‘simligini, shu tumandagi Suvliq qishlog‘ida yashovchi U.Botirov tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan 11 tup "o‘t"ni parvarishlab kelayotgani aniqlandi.

Shahrisabz shahri Kesh mahallasilik Sh.Sodiqov onasining nomida bo‘lgan, Bunyodkor mahallasidagi kimsasiz uyda yashirincha yashab kelayotgan ekan. Tintuv qilinganda esa uning shimi cho‘ntagidagi gugurt qutisiga marixuana talqoni joylangani ko‘rindi.

Ushbu holatlar bo‘yicha qonun ustuvorligi ta’minlandi.

Qimmatga tushgan qimor

Qimor o‘ynab topilgan pul muqaddas dinimiz ahkomlariga ko‘ra, halol emas. Chunki avvalo u hech qanday mehnat talab qilmaydi, mehnatsiz daromad esa harom sanaladi. Bundan tashqari, qimorda bir tomon yutib, ikkinchi tomon yutqazgani uchun qachondir baribir o‘rtada janjal, norozilik yuzaga keladi. Bu shaxs hayoti, oilasi xotirjamligiga-da putur yetkazadi. Shu sabab tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar qonun yo‘li bilan ham ta’qib qilinadi.

Kasbi tumani Obod yurt mahallasida joylashgan, A.Jumanazarovga tegishli savdo do‘konining yerto‘lasida Xo‘jahayron qishlog‘ida yashovchi O.Choriyev, D.Ochilov, Z.Jumayev va boshqalar 828 ming so‘m pul tikib, qimor o‘ynayotgani aniqlandi.

Koson tumani Quyibog‘ mahallasilik A.Temirovning yashash xonadonida, shu mahallada yashovchi I.Mamanazarov va pudinalik S.Boqiyev 55 ming so‘m pul tikib, karta tashlashayotgani ma’lum bo‘ldi. Pul va o‘yin kartalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olinib, tuman ma’muriy sudi tomonidan ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari hajmida jarima jazosi tayinlandi.

Yoshni yosh desang...

Bugun axborot texnologiyalari takomillashgan davrda yashayapmiz. Internet har birimizga juda mo‘l imkoniyatlarni taqdim qiladi. Undan foydalanib biz ilmimizni oshirishimiz, yangiliklardan boxabar bo‘lishimiz, til o‘rganishimiz, dunyoning narigi chekkasida yurgan tanish yo qarindosh bilan yuzlashib, suhbatlashishimiz mumkin.

O‘z navbatida kimdir bu cheksizlikdan buzuq nafsi istagidan kelib chiqib ham foydalanishi tayin. Xususan, internetdan oson yuklab olingan behayo mazmundagi fayllar telefonu boshqa qurilmalar yordamida keng urchitilayotgani va bu kishilar, ayniqsa, yoshlar xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatyotgani bor gap.

Misol uchun, profilaktika tadbirlari davomida Mirishkor tumani Malla mahallasida yashovchi E.Hakimovga tegishli "Samsung" rusumli qo‘l telefoni ko‘zdan kechirilganda, telefon xotirasida o‘ndan ortiq pornografik mazmundagi videoroliklar borligi va ular boshqalarga ham "ulashilgani" ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima jazosi tayinlandi.

Yana bir mirishkorlik, 1994-yilda tug‘ilgan S.Temirova qo‘l telefoni xotirasida behayolik aks etgan videolarni saqlab, tarqatganini nima bilan izohlashga hayron qolasan kishi. Shu bois u qizlik sha’niga isnod keltirgani yetmaganday katta miqdordagi jarimani to‘lab qo‘yishiga to‘g‘ri keldi. Chunki jinoyat jins tanlamaganiday javobgarlikni qo‘llashda ham kishining kimligiga qarab o‘tirilmaydi.

Ularning xatti-harakatini hali yosh ekani bilan izohlash mumkindir, ammo yoshi naq qirqni urib qo‘ygan, Mirishkor tumani Gulobod mahallasida yashovchi Sh.Madiyev telefonida bunday videolarni saqlab,  boshqalarga ham ravo ko‘rganini qanday tushunsa bo‘ladi? Yoshi ulg‘ayib ham buzuq nafs istaklarini jilovlay bilmagan kishi endi qonun oldida javob beradi.

Kitob tumani Ali Qushchi MFYda istiqomat qiluvchi B.Muhammadiyev esa tumandagi dehqon bozori oldida disk sotishni yo‘lga qo‘ygani, ular orasida "bozori chaqqon" disklar ham borligi aniqlandi. Tegishli hujjatlar chora ko‘rish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborildi.

Himoyaga muhtoj ayollar yashaydigan uyda...

Hayosizda vafo yo‘q, vafosizda hayo yo‘q, deydi xalqimiz. Agar hayo bo‘lganida, inson oilasiga, yaqinlariga vafo qilardi, ulardan uyalardi, nomus qilardi. Hayo yo‘q ekan, kishi bilganidan qolmas ekan.

Masalan, Nishon tumani Navro‘z qishlog‘ida yashovchi S.Qulberdiyeva Beshkent shahrida joylashgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar yashaydigan uyning 2-qavatida, shu yerlik M.Mamanazarov bilan 20 ming so‘m pul evaziga munosabatga kirishib, fohishalik qilarmidi?!

Dehqonobod tumani Zaxcha qishlog‘ida yashovchi H.Sariyeva esa tuman tibbiyot birlashmasining orqa tomonidagi soylikda 30 ming so‘m evaziga "xizmat" ko‘rsatgan.

Qarshi tumani Mirmiron MFYda yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan N.Avazov o‘z xonadonida tumandagi O‘zbekiston mustaqilligi MFYda yashovchi      D.Asadova va g‘ubdinlik B.Rasulovga sharoit yaratib bergani evaziga 25 ming so‘m pul olib, qo‘shmachilik qilgan.

Yakkabog‘ tumani Tatar MFYda yashovchi, 1952-yilda tug‘ilgan N.Kenjayev "Dara" dam olish maskanida, Shahrisabzning Qo‘shqanot qishlog‘ida yashovchi Y.Niyozova va Yakkabog‘ning Obod mahallasilik B.Jo‘rayevga sharoit hozirlab, 50 ming so‘m olgan.

Yuzi qora bu kabi kimsalarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi materiallari asosida N.XO‘JAYEV tayyorladi.