Jamiyat 28.06.2019 176

JURNALIST - JAMIYAT TAQDIRIGA DAXLDOR INSON

Shavkat MIRZIYOYEV:

Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas’uliyatli bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda.

E’tibor  va e’tirof

JURNALIST - JAMIYAT TAQDIRIGA DAXLDOR INSON

27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi. Unda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar va soha faxriylari qatnashdi.

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev soha vakillarini kasb bayrami bilan qutlarkan, jurnalistlar bilan uchrashishdan har doim xursand bo‘lishini yashirmadi. Jurnalist deganda jonkuyar, jamiyat taqdiriga daxldor insonni tushunaman, dedi hokim. Muayyan mavzuda qalam tebratish qiyin ekani, faol pozitsiyada turuvchi ijodkor hayoti doim ham silliq kechmasligi, shu bois u hammaga birdek yoqolmasligi bildirildi. Adolat va xolislikni shior qilib, o‘z so‘zini qat’iy turib aytolgani jurnalistning mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasidir, deyildi uchrashuvda.

- Muxbirga oson emas, u hamma sohani bilishi kerak, shunga yarasha  dunyoqarashi ham keng bo‘lishi lozim, - dedi viloyat hokimi. - Axir biror jabhani tanqid-tahlil qilish ham oson ish emas. Bunga ham chuqur bilim, falsafa talab qilinadi. Faqat tanqid shaxsiy manfaat uchun bo‘lib qolmasin, aksincha, jamiyat manfaatiga xizmat qilsin.

Shuningdek, uchrashuvda mamlakatimiz hayotida katta o‘zgarishlar kechayotgani, ularning mazmun-mohiyatini xalqqa, keng jamoatchilikka to‘g‘ri, xolis yetkazishga e’tibor qaratish kerakligi, ammo ba’zi  jabhalar, afsuski, jurnalist nigohidan chetda qolib ketayotgani ham  tilga olindi.

O‘zaro muloqot ruhida kechgan uchrashuvda soha faxriylari, faol jurnalistlar, texnik xodimlardan bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda jurnalistlar  so‘zga chiqib, so‘nggi vaqtda matbuot va  ommaviy axborot vositalariga qaratilayotgan alohida e’tibor, jurnalistlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni olqishlashdi, buning uchun minnatdorlik izhor etishdi. O‘z navbatida soha vakillarining voqea-hodisalarga hozirjavobligi oshgani, o‘z ustida ishlayotgani ham urg‘ulandi. Joriy yilda qashqadaryolik bir qator  jurnalistlar respublika  miqyosida yuksak e’tirofga munosib ko‘rilgani buning isboti o‘laroq misol qilib keltirildi.

***

Sana munosabati bilan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi asosida mukammal ta’mirlash ishlari boshlanib,  yangi qiyofa kasb etgan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi hududida bayram konserti tashkil etilib, dasturxon yozildi.

M.SHUHRATOV

* * *

Suratlarda: Prezident farmoniga muvofiq Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan mukofotlangan hamkasblarimizdan biri - O‘zbekiston axborot agentligining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha fotomuxbiri, "Shuhrat"  medali sohibi Jamshid Norqobilov; viloyat hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan jurnalistlardan bir guruhi.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.