Tibbiyot 10.09.2019 22

KALORIYASI KAM, AMMO JUDA SHIFOBAXSH

Tabiat dorixonasi

Inson iste’mol qiladigan mevayu sabzavotlarning deyarli barchasida dorivorlik xususiyati mavjud. Biroq qaysi tabiat ne’matini qanday, qay miqdorda, qachon tanovul qilish qaysi organizm faoliyatiga naf keltirishi borasida hamma ham yetarli ma’lumotga ega emas. Shundan kelib chiqib, quyida bozorlarimizdan istalgan paytda topish mumkin bo‘lgan sabzavot - bodringning salomatlik uchun foydali xususiyatlari haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Odatda bodringni erta bahor va kech kuzda ko‘proq iste’mol qilamiz. Boshqa meva-chevalar ko‘p bo‘lgan ayni yoz faslida esa unga ko‘p ham e’tibor qaratilmaydi. Vaholanki, bodring shirin bo‘lmasa-da, tarkibida uchraydigan noyob elementlari, kimyoviy moddalari bilan inson salomatligi uchun muhim.

Ushbu sabzavot o‘zida C, A, V1, V2, V3, V6 darmondorilarning butun bir majmui, shuningdek, kalsiy, temir, magniy, rux va yana ko‘plab mineral moddalarni saqlaydi. U kaloriyaci eng kam ne’mat bo‘lgani uchun ortiqcha tana vaznidan aziyat chekayotgan hamda qandli diabetga chalingan kishilarga juda asqatadi.

Fanga ma’lumki, yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari (shirinliklar, oq non, yog‘, seryog‘ go‘sht va boshqalar) iste’mol qilinganda tanamizda ichki muhit reaksiyasi (rN-ko‘rsatkich) kislotalilik tomonga og‘ib ketadi. Bu tanada umumiy suvsizlanish, yallig‘lanish, oksidlanish stressi (to‘qimalar yemirilishiga olib keladigan erkin radikallarning ko‘payishi) kabi qator salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Natijada kishida davr kasalliklari (ateroskleroz, yurak ishemik kasalliklari, gipertoniya va boshqalar) kelib chiqishi va rivojlanishi kuzatiladi. Ushbu holat ayniqsa, keksa kishilar uchun ancha tashvishli bo‘lib, qonning kislotaliligi osteoporoz (suyaklar g‘ovakligining kuchayishi bois ularning tez sinuvchan bo‘lib qolishi), sarkopeniya (muskul to‘qimalarining kamayib ketishi), insult, infarkt va boshqalarga olib keladi. Bodring suvi ana shu salbiy holatlarga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega. Uni har kuni iste’mol qilish yuqoridagi kasalliklardan himoyalanishda dori-darmonlarga qaraganda ko‘proq foyda beradi.

Bundan tashqari, bodring tarkibida gallovoy, qahva, pumarin va malla kiclotalari kabi noyob moddalar mavjud bo‘lib, ular organizmni noto‘g‘ri ovqatlanish, noxush ekologiya, quyoshning o‘tkir nuri va kam harakatlilik tufayli kelib chiqadigan okcidlanish zarbacidan himoya qiladi. Shu boic, har bir taomni bodring bilan qo‘shib icte’mol qilgan yaxshi. Chunki uning po‘sti tarkibida vitamin K, antioksidantlar (oksidlanishga qarshi kurashuvchi moddalar), flavonoidlar, triterpenlar hamda lignanlar bo‘ladi. Bular saraton (xotin-qizlarda uchraydigan ko‘krak, tuxumdon saratoni, erkaklardagi prostatit)ga qarshi eng kuchli vosita ham hisoblanadi. Ushbu moddalar keyingi yillar tadqiqotlarida aniqlangan bo‘lib, bodringga birmuncha achchiq ta’m beradi. 

Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirgan holda bodringning inson organizmiga ko‘rsatadigan ijobiy xususiyatlarini sanab o‘tamiz:

- qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi;

- bo‘g‘imlardagi og‘riqdan xalos etadi;

- peshobdagi kislota miqdorini kamaytiradi va buyrak salomatligini mustahkamlaydi;

- qabziyatda yaxshi samara beradi;

- saraton xavfini bartaraf etadi;

- ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga yaxshi samara ko‘rsatadi va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga ko‘maklashadi;

- qon bosimini meyorlashtiradi;

- bosh og‘rig‘idan xalos etadi;

- nafas olishni yengillashtiradi;

- chanqoqni qondiradi.

Yana shu narsa ham diqqatga sazovorki, bu xususiyatlar faqatgina yangi uzilgan bodringga tegishli bo‘lib, uning tuzlamasida foydali moddalar bo‘lmaydi, shuningdek, ular jigar, buyrak, yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga yo‘liqqan odamlar uchun xavfli hisoblanadi.

QIZIQARLI FAKTLAR

Bodringning vatani Hindiston va Xitoy, yanayam aniqrog‘i Himolay tog‘laridir. U yerlarda haligacha yovvoyi tarzda o‘sadigan bodring o‘simligini uchratish mumkin.

* * *

Dunyo bo‘yicha yetishtiriladigan bodring hosilining  60 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

* * *

XIV asrda bodring butun Yevropaga, XVI asrda Shimoliy Amerikaga tarqalgan. Bugungi kunda esa u hamma joyda yetishtiriladi.

* * *

Tarixdagi ilk issiqxona aynan bodring yetishtirish uchun qurilgan. Rim imperatori Tiberiyning har kuni bodring yeyishni istashi ana shunday issiqxonani o‘ylab topish va barpo etishga sabab bo‘lgandi.

* * *

Bugungi kunda bodringdan nafaqat oziq-ovqat mahsuloti, balki kosmetika sanoati uchun xom ashyo manbai sifatida ham keng foydalaniladi.

* * *

Qadimgi Misr malikasi Kleopatra go‘zalligining siri birinchi navbatda bodringda ekanini aytib charchamagan. U har kuni albatta bodring iste’mol qilgan.

* * *

Qadimgi Misrda odamlar o‘z fir’avnlari qabriga boshqa qimmatbaho buyumlar bilan birga bodring ham qo‘yishgan.

* * *

Rossiyaning Nejin shahrida bodring uchun yodgorlik o‘rnatilgan.

* * *

Har yili 27 iyul kuni dunyo miqyosida Xalqaro bodringlar kuni nishonlanadi.

Shoniyoz QURBONOV,

biologiya fanlari doktori, professor