Tibbiyot 13.11.2018 92

KAM HARAKAT, NOTO‘G‘RI OVQATLANISH VA BO‘LAR-BO‘LMASGA ASABIYLASHISH QANDLI DIABET XAVFINI OSHIRADI

14-noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni

KAM HARAKAT, NOTO‘G‘RI OVQATLANISH VA BO‘LAR-BO‘LMASGA

ASABIYLASHISH QANDLI DIABET XAVFINI OSHIRADI

To‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish turli kasalliklarning oldini olishda eng asosiy omil sanaladi. Xususan, asrimizning global muammolaridan biri - qandli diabet xastaligi profilaktikasida ham ayni shu jihatlar muhim o‘rin tutadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoda 415 milliondan ortiq kishi  qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Agar unga qarshi o‘z vaqtida samarali choralar ko‘rilmasa, muammo yanada keng tus olishi mumkin.

Viloyatimizda bugungi kunda 1633  kishi birinchi tip, 6329 nafar kishi esa ikkinchi tip qandli diabet kasalligi bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Viloyat aholisi orasida yashirin diabetni erta aniqlash maqsadida joriy yilning to‘qqiz oyida  o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 802 kishida kasallik belgilari kuzatilgan va ular nazoratga olingan. 

- Qandli diabet kelib chiqishining asosiy omili, bu - genetik moyillikdan tashqari, noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakat qilishdir, - deydi viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori o‘rinbosari Azamat Boboqulov. - Kundalik ovqatlanish tartibining buzilishi, jumladan, taomlar tarkibida oqsil, yog‘ hamda uglevodlarning meyoridan oshib ketishi vazn ortishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan jismoniy faollik susayishiga olib keladi. Natijada me’da osti bezi faoliyati izdan chiqib, insulin yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. Ma’lumki, insulin yordamida inson organizmidagi har bir hujayraga glyukoza yetkazib beriladi. Glyukozaning hujayralar tarkibiga singish o‘rniga qon va peshob bilan ajralib chiqishi, tabiiyki, ularning asta-sekin yemirilishiga olib keladi. Bemorda quvvatsizlik, og‘iz qurishi, vazn kamayishi, ko‘z xiralashishi, badanga igna sanchilayotgandek bo‘lishi kabi alomatlar paydo bo‘la boshlaydi. Ana shunday belgilar sezilishi bilan  darhol shifokorga murojaat etib, qondagi qand miqdorini tekshirtirish lozim. Zero, bemor o‘z salomatligini doimiy nazorat qilib borsa, shifokor tavsiyasiga rioya etgan holda, sog‘lom turmush tarzi qoidalariga amal qilsa, uzoq umr ko‘rishi mumkin.

Xabaringiz bor, butun dunyoda 14-noyabr - Xalqaro diabetga qarshi kurashish kuni sifatida belgilangan va noyabr oyi diabetga qarshi kurash oyligi, deb qabul qilingan. Shunga asosan, joriy yilda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan mazkur oylik “Diabet - hayot tarzi” shiori ostida tashkil etilmoqda. Oylik davomida aholi o‘rtasida qandli diabet kasalligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi, tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi. Istirohat bog‘lari va aholi gavjum maskanlarda sayyor laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ortiqcha vazn va qondagi qand miqdori aniqlanadi. Har hafta shanba kuni viloyat endokrinologiya dispanseri va joylardagi tibbiyot muassasalarida diabetga chalingan bolalar va ularning ota-onalari, kattalarga psixolog maslahati beriladi. Aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlami dispanserda chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilib, kerakli maslahatlar beriladi.

- Kasallikni doimo tekshirtirib, davolab turishdan tashqari, bemorlar parhezga amal qilishlari talab qilinadi, - deydi mutaxassis. - Diabet parhezi asosan o‘simlik, sut mahsulotlari asosida bo‘ladi. Chunki xom sabzavotlar va mevalarni iste’mol qilish oshqozon osti bezining insulin ishlab chiqarishini kuchaytiradi. Shu sababli ham diabetdan aziyat chekuvchi bemorlar kundalik taomnomasiga iloji boricha ko‘proq sabzavot, mevalar, boshoqli don mahsulotlari, pishloq, dukkaklilar, piyoz, sarimsoqpiyoz,  bodring va turpni kiritishlari lozim. Oson hazm bo‘ladigan uglevodlar - shakar, qandolatchilik mahsulotlari, murabbo, shokolad, asal, uzum, xurmo, konservalangan mevalar va boshqa shirinliklar diabet bilan og‘rigan kishilar taomnomasidan chiqarib tashlanishi zarur. Shirinliklarsiz tura olmaydigan bemorlarga shakar o‘rnini bosuvchi tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Diabet yildan yilga ko‘payayotgan ekan, bugun uning oldini olishdan ko‘ra, keltirib chiqaradigan asoratlarga e’tibor qaratish lozimligini unutmaslik zarur. Yа’ni kasallikdan yiroq bo‘lish uchun  har narsadan asabiylashish, jig‘ibiyron bo‘lish, shoshqaloqlik ko‘nikmasidan voz kechish darkor. Demak, sog‘lig‘imizni mustahkamlash – o‘z qo‘limizda. 

Shohista BOZOROVA