Ma'naviyat 04.10.2019 20

KECHIRIMLILIK OLIJANOB INSONLARGA XOS FAZILATDIR

Inson va din

Turli-tuman xulq-atvorli kishilar orasida yashar ekanmiz, tabiiyki, ulardan bir qancha ozor-aziyatlar ko‘ramiz. Agar har bir shunday ko‘ngilsizlik bizga qattiq ta’sir etib, g‘amga botirib qo‘yaversa, shubhasiz, butun hayotimiz azobga aylanadi. Shu bois imkon qadar yon-atrofimizdagilarning xatolari, bilib-bilmay yetkazgan ozorlariga sabr qilib, kechirishga harakat qilishimiz darkorki, shunda bir-birimizga mehr-muhabbatimiz ziyoda bo‘ladi.

Kechirimlilikning qanchalik buyukligini Odam alayhissalomning tavbasi qabul qilinganidan ham bilsa bo‘ladi. Alloh bandalarini ham bir-birlarining xato kamchiliklarini, ayb-gunohlarini kechirishga buyurgan: "...balki (ularni) afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizlarmi?!" (Nur, 22), "(U taqvodor zotlar)... odamlarning (xato-kamchiliklarini) kechiradigan kishilardir, Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi" (Oli Imron, 134), "Albatta, kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (o‘ch olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz, bu (ish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir" (Sho‘ro, 43).

Oliy xulqli janobi Payg‘ambarimiz bu borada ummatga eng katta ibrat bo‘lganlar. Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh alayhissalom biror kishini yo xotinlarini, yoki xodimlarini qo‘llari bilan urmadilar. Va yana biror kishi tomonidan o‘zlariga yetgan ozor uchun o‘ch olmadilar. Faqatgina Alloh muhtaram qilgan narsa behurmat qilinsa, Alloh uchun o‘ch olardilar" (Muslim rivoyati).

U zotning nihoyatda kechirimli bo‘lganlari haqida islom tarixida misollar juda ko‘p. Bir umr musulmonlarga dushmanlik qilib, hatto Rasulullohning boshlariga og‘ir kunlar solgan mushriklar rahnamosi Abu Sufyonni ham, Amir Hamzaday ulug‘ sarkardani o‘ldirgan Vahshiyni ham kechirib yuborganlari kechirimlilikning oliy namunalari hisoblanadi.

Rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasulullohga yetib olib, choponlaridan qattiq tortgan, hatto chopon hoshiyasi bo‘yinlarida iz qoldirgan. Keyin: "Ey Muhammad, Allohning mollaridan menga ham ber", deb qo‘pol muomala qilganida ham Rasululloh uning muomalasidan kulib qo‘ydilar. Va unga biror narsa berib yuborishni buyurdilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Kechirimli bo‘lish iymondandir. Kechirimli kishi xato va kamchiliklarning ildizini sinchkovlik bilan anglaydi va ularni vijdon tarozisida obdan, xolisona o‘lchaydi, insof va adolat o‘lchoviga amal qiladi va to‘g‘ri hukm chiqaradi.

Alisher Navoiy "Hayrat ul-abror"da hikoya qilishicha, saxiy bir podshohning quli bor ekan, xizmat darajasi bakovullik ekan. Kunlardan bir kuni bazm vaqtida falokat bosib, bir toshga qoqilib, issiq oshni podshohning boshiga to‘kib yuboribdi. Odamlar: "Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shudir!" deyishibdi.

Shoh esa qulning xafaligini ko‘rib, gunohini kechiribdi va uni ozod qilib yuboribdi. Shunda vazir debdi:

- Ey saxiylikda beg‘araz shoh, unga tig‘dan   boshqa narsa loyiq emas edi-ku?

Shoh zavq qilib, lutf bilan debdi:

- Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan o‘likni qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...

Kechirimli kishi hasad, tuhmat, ta’ma va yolg‘ondan hazar qiladi, jaholatdan o‘zini saqlaydi. Agar u johilga duch kelib qolsa, qizishmaydi, g‘azabiga erk bermaydi, gina, kek, adovat saqlamaydi.

Afsus, kundalik hayotda goho o‘ta qattiqqo‘l va haddan ziyod mutakabbir, kalondimog‘ kishilar ham uchrab turadi. Undaylar o‘zgalarni yomonlash, tazyiq o‘tkazish, tanbeh berish va jazolashni yaxshi ko‘radi. Tirnoq ostidan kir qidirib, kichik bir qusurni o‘ta bo‘rttirib ko‘rsatadi. Hech kim kamchilik va xatodan xoli emasmi, demak, birovni yomonlash yoki o‘rinsiz jazolashdan oldin o‘zini ham bir tekshirib qo‘ysin, kamchilik-qusurlariga oyna tutsin.

Alloh taolo barchalarimizni haq yo‘lda o‘zimizga yetadigan ozor-aziyatlarga sabrli bo‘lib, boshqa kishilarning bilib-bilmay yetkazayotgan aziyatlariga nisbatan kengbag‘irli hamda kechirimli bo‘lishimizni nasib aylasin!

Furqat JUMAYEV,

Qarshi shahridagi "Aralovul" jome masjidi imom-xatibi