Ta'lim 01.10.2019 26

KEKSALARI ENG KO‘P MAMLAKAT QAYSI?

Bugun - Xalqaro qariyalar kuni

1990-yilning 14-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 45-sessiyasida qabul qilingan maxsus rezolyutsiyaga ko‘ra 1-oktabr - Xalqaro qariyalar kuni sifatida belgilandi. Mazkur sanani bayram sifatida nishonlash avvaliga Yevropada, keyin Amerikada ommalashgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p keksalar Yaponiyada yashaydi, aholining 27 foizini yoshi ulug‘lar tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda Italiya - aholisining 23 foizi keksalar. Uchinchi o‘rinda Yevropa ittifoqi - 19,7 foiz. Keyingi o‘rinlarda AQSH (15,4 foiz), Rossiya (14,1 foiz). Dunyo bo‘yicha esa aholining 8,3 foizini keksa yoshli kishilar tashkil qiladi. 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 15,8 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan keksa yoshli kishilarga hurmat darajasini aniqlash maqsadida 2018-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi O‘zbekiston va Vengriya qariyalarni eng e’zozlovchi mamlakatlar orasida yetakchilik qilayotganini ko‘rsatdi. Keyingi o‘rinlarda Turkiya, Ruminiya, Qozog‘iston va Pokiston mamlakatlari qayd qilingan. Qariyalarga bo‘lgan hurmat darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan davlatlar - Ukraina, Albaniya va Yaponiya.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yoshi 65 dan oshsa-da, ishlashda davom etayotgan fuqarolari soni eng ko‘p bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasida Irlandiya birinchi. Ushbu davlatda  65 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan aholining 56,3 foizi ishlashda davom etmoqda. Ikkinchi o‘rinni Indoneziya (50,6 foiz) va uchinchi o‘rinni Janubiy Koreya (45 foiz) egallagan.

Yaponiya (42,8 foiz), Chili (39,9 foiz), Isroil (39,3 foiz), Meksika (38,6 foiz), Xitoy (36 foiz) va Hindiston (35,8 foiz) ham mazkur ro‘yxat o‘ntaligidan joy olgan.

 Ishlaydigan keksalar soni eng kam mamlakatlar beshligida esa yetakchilikni Lyuksemburg egallab turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatda 65 yoshdan keyin hech kim ishlamaydi. Bu ko‘rsatkich Belgiyada 4,7 foizni, Vengriyada 5,3 foizni, Sloveniyada 5,2 foizni, Slovakiyada 5,6 foizni tashkil etmoqda.

Keksalik davrini qanday o‘tkazish borasida ham dunyo aholisi o‘rtasida xilma-xillik kuzatiladi. Masalan, bizda yoshi ulug‘lar vaqtini toat-ibodatda, oila, farzandu nabiralar qurshovida e’zozda o‘tkazishi kuzatilsa, yapon pensionerlarining asosiy xobbisi dunyo mamlakatlari bo‘ylab va diqqatga sazovor joylarga sayohat qilish hisoblanarkan. Shuningdek, ushbu mamlakatda nafaqaga chiqqan qariyalarning ayrimlari shahardagi uyini farzandlariga qoldirib, qishloqqa ko‘chib ketishadi va asosan tomorqada o‘z ehtiyojlari uchun zarur meva va sabzavotlarni yetishtirib, hayot kechirishadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda mamlakatimizda 60 yoshdan oshgan fuqarolar soni 3 million nafarga yaqin, 80 yoshdan oshganlar 200 mingdan oshadi, 90 yoshdan oshganlar esa 45 ming nafar atrofida bo‘lsa, 100 yoshdan oshganlar soni 8 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. 

Bir so‘z bilan aytganda ular bizning davlatimiz, duogo‘ylarimiz. Binobarin, oilani ham, jamiyatimizni ham birlashtirib, unga fayzu barakot kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-oqibat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham shu mo‘tabar qariyalarimiz, nuroniy otaxonu onaxonlarimizdir. Ular vaqtida bizni e’zozlab o‘stirgan, endi keksalik davrida ular  chandon e’zozga loyiq.

Manbalar asosida Sh.BOZOROVA tayyorladi.