So'nggi yangiliklar 07.10.2019 18

KEKSALARNI E’ZOZLASH – MUQADDAS BURCHIMIZ

Aksiya

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi "Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga  muvofiq joriy yildan boshlab har yili oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun “Qarshi” sanatoriyasida  “Keksalarni e’zozlash – muqaddas burchimiz” nomli ijtimoiy aksiya o‘tkazildi. 

Tadbirda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, keksalar salomatligini mustahkamlash, ularga hurmat-ehtirom, mehr-muruvvat ko‘rsatish va munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.  

Darhaqiqat, bugun yurtimizda keksalar va nogironlarning turmush darajasi va sifatini oshirishga e’tibor yuqori. Ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy madad tizimi takomillashtirilgani, tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish hamda kasalliklarni davolashning zamonaviy usullaridan bahramand bo‘lishi uchun sharoit yaratib berilayotgani fikrimiz isbotidir.

- Sanatoriyamizda keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylariga bepul tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, - deydi bosh shifokor Shavkat Mamadiyev. – Muassasamiz stomatologiya, ultratovush apparatlari, 14 xil turdagi fizioterapevtik tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda bir martada 120 kishiga maxsus yo‘llanma asosida xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida keksa avlod vakillari uchun tarixiy shahar va ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtirib boriladi.

Shu kuni dam oluvchilar aksiya doirasida Qarshi tumanidagi Abul Mo‘iyn an-Nasafiy  ziyoratgohida bo‘ldilar.

Shohista BOZOROVA