Ma'naviyat 01.10.2019 30

KENG BIR FAZO, BUYUK MASHQ MAYDONI, UNUTILMAS XOTIRA

Mutolaa uchun uch asar

Shunday asarlar borki,  ming yillardan buyon  insoniyatning ma’naviy mulki sanaladi. Ular irqi, millati, dini, tili, yoshi va mamlakatidan qat’i nazar barcha insonlarga insof, halollik, rostgo‘ylik, mehr-oqibat, mardlik, adolat va kechirimlilik fazilatlarini singdirib kelmoqda. Ana shunday kitoblardan biri Sharqda "Kalila va Dimna" nomi ila mashhur bo‘lgan hindlarning "Panchatantra" ("Besh hikmat") asaridir.

Ushbu asar qadim zamonlarda hind faylasuf olimlari tomonidan hind folklori asosida yaratilgan. U juda ko‘p tillarga tarjima qilingan, shu jumladan, Eron shohi Anushirvon (531-579) davrida Hindistondan keltirilib, pahlaviy tiliga o‘girilgan. 1898-, 1913- va 1977- yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan.

 Asardagi rivoyatlar hayvonlar va qushlar tilidan naql etiladi. Xo‘sh, nega? Bu savolga javobni asar muqaddimasidan topish mumkin: "Bu kitobning mazmun va maqsadini johil kimsalardan pinhon tutish uchun undagi rivoyatlar hayvonlar va qushlar tilidan naql etiladi. Beaql odamlar uchun uning mazmuni yuzaki ko‘rinar, ammo farosatli odamlar esa undan g‘oyat chuqur, ibratli ma’no javohirlarini topadilar, manbalari juda boy va go‘zal ekanligini ko‘radilar. Bu kitob faylasuf uchun - keng bir fazo, aql uchun - buyuk mashq maydoni, kitob muxlislari uchun - unutilmas xotira, ma’nosiga tushunadiganlar uchun - ajoyib bir ibrat xazinasidir".

Asarda, sodda til bilan aytganda adolatli va oqil davlat boshlig‘i, or-nomusli, insofli va diyonatli davlat xizmatchilari, xalqu davlat manfaati yo‘lida fidoyi, sadoqatli va jamiyatdagi muammolarga oqilona yechim topa oladigan vaziru ulamolar haqida fikr yuritilgan. Fisqu fasod, johillik, hasadgo‘ylik, ikkiyuzlamachilik, maqtanchoqlik, boylikka ruju qo‘yish va qahru zulmli bo‘lish qoralangan. Hushyorlik, ziyraklik, yaxshilik, yomonlarga qarshi kurashish va qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik ulug‘langan.

Kitobning sher va ho‘kiz bobida do‘stlar o‘rtasiga nizo soluvchi ig‘vogarlar, aloqasi yo‘q ishlarga aralashuvchi kishilarning kulgi bo‘lishi, sabrli, chidamli va yumshoq muomalali bo‘lmasdan hech kim oliy mansabga erisha olmasligi, bahodir kishilar yo shoh xizmatida bo‘lishi, yoxud uzlatga chekinib zohidlik qilishi ta’kidlangan. Shohlar har kimga qobiliyatiga qarab ish berishi kerakligi, iste’dodlilardan layoqatsizlarni ustun ko‘rmasligi, qalloblarni oshkora siylamasligi shartligi uqtirilgan. Aksariyat xizmatkorlar shohga haqiqat va ko‘nglidagini emas, unga yoqadigan gapni topib so‘zlashga harakat qilishi bayon qilingan.

Yana, asarda yozilishicha, amal berilgan jasur va hiylakor odamlar shu xos xislatlari bilan maqsadiga erishish va hiyla bilan jonini saqlashni yaxshi biladilar. Shoh xizmatidagi nodon va qo‘rqoq odamlar esa har qanday ta’nayu haqoratlar va xo‘rliklarga chidamli hamda hurmatu obro‘ qozonishni o‘ylamas ekan.

Ushbu kitobni o‘qish davomida fikri buzuq odamni tuzatib bo‘lmasligiga, shuuri ochko‘z va xasislikdan begona, davlatidan mag‘rurlanmagan va kambag‘alligidan ruhiy tushkunlikka tushmaganlar - odamlarning eng mardi ekanligiga ishonch hosil qilasan.

Mutolaa asosida gumon bilan do‘stga dushman bo‘lmaslik, boshliqqa e’tiroz va do‘stga maslahatni ko‘pchilik oldida bermaslik, ilmu hunarlilar hamisha iste’dodsizlardan pand yeyishi boisini yana bir bor uqib olish bugungi davr kishilari uchun ham juda foydali.

Umuman, asarda haqiqat va hikmatlar bayoni yuksak nafosat bilan yoritilganki, ularni anglash, saboq chiqarish uchun kitobni qayta-qayta o‘qish va mushohada yuritish kerak. Ana shunda bu asar albatta ko‘nglingiz mulkiga aylanadi.

Ma’lumki, XI asrning oxirlarida G‘arbiy Eron podshohining nabirasi Kaykovus ibn Iskandar o‘z o‘g‘li Gilanshohga bag‘ishlab "Nasihatnoma" yozadi va uni bobosi Shamsulmalik Qobus sharafiga "Qobusnoma" deb nomlaydi. Ushbu asar Sharq xalqlari orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan durdona manbalardan biri sanaladi. Uni o‘zbek tiliga birinchi marta 1860-yilda mutafakkir Muhammad Rizo Ogahiy tarjima qilgan.

"Qobusnoma"ning asosini Qur’oni karim suralari, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam faoliyati va ko‘rsatmalarini ifodalovchi hadislar hamda hikmatli hikoyalar tashkil qiladi. Asar nasihat tariqasida yozilgan bo‘lib, qirq to‘rt bobdan iborat. Unda avvalo parvardigori olam va payg‘ambarlarni bilish shartligi ta’kidlanib, Alloh bergan sog‘liq va ne’matlarga shukrona qilib yashash kerakligi, ota-onani izzat va hurmat qilish vojibligi uqtiriladi.

Shuningdek, kitobda har bir kishi hunar o‘rganishi shartligi, hunarsiz kishining o‘zi va boshqalarga foydasi tegmasligi aytiladi. Befoyda so‘zlash faqat ziyon keltirishi, ko‘p odamlar orasida bir kishiga nasihat qilmaslik, o‘zgalarga muloyim muomalada bo‘lish va yaxshilik qilish ulug‘langan. Rostgo‘y, har so‘zni o‘ylab gapirish, dono kishilar suhbatida bo‘lish, sir saqlay olish, ilmli kishi aqlga tayanishi lozimligi, illatlarning oldini olishni istagan odam xasislik qilmasligi va elga e’tiborli bo‘lishi kerakligi nasihati barcha uchun doimo foyda keltirishi tayin.

Asarda shunday ibrat aytiladiki, "ovqat yemoq va sharob ichishning kami yaxshi, umuman sharob ichmaslik ikki jahon foydasidir". Yana mehmondorchilik, isrofgarchilik, mulk to‘plash, omonat, uy va yer sotib olish masalalari, er barcha ixtiyorini xotiniga berib qo‘ymasligi kerakligi, farzandlar tarbiyasi, do‘stlik, shoh xizmatida bo‘lish kabilar yuzasidan nasihatlar qilingan.

Shuningdek, Kaykovus: "Podshoh bo‘lsang shoshqaloq bo‘lmagin, rostgo‘y bo‘lgin. Vaziring yosh bo‘lmasin, uning xesh va aqrabolariga amal bermagin. Farmoning xor bo‘lsa o‘zing xor bo‘lasan", deya o‘g‘liga qimmatli yo‘riqlarini bergan. Mehnatiga yarasha haq olmagan davlat xizmatchilari podshoh sirlarini sotuvchi bo‘lishini ta’kidlagan.

Ana shunday har zamon uchun naf keltiradigan o‘gitlarga boyligi bois asar bir necha asrlardan buyon jahon xalqlari tomonidan zo‘r qiziqish bilan o‘rganib kelinmoqda.

IX-X asrlarda yashagan, Sharq Uyg‘onish davrining buyuk mutafakkiri Abu Nasr Forobiy "Arastu falsafasi", "Ilmlarning kelib chiqishi to‘g‘risida" kabi asarlari va turli sohalarga oid 160 dan ortiq risolalari bilan dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan. Shu bois unga "Ikkinchi muallim", "Sharq Aristoteli" deya nisbat berishgan. Uning oqilona davlat tizimi va insonparvar jamiyat haqida yozilgan "Fozil odamlar shahri" asari ayniqsa diqqatga sazovor.

Mazkur asarga Forobiy qalamiga mansub kitoblar, jumladan, "Fozil shahar odamlari qarashlari" va "Talxisu novomisi Aflotun" ("Aflotun qonunlar mohiyati haqida")dan namunalar kiritilgan. Unda qayd etilishicha, kishilar har bir inson ehtiyojini qondirish uchun jamoaga va jamiyatga birlashadilar. Davlat, shahar, qishloq, mahalla va oila shu jamiyatning turlari hisoblanadi. Bir-birlariga yordam beruvchi, barcha aholisi go‘zal xulqli va yaxshi ishlar qilishga intiluvchi shahar - fozil odamlar shahridir.

Inson tanasini yurak boshqarganidek, fozil odamlar shahrini rahbar - rais boshqaradi. Shahar - davlatga rahbar bo‘lishning ikki sharti bor. Birinchidan, inson tabiatida rahbarlik qilish qobiliyati (ma’naviy va aqliy yetuklik) bo‘lishi zarur. Ikkinchidan, bunday odam yuqori  mavqei, insoniy fazilatlari, qobiliyatlari bilan xalq orasida hurmat qozongan bo‘lishi zarur. Rahbarlik sohasida tajriba orttirish ham muhim.

Fozil odamlar shahri hokimi quyidagi fazilatlari bilan o‘z ustun jihatlarini namoyon etishi joiz: birinchidan, u sog‘-salomat,  ikkinchidan, farosati yuksak bo‘lishi lozim. Uchinchidan, ko‘rgan va eshitgan narsalarini eslab qolish hamda unutmaslik qobiliyatiga ega, to‘rtinchidan, ziyrak, zukko va o‘tkir zehnli bo‘lishi zarur. Beshinchidan, u fikrini sodda, tushunarli va erkin ifodalay olishi, oltinchidan, o‘qish, bilim olish va ma’rifatga havasli bo‘lishi kerak. Yettinchidan, taom yeyishda, ichimlik iste’molida, ayollarga havasda ochofat bo‘lmay, o‘zini tiya olishi, sakkizinchidan, u haq va haqiqatni, odil va haqgo‘y odamlarni sevadigan bo‘lishi afzal. To‘qqizinchidan, o‘z qadrini biluvchi, nomus-oriyatli va ulug‘ ishlarga intiluvchi, o‘ninchidan, mol-dunyoga o‘ch bo‘lmasligi lozim. O‘n birinchidan, adolatparvar, jabr-zulm va zolimlarni yomon ko‘ruvchi, nohaq jabrlanganlarga yordam beruvchi, o‘n ikkinchidan, qat’iyatli va jasur, qo‘rqoqlik va hadiksirashlardan yiroq bo‘lishi kerak.

Asarda bayon etilishicha, bu xislatlarning barchasini jamlagan bir odam topilmasa, shu kabi xislatlarga ko‘proq ega bo‘lgan ikki kishi yoki bir guruh shaxslar birlashib, o‘zaro kelishgan holda shaharni boshqargani ma’qul. Aksincha talablar amal qiladigan shaharlarda jaholat, zulm, tubanlik, amalparastlik, axloqsizlik va maqtanchoqlik avj oladi. Ular hokimlari ham elu xalqiga mos odamlar bo‘ladi.

Mutafakkir o‘z asari orqali yana shunday pandlarni bayon etadiki, ularni sinchiklab o‘qish, shu asosda mulohaza yuritish foydadan xoli emas. Ya’ni, ta’kidlanishicha, jamiyatdagi qonunlar qisqa, sodda va tushunarli hamda kam bo‘lishi kerak. Qonunlarning ko‘pligi ular bir-biriga qarama-qarshi kelishi va ishlamasligiga sabab bo‘ladi. Umumga mo‘ljallangan hujjatlar shahar ahlining urf-odatlari va aql darajasiga mos kelishi, shuningdek, ularni tayyorlashda barkamol aql va yuksak axloqqa tayanilgan bo‘lishi shart. Buning uchun qonun chiqaruvchilar bilimdon va o‘zga tuzumlardagi farovonlik hamda ijobiy jihatlardan xabardor bo‘lishi kerak. Shahar ahli to‘q, savodli, xushxulq va mehr-shafqatli bo‘lsa, qonunlarga qat’iy amal qilinadi.

Xullas, bu kitoblarni nafaqat mutolaa qilish, shu bilan birga ularda bitilgan hikoyalar, ibratli nasihatu maslahatlar mohiyatini ham teran anglagan holda, hayotining a’moliga aylantirish har kim uchun manfaatli bo‘lishiga ishonaman.

Abdishukur OMONOV