Iqtisodiyot 01.10.2019 27

KENG IMKONIYAT VA ISTIQBOLLI LOYIHALAR NAMOYISHI

Qashqadaryo va dunyo

27-28-sentabr kunlari Shahrisabz shahrida Qashqadaryo investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

"Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Italiya, Turkiya, Hindiston kabi qator iqtisodiy salohiyati yuqori davlatlardan 160 nafardan ortiq turli kompaniyalar hamda moliya-kredit institutlari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilib, unda mutaxassislar tomonidan forumning ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berildi.

Forumni viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ochib berdi.

Shundan so‘ng, mahalliy tadbirkorlar, hokimliklar va xorijiy kompaniyalar vakillari o‘rtasida V2V formatidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar jarayonida biznes hamkorlik, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni kiritish bo‘yicha qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Jumladan, hindistonlik ishbilarmonlar ishtirokida Chiroqchi tumanida quyosh energiyasi ishlab chiqarish, Koson tumanida Eron kompaniyasi ishtirokida logistika markazini qurish, Dehqonobodda turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda chiqindini qayta ishlash quvvatini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi loyihalar yuzasidan va qator shu kabi maqsadlarga qaratilgan memorandumlar imzolandi. Shuningdek, hamkorlar o‘rtasida xorijiy investorlar ishtirokidagi gugurt ishlab chiqarish va go‘shtni qayta ishlash kabi loyihalarni 2019-2020-yillarda amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

- Qashqadaryo viloyatida yetishtirilgan mevalar o‘zining betakror ta’mi va sifati bilan ajralib turadi, - deydi "Xanbek" kompaniyasi vakili Kan Chje Kvon. - Ularni tatib ko‘rgan kishi hech o‘ylamay shunday xulosaga kelishi tabiiy. Koreyada bunday mevalarni sevib iste’mol qilishadi. Shu bois bugungi forumda anor eksporti bo‘yicha 10 million dollarlik shartnoma imzoladik. Loyihamizni amaliyotga to‘liq tatbiq etgandan keyin olcha eksportini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Qolaversa, Shahrisabz va Italiyaning Kazerta shaharlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida memorandum imzolandi.

Forum ishtirokchilari uchun tayyorlangan Shahrisabz shahrining tarixiy maskanlariga sayohat, milliy kuy va raqslarimizni o‘zida mujassam etgan konsert dasturi hamda  mohir dizaynerlar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar ko‘rgazmasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Forum davomida jami 11 ta hujjat imzolanib, umumiy qiymati 276 million dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

J.BOYMURODOV

J.NORQOBILOV olgan suratlar.