Iqtisodiyot 04.10.2019 29

KICHIK KORXONADA PAYPOQ ISHLAB CHIQARILAYAPTI

Harakatda barakat

Tadbirkorlik chetdan kuzatganlar uchun oddiy ish ko‘rinishi mumkin. Ammo bu faoliyat kishidan ilm, intilish, izlanish va eng asosiysi, tashabbuskorlik, g‘ayrat va shijoat talab etadi. Ana shu fazilatlarga ega bo‘lgan, aniq maqsad sari qat’iy harakat qilgan kishigina sohada ma’lum yutuqlarga erishishi mumkin.

Chiroqchilik Jo‘ra Safarov ham ancha vaqtdan buyon yig‘ib yurgan sarmoyasiga Xitoydan maxsus texnologiya xarid qilib, paypoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. Bugun u rahbarlik qilayotgan “Urbes” xususiy korxonasida ishlab chiqarilgan paypoqlar ichki bozorda tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda.

- Faoliyatimizni yaqindagina boshlaganimizga qaramay, bugun ishlab chiqarayotgan paypoqlarimiz turini 10 xilga yetkazdik, - deydi tadbirkor. – Hozir bor e’tiborimiz yangi bozorlar topish va ishlab chiqarish salmog‘ini oshirishga qaratilgan. Bu korxonamizning iqtisodiy imkoniyatlarini yuksaltirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kelgusida boshqa turdagi tirikotaj buyumlar ishlab chiqarish, eksportga mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham asosiy maqsadlarimizdan biri.

Ayni paytda korxonada kuniga o‘rtacha 600 juft paypoq ishlab chiqarilmoqda. 12 kishi shu yerda ish bilan band.

J.BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.