Iqtisodiyot 04.12.2018 75

KICHIK SEX - BIR OILA OBOD

Oilaviy tadbirkorlik

KICHIK SEX - BIR OILA OBOD

Tadbirkorlikni boshlash uchun har doim katta mablag‘ kerak, deyish xato fikr. Albatta, bu bor imkoniyatdan qanday foydalanishga bog‘liq. Kamroq sarmoyani ham to‘g‘ri ishlatib, maqsadli yo‘naltirib, yaxshi daromad keltiruvchi faoliyatni yo‘lga qo‘yish mumkin. Ayniqsa, ushbu biznes bir oila sharoitida yaxshi natija berishiga nima deysiz?!

Xo‘p, kim shunday qipti, erishgani nima, deb o‘ylayotgandirsiz. Ishbilarmonlikka qo‘l urganiga endigina 5 yil to‘lgan, faqat oila a’zolari bilan o‘z ishini rivojlantirib kelayotgan, Qarshi shahrida yashovchi Sharif Jo‘rayev haqida hamma ham eshitmagan. Biznesi u qadar katta emas, ammo har qancha havas qilgulik. Asosan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Buning uchun katta joyni ham band etmagan. Ixcham va zamonaviy quvvatni o‘z kuchi bilan yurgizib kelayapti.

- O‘g‘lim Toshkentdagi katta bir korxonada mexanik bo‘lib ishlaydi, uydagilar bekor qolmasin deb, 2013-yilda to‘quv dastgohi olib bergandi, - deydi tadbirkor. - Bunaqasiga tishimiz o‘tmasa, eplolmasak kerak, degan xayolga ham borgandik. Yo‘q, o‘rgandik, uddasidan ham chiqdik. Gap shundaki, bu ikki uskuna paypoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uyimizda sex tashkil qilganmiz. Bilasiz, bu mahsulotga bizning bozorda doim xaridor bor. Xomashyoni ham katta o‘g‘lim o‘zi yetkazib beradi. Kichik farzandim, rafiqam va kelinim bilan deyarli har kuni seximizda mehnat qilamiz. Har xil turdagi paypoq to‘qish imkoniyati mavjud. Sovuq tushgani bois hozir ko‘proq issiq tutuvchi mahsulot tayyorlab, aholiga taqdim etishga harakat qilayapmiz.

Ishbilarmonning aytishicha, mavjud quvvatdan o‘z o‘rnida foydalanilsa, bir kunda 70-100 juft paypoq ishlab chiqarish mumkin. Qaysi mavsumga mo‘ljallanganiga qarab, ma’lum miqdorda tabiiy va sun’iy ip ishlatiladi. Oila vakillari o‘z ishidan yuqori manfaat ko‘rayotganini aytish o‘rinli. Kichik ishlab chiqarish bir ro‘zg‘orni ko‘tarishga yetadi. Biroq ular bu bilan kifoyalanmoqchi emas. Faoliyatni yanada ravnaq toptirish, tijorat bankidan qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak olib, ishlab chiqarishni bir qadar kengaytirishni ko‘zlashmoqda.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.