Ta'lim 30.07.2019 18

KIRISH TEST SINOVLARI BOSHLANDI

Abituriyent-2019

Kecha mamlakatimiz poytaxti va yana 12 ta shaharda 2019/2020-o‘quv yilida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari boshlandi.

Davlat test markazi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 66 ta katta sig‘imdagi bino, shu jumladan, viloyatimizda Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining yengil atletika maneji va 2 ta sport zali hamda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 2 ta sport zali tayyorlandi.

- Belgilangan tartibda yirik konditsionerlar, kuzatuv kameralari, to‘lqinni to‘suvchi qurilmalar, katta soatlar, videoproyektorlar va ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan bu beshta binoning umumiy sig‘imi bir vaqtning o‘zida 3210 nafar abituriyentning test topshirishi uchun mo‘ljallangan, - deydi Davlat test markazining viloyat bo‘limi rahbari Bektosh Shodiyev.

- Test sinovlari kuniga ikki smenada o‘tkazilayapti. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi. 29-iyul kuni birinchi navbatda test topshirish uchun 3037 nafar, ikkinchi smenada 3163 nafar abituriyent kelgan, ya’ni test sinovlarida ishtirok etishi lozim bo‘lgan 6420 nafar abituriyentdan 220 nafari noma’lum sabablarga ko‘ra bu jarayonda qatnashmagan.

Abituriyentlarning ota-onalari va jamoatchilik vakillari kirish test sinovlarini onlayn tarzda kuzatib borishlari uchun maktab-internat va institut yaqinidagi hududlarda qulay va soya-salqin joylar hozirlanib, katta monitorlar o‘rnatilgan. Shuningdek, internet tarmog‘ida test2019.uz sayti orqali test jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan.

Viloyatimizda respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari topshiradigan abituriyentlar umumiy soni 87 ming 174 nafarni tashkil etgani bois Qarshi shahrida bu jarayon 11 avgustga qadar (shu kun  ham qo‘shib hisoblanadi) davom etadi.

O‘z muxbirimiz

Sobir NARZIYEV olgan surat.