Ma'naviyat 20.08.2019 47

KITOB, O‘QISH VA UQISH HAQIDA

Ibratli hikmatlar

Ilm - dunyodagi eng qudratli kuch. U kishilarni kamolot sari yetaklovchi, insoniyat taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy omildir.  Ilmga esa kitob, o‘qish va uqish orqali erishiladi. Bu turli makon va zamonlarda yashab ijod qilgan faylasuflar, olimlar, ijodkorlar tomonidan ham birdek e’tirof etilgan. Quyida ana shunday fikrlardan eng saralarini to‘pladik.

*   *   *

Kitob insoniyat ijodiyotining chinakam hayratlanarli va e’tiborga loyiq belgisidir. Kitoblarda kechmish zamonlarning aql-idroki yashaydi, hoki-tuproqlari tush singari allaqachonlar to‘zg‘ib ketgan odamlarning ovozi burro va aniq yangrab turadi. Insoniyat yaratgan, qayta-qayta o‘ylab ko‘rgan va u erishgan narsalarning bari - xuddi sehrli sandiqday kitoblar sahifasida saqlanib qolgan.

Tomas Karleyl,ingliz adibi, tarixchi va faylasuf

*   *   *

Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.

Amir Temur

*   *   *

Kitoblar orzu-istak tug‘diradi, uni hayotga chorlaydi, kishini fikrlashga majbur etadi, muhokamalarda mustaqil bo‘lish qobiliyatini tarbiyalaydi.

Stanislav Strumilin, ukrain iqtisodchisi

*   *   *

Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir.

Stefan Sveyg, avstriyalik adib va jurnalist

*   *   *

Mushohada yuritmay turib, qancha ko‘p o‘qisangiz, shuncha ko‘p bilayotganga o‘xshayverasiz, agar o‘qiyotganda qanchalik ko‘p mushohada yuritsangiz, shu qadar oz narsa bilishingizni aniqroq his etasiz.

Volter, fransuz faylasufi

*   *   *

Dunyoda o‘qiydigan kitoblar juda ko‘p. Eng baxtli kitobxon kerakli kitoblarni tanlab o‘qiy oladigan kitobxondir.

… Hamma narsani o‘qiyverish yaramaydi, dilda tug‘ilgan savollarga javob bera oladigan kitoblarnigina o‘qish kerak.

Lev Tolstoy, rus adibi

*   *   *

Kitob bo‘lmasa, kitobdan yog‘ilib turgan ziyo bo‘lmasa, inson taraqqiyotning hozirgi yorug‘ cho‘qqisiga yetmas edi.

G‘afur G‘ulom

*   *   *

Bobokalonlarimiz kitob topishga qiynalar edilar, hozir esa biz kitob tanlashga qiynalamiz. Mutolaa uchun juda ziyrak bo‘lmoq kerak.

Jon Lebbok, ingliz didaktik yozuvchisi

*   *   *

Agar kitob yurakda jasorat va olijanoblikni uyg‘otib, qalbga ko‘tarinkilik baxsh etsa, uni ayni o‘sha tuyg‘ular bilan baholang: bu san’atkor qo‘li bilan yaratilgan chinakam asardir.

Jan de Labryuyyer, fransuz axloqshunosi

*   *   *

Mutolaa insonni bilimdonlik sari, suhbat topqirlik sari yetaklaydi.

Frensis Bekon, ingliz faylasufi

*   *   *

Kim kitobni sevsa, u hech qachon sodiq do‘sti, xaloskor maslahatgo‘yi, quvnoq birodari, haqiqiy yupatuvchisi yo‘qligini sezmaydi. O‘qish, o‘rganish, fikr yuritish bilan odam o‘zini beixtiyor ovutadi va bo‘sh vaqtini taqdirning barcha kutilmagan hollarida ham ko‘ngilli o‘tkazadi.

Isaak Barrou, ingliz olimi

*   *   *

Ilmiy adabiyot kishilarni jaholatdan, nafis adabiyot esa dag‘allik va razillikdan xalos etadi.

Chernishevskiy, rus faylasufi

*   *   *

Mutolaaning uch xili mavjud: birinchisi, o‘qib tushunmaslik, ikkinchisi, o‘qib tushunish, uchinchisi, o‘qish va hatto yozilmagan narsani ham anglab yetish.

Yakov Borisovich Knyajnin, rus dramaturgi

*   *   *

Agar biz bilim orttirish niyatida kitob o‘qir ekanmiz, shoshmay o‘qishimiz, kitoblarda uchraydigan jami bizga notanish, o‘rganishni istagan narsalarimizni yozib borishimiz darkor.

Emil Fage, fransuz adabiyotshunosi

Gulnoza XOLMURODOVA to‘pladi.