So'nggi yangiliklar 02.04.2019 5

KITOB - TARBIYANING ENG TA’SIRCHAN VOSITASI

Viloyat axborot-resurs markazida 2 aprel - Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan  “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” mavzusidagi tadbir va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Viloyat axborot-resurs markazi, viloyat qo‘g‘irchoq teatri, qator ta’lim muassasalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, mahalla faollari, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ochiq eshiklar kuni tarzida tashkil etilgan uchrashuvda  bolajonlar adabiyot olamiga sayohat qilishdi. Viloyat axborot-resurs markazida yaratilgan imkoniyatlar, darslik va badiiy adabiyotlar, ma’lumotlar bazasi, elektron resurslar bilan tanishishdi. O‘g‘il-qizlarimizning yetuk insonlar bo‘lib kamolga yetishi, o‘ziga munosib kasb tanlashida oiladagi kitobsevarlik muhitining ahamiyati, bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatishda ota-onaning o‘rni xususida so‘z bordi.

- Kitob - tarbiyaning eng ta’sirchan vositasi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Jo‘rayev. – Mutolaaga oshno tutingan boladan yomonlik chiqmaydi. Farzanlarimizdagi kitobga mehr esa, avvalo, oilada kamol topadi. Ota-onalar farzandiga namuna, o‘rnak bo‘lishi lozim.

O‘quvchi-yoshlarning kitob haqidagi she’rlari, qo‘shiqlari, sahna chiqishlari, jozibali raqslari tadbirga yanada fayz kiritdi. 

Markazda badiiy kitoblar ko‘rgazma-savdosi ham tashkil etilib, unda ota-onalar qiziqarli kitoblar sotib olib, farzandlariga sovg‘a qilishdi. 

  S.ALLAYOROVA