Jarayon 06.08.2019 41

Kitobda Ayoqchi sel suv ombori quriladi

2019-yil 29-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror qabul qildi.

Ushbu loyihaga asosan hududda 2023-yilning 1-sentabriga qadar sig‘imi 16,8 million kub metr, qurilish qiymati  ekvivalentda 32 million 277 ming 800 AQSH dollariga teng yirik suv inshooti barpo qilinadi. Bundan hududdagi yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilash, sel-toshqin suvlarining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, meva-sabzavotchilik va chorvachilikni rivojlantirish maqsadi ko‘zlangan.

Ma’lumki, Kitob tumanining katta qismini Zarafshon va Hisor tizmalariga tutash tog‘oldi hududlar tashkil etadi. Joylashuviga monand, hududda kuz, qish, ayniqsa bahor oylarida ko‘p yog‘ingarchilik kuzatiladi.

- Qurilishi ko‘zda tutilayotgan suv omboriga Kitobning Zarafshon tizmalariga tutashib ketgan qir-adirlariga tushgan yog‘ingarchiliklardan hosil bo‘lgan sel-toshqinlar kelib quyiladi, - deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Asqar Rajabov. - Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, hududda qariyb 5 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari suv ta’minotini yaxshilash, dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik faoliyatini kengaytirish imkoniyati tug‘iladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tog‘ yonbag‘irlarida yog‘ingarchiliklardan hosil bo‘lgan sel-toshqin suvlari hozirda Kengsoy tabiiy o‘zani orqali Ayoqchi daryosiga borib qo‘shiladi. O‘zan esa bir necha aholi punktlarini oralab yoki yaqinidan o‘tgan.

- Deyarli har yog‘ingarchilik mavsumida, ayniqsa joriy yilgi bahor oylaridagi kabi kuzatilgan kuchli jala va yomg‘irlardan to‘yingan sel-toshqin suvlari Ayoqchi, Jilisuv, Makrid, Qashqadaryo, Fayzobod kabi mahallalarda yashovchi aholining ayrim mulklariga, qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy xavf solardi, - deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Jabbor Rahmonov. - Hududda sel suv omborini qurish loyihasining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi esa kelgusida sel-toshqin suvlarining atrofga salbiy ta’sirini yumshatishga, uning turli obyektlar, ekinzorlarga zarar yetkazishining oldini olishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.

Mutaxassislarning bayon qilishicha, dengiz  sathidan 1500 metr atrofidagi balandlik nuqtasida qurilishi mo‘ljallanayotgan Ayoqchi sel suv   ombori nafaqat Kitob qishloq xo‘jaligi yerlarini kafolatli suv bilan ta’minlash, balki ehtiyoj ortgan pallalarda qo‘shni tumanlardagi muayyan ekinzorlarga ham bu yerdan "obi-hayot" boshqarish imkonini beradi.

O‘z muxbirimiz