Ma'naviyat 27.12.2018 221

KO‘HNA QISHLOQ ZIYORATI

Vatan ostonadan boshlanadi

KO‘HNA QISHLOQ ZIYORATI

Yoxud suv ostidagi saroylar sinoati

(Esse)

- Dada, anovi tepalikni kim qurgan?

- Bilmadim, bolam...

- Axir, nega bilmaysiz?

(Ota-bola suhbatidan).

Odam bolasi yoshi ulg‘aygan sari o‘tmishga ko‘proq murojaat qiladigan, oilasi, urug‘-aymog‘i, qishlog‘i, yurti haqida ko‘proq bilishga ehtiyoj sezar ekan. Gurunglarda kimdir gapni aylantirib "Mening bobom chavandoz bo‘lgan" yoki "Mening bobomning suruv-suruv qo‘ylari bo‘lgan", deb maqtanib qoladi. Ichingizda unga havasingiz keladi. Xo‘sh, mening ajdodlarim kim bo‘lgan, qanday yashagan, deb o‘z-o‘zingizga savol berasiz. Bu savol sizni tinch qo‘ymaydi, keksa kishilardan fursat topib, surishtirasiz, javob topsangiz, eshitganlaringizni bolalaringizga, nabiralaringizga bot-bot so‘zlab berasiz.

Ammo javob topolmasangiz, nima qilasiz? Maktabda o‘qiydigan bolangiz yo nabirangizning tarix kitobini titkilab ko‘rasiz. Rangli suratlarni tomosha qilib,  ma’lumotlarni o‘qib chiqasiz. Ammo negadir qoniqmaysiz, o‘zingiz istagan "narsa"ni topolmaysiz...

Qiztepaning qirq malagi

Qishlog‘imizning kunbotarida baland tepalik bor. U bizga bolalikdan tanish, necha bor ustiga chiqib, o‘ynaganmiz, atrofida qo‘y-qo‘zi boqqanmiz. Lekin bu qanday tepalik, kim qurgan, kimlar yashagan, bilmaymiz. Ajdodlarimiz esa tepaliklarga Qiztepa, Jangaltepa, Bo‘ritepa deb ajabtovur nomlar qo‘yishgan. Rahmatli Bibisora ammam aytardi: "Qiztepada qirq malak yashiringan. Yarim kechada tuynuk ochilib, qizlar tashqariga chiqadi. Gulxan yoqib, o‘yin-kulgi qilishadi, tong oqarishi bilan yana makonlariga berkinib olishadi. Ularni ko‘rgan odam yo jinni yoki devona bo‘ladi".

Bir necha yil tepalik atrofida qo‘y boqib cho‘ponlik qilgan Rasul bobo Mamatov esa u yerda olov yolqinini ko‘rganini va ovozlar eshitganini hamon gurunglarda hayratlanib so‘zlab yuradi.

Tarixchi olim Poyon Ravshanov Qiztepa haqida yozar ekan, bu tepalikda topilgan ashyolar orasida ayollarning o‘sma qo‘yadigan mitti idishlari va boshqa pardoz buyumlari borligini e’tirof etgan.

"Markazga yashik-yashik buyumlarni jo‘natganmiz..."

- Elliginchi yillarning oxiri edi, - deb so‘zlaydi keksa muallim Hasan Ravshanov.- Maktabni tugatgandim. Chimqo‘rg‘on suv ombori qurilishi    tufayli qishlog‘imiz aholisini Jonbo‘zsoyga ko‘chirish boshlandi. Tepaliklarni va boshqa tarixiy joylarni o‘rganish uchun poytaxtdan shoshilinch ravishda qadimshunos olimlar kelishib, ishga kirishishdi. Qazish ishlarida men ham ikki yil ishladim.

Guruh rahbari Sergey Kabanov bilimdon, ajoyib inson edi. Eh, bu tepaliklardan qanchadan-qancha noyob osori atiqalar - sopoldan yasalgan har-xil uy-ro‘zg‘or buyumlari, loydan yasalgan turli hajmdagi haykallar, qadimgi tangalar, qurol-aslahalar topganmiz. Markazga yashik-yashik buyumlarni jo‘natganmiz... Tekshiruv natijasida 20 dan ko‘proq yodgorliklar hisobga olindi. Ayniqsa, Ovultepa, Kindiklitepa, Jangaltepalar olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu tepaliklardan topilgan sopol buyumlari eramizdan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalariga tegishli ekanligi bilan  ajralib turardi. Shuning o‘ziyoq bu makonda odamlarning o‘troq hayot kechirishi, hunarmandchilikning esa rivojlanganligini ko‘rsatadi. Jangaltepadan esa katta bir oilaning yaxshi saqlangan tobutlari chiqqandi...

Tepabobo karomati

Shu o‘rinda  bolaligi  suv ombori ostida  qolgan Naymansaroy qishlog‘ida o‘tgan shoir va adib  Yo‘ldoshbek Kenjaning  olis kechmish haqidagi so‘zlariga quloq tutsak.

- Uyimiz yaqinida Tepabobo degan gaza bo‘lardi. Olti yoshlarda edim. Jo‘ralarim bilan To‘lg‘onoy momoning uyi yonidagi  tepalikka o‘ynagani chiqar edik. Biz bolalarning nazarida tepalik dunyodagi eng baland joy bo‘lib, ko‘zimizga qudratli, yengilmas qo‘rg‘on bo‘lib ko‘rinardi. U - bizning mitti Vatanimiz edi. Kunlarning birida  tepalikni buzgani bahaybat buldozerni olib kelishdi. Qishloq  ahli  tomoshaga chiqdi. Bobolarning, momolarning ko‘zlaridan yosh yumaladi. Buldozer esa tepalikka xuddi toshbaqadek o‘rmalab chiqa boshladi. Keyin esa birdan buldozer ko‘rinmay  qoldi. Odamlar tepalikka qarab chopishdi. Traktor tepalikdan ochilgan ulkan tuynuk og‘zida muallaq turar, uning  haydovchisi esa kabina ichida hushsiz yotardi. Haydovchini bir amallab tortib olishib, shifoxonaga olib ketishdi. Buldozer esa tepalik  og‘zida uzoq muddatga "asir"likda qoldi.

Kunlarning birida tepalik ustida o‘ynab yurib, bexosdan qandaydir chuqurga tushib ketdim. Jo‘ralarim otamga xabar bergani qishloqqa chopib ketishdi. Men esa, bilsangiz, o‘zga bir dunyoga tushib qolgandek edim. Xarobaga aylangan ulkan saroy, devorlarda turli rasmlar, buyumlar, haykalchalar turardi. Daryo tarafga ketadigan yo‘lakka esa tosh to‘shalgan.  Otam kelib, menga arqon tashlab, tortib oldi. Tepalik ichida ko‘rganlarimni uydagilarga, do‘stlarimga so‘zlab berdim. Keyinchalik shu tepalikda tekshirish ishlari olib borgan S.Kabanov, Z.Usmonova, T.A’zamxo‘jayevaning asarlaridan  men bolaligimda ko‘rgan saroy mahobatli So‘g‘d imorati ekanligini bildim. Demak, bolalik tasavvurlarim meni aldamagan ekan.

Vohamizning  o‘rta qismidagi qadimiy manzillar 1971 yilda yana tekshiruvdan o‘tkazildi va qadim ajdodlarim tomonidan yasalgan ko‘plab osori-atiqalar topildi. Ayniqsa, Jangaltepadan topilgan go‘daklarning mitti emiziklari diqqatga loyiq. Shu topilmaning o‘zi ham ajdodlarimizning bolalar tarbiyasiga katta e’tibor berishini va bolajon bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Chokartepa, Do‘stberditepa, Bayramtepa, Qoratepa, Irzotepa, Oydonatepalar ham o‘tmishimizdan ko‘plab sir-asrorlarni o‘z bag‘riga olgani bilan muhimdir.

"Meni kimlar chaqirgan ekan?"

Kechqurun qo‘shnim Abdixoliq traktorchi chaqirib koldi.

- Hamsoya, darrov biznikiga o‘ting, ko‘hna qishloqni ziyorat qilib keluvdik, bir gurunglashaylik.

Hayallamay o‘tib, qo‘shnimga "ziyoratingiz qabul bo‘lsin!", deb tilak bildirdim. U ham "murodingiz  hosil bo‘lsin!" deya javob qaytardi.

- Har yili bir jonliqni so‘yib, o‘sha joyga borib kelmasam, negadir ko‘nglim alag‘da bo‘lib yuradi, kechalari uyqum  qochib, bosinqirab chikaman, - deydi u gurung asnosida. - Ziyoratga borib kelgach, bari joyiga  tushadi, ko‘nglim ham tinchiydi, ishlarim ham baroridan kelaveradi. Mana, siz domlasiz, uncha-muncha yozuv-chizuv qilasiz, ayting-chi, meni tunlari o‘zi tomon chaqirgan ovozlar qayerdan keladi yoki bu bobokalonlarimizning ruhimikin?

- O‘shalar bo‘lsa kerak, - deyman suhbatdoshimni tinchlantirib, - bunday holat faqatgina sizda emas, barchada sodir bo‘lib turadi, ammo ko‘pchilik bunga e’tibor qilmaydi. Shunchaki o‘tkinchi holat  deb hisoblaydi...

Tushmidi, ertakmidi?

Bu yog‘ini so‘rasangiz, Abdixoliq traktorchi o‘zi aytayotgan "ko‘hna qishloq"da emas, hozirgi Jonbo‘zsoyda tug‘ilgan.  Ammo otasi Yusuf bobo aytib bergan, bugungi kunda Chimqo‘rg‘on suv ombori tagida qolgan eski makon haqidagi g‘aroyib xotirotlar hamon uning yodida.

U otasi aytgan sirli "ertak"ni eslaydi:

- Ey, bolam, unday maskan bu o‘rtada yo‘q edi-yov, bir tomoni daryo, yana bir tarafi bepoyon dashtlik, o‘rtasida bizning qishloq, o‘tloqlar, jarliklar, tepaliklar, bog‘lar, chorbog‘lar, to‘qayzorlar... Daryo bo‘yi keta-ketguncha qamishzor, o‘rdagu g‘oz, tuvaloq, tustovuq, bedana, kaklik, turnalarning koni edi. Bo‘ri, tulki, shoqol, quyon, jayraning, jondoru jonzotning makoni edi. Dasht tarafdan gala-gala kiyiklar suvlagani kelardi. Navro‘z kelar-kelmas bola-baqra, yosh-qari adirga chiqardik, Kenglikni esa o‘t-o‘lan, giyoh, maysa qoplagan. Qoqi, tuyato‘ppa, ismaloq, chiriygul har qadamda uchrar, yeganimiz bug‘doy non, sorimoy, sut-qatiq, qatron edi.

Bog‘lardagi uzum, shaftoli, zardoli, pista-bodom, jiyda, olma, anorni aytmaysiz-a, hozirgi pomidor, kartoshka deganlari u paytlari yo‘q edi. Ot-yilqilarimiz, sigir-buzooqlarimiz qamov ne, tushov nima bilmas, dayravotda tug‘ib, ertasiga bolasini ergashtirib kelaverardi. Qishloq bolalari yalanglikda chillak, zuvillatar, lov-lov taka, oshiq kabi o‘yinlar bilan kunni kech qilsa, qizlar happak, quvlashmachoq, qora qush o‘ynashardi. Ko‘ngillar orzularga to‘la edi, xastalik na, shamollash nima, bilmasdik. Yalangbosh, yalangoyoq yurardik. Tuproq toza, suv zilol, havo musaffo edi-da.

Qo‘rg‘onlari asragan manzil

Ayting, shunday makonda ulg‘aygan o‘g‘lon Alpomish, qiz Barchinoy bo‘lmay, kim bo‘lsin? Qishloqning qoq o‘rtasida choyxona, machit bo‘lib, oqshom tushishi bilan odamlar to‘planishib, rivoyatu g‘aroyibotlardan suhbat qurishar, Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avazxonni o‘qishar, ba’zida esa Ahmad maxsum, mulla Ibrohim, Asadulla maxsum galma-gal Yassaviy, So‘fi Olloyor, Navoiy, Mashrab, Bedildan g‘azallar o‘qirdi.

Kelinchaklar, qizlar kayvoni momolardan o‘rmak  to‘qishni, kashta tikishni, urchuq yigirishni, chanqovuz chalishni o‘rganishardi. Hovlilar bir-biri bilan tutashib ketgan, na devor,  na to‘siq, na darvoza bor edi. Eshiklar qulf nima bilmas, faqat Noroy kampirgina jarang-juring etib ochiladigan, buxorocha sandig‘ining kalitini sochboviga boylab, ko‘z-ko‘z qilib taqib yurardi.

Odamlar bir-birlari bilan og‘a-ini, qadrdon edi. Garchi qishloq So‘fi guzar, O‘rta guzar, Shayton guzar degan uch dahaga bo‘linsa-da, to‘yi, ma’rakasi bir edi.

Ey, to‘ylarni aytmaysizmi, to‘ylari kurashsiz, ko‘pkarisiz o‘tmas, har bir qishloq o‘z polvonlari, chavandozlari bilan maqtanardi. Maydonda esa or, sha’n, obro‘ o‘rtaga tikilar, g‘iybat, hasad, ichiqoralik yo‘q edi. Halollik baridan ustun edi-da. Odamlar mol-dunyo, boylik, mansab degan inson bolasini xudbin, toshbag‘ir qiladigan illatlardan xoli, bir bovur bo‘lgan.

Chunki bu makonni turli balo-qazolardan, ofatlardan asraguvchi buyuk qo‘rg‘onlar, asriy, sir-sinoatlarga boy ulug‘ qadamjolar o‘rab turardi.

***

Ha, elning xotirasi misoli tosh kitob, uni na olov, na suv yo‘q qilolmaydi. Jonbo‘zsoyliklar tilida "Vatan" deb nomlangan sirli makon haqida bolalariga, nabiralariga otalar, onalar sog‘inch bilan ertak so‘zlaydi.

Kuni kecha hamqishloqlarim qadim maskanlarini ziyorat qilgani jo‘nab ketishdi…

O‘rolboy QOBIL, Qamashi.